Jahon | 13:15 / 27.05.2025
4945
10 daqiqa o‘qiladi

HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shveytsariya Isroilning yordam fondiga nisbatan tekshiruv boshladi

Shveytsariya AQSh va Isroil ko‘magida G‘azo sektoriga gumanitar yordam tarqatish uchun tuzilgan Gaza Humanitarian Foundation (GHF) bo‘yicha dastlabki surishtiruv o‘tkazmoqda. Reuters agentligining xabar berishicha, hozirda GHF jamg‘armasi faoliyatini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish masalasi hal qilinmoqda.

Tekshiruv TRIAL International nodavlat tashkiloti talabiga binoan Shveytsariyaning EDA nazorat organi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu NNT xuddi shunday murojaatni ESA fondlarni nazorat qilish organiga ham yubordi.

Xususiy GHF jamg‘armasi Isroilning G‘azo sektori aholisiga yordam yetkazish rejasining bir qismi sifatida maxsus yaratilgan. Ushbu reja doirasida GHF insonparvarlik yordamini tarqatish markazlarini yaratish bo‘yicha monopol huquqlarni samarali olishi kerak edi va bundan buyon barcha xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT shafeligida faoliyat yurituvchi tashkilotlar ham yordamlarni faqat ushbu fond orqali amalga oshirishi mumkin edi.

BMT Isroilning rejasini qattiq tanqid qildi. Ba’zi kuzatuvchilar uning moliyaviy tuzilmasining shaffof emasligini ta’kidlaydi.

Gaza Humanitarian Foundation — 2025 yil fevral oyida AQShda tashkil etilgan notijorat tashkilot bo‘lib, AQSh va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Lekin katta miqdordagi yordamini taqsimlashni maqsad qilgan tashkilot — BMT va boshqa insonparvarlik tashkilotlari tomonidan yordamni siyosiylashtirishda, betaraflik va mustaqillik tamoyillariga zid harakat qilishda ayblamoqda. Ayniqsa, tashkilotning yordam markazlarining joylashuvi tufayli — muhtojlar xavfli hududlardan o‘tishga majbur bo‘lmoqda, bu esa xalqaro humanitar huquq normalariga zid deb baholanmoqda. Ushbu ayblovlar ortidan GHFning ijrochi direktori Jyeyk Vud ham 25 may kuni lavozimidan iste’foga chiqqan.

Tramp Putinni “telba” deb atadi

AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Ukraina shaharlari bo‘ylab 12 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yopirilma zarbalardan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putinni keskin ohangda tanqid qildi. Tramp oldin ham Putinning harakatlarini qoralagan, bu safargi so‘zlar esa Istanbulda tinchlik muzokaralarini qaytadan boshlashga urinish fonida yangradi.

Rossiya qurolli kuchlari bir necha kundan buyon ketma-ket Kiyev va boshqa Ukraina shaharlari ustiga dronlar va raketalar bilan hujum uyushtirmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp bu hujumlar borasida to‘xtalib, sabr-toqatini yo‘qotayotgani haqida yozdi va Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «telba» deb atadi.

«Men har doim Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lganman, ammo u bilan nimadir sodir bo‘ldi. U mutlaqo TELBA bo‘lib qoldi! U behudaga ko‘p odamlarni o‘ldiryapti — bu yerda gap faqat askarlar haqida emas. Hech qanday sabab bo‘lmasdan Ukraina shaharlari ustiga raketalar va dronlar uchirilmoqda», – deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Trampning haqoratiga Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov «hissiy yuklama ta’siri», deya baho berdi.

«Amerika tomoni sa’y-harakatlari bilan boshlangan muzokaralar jarayoni juda muhim yutuq. Biz amerikaliklar va shaxsan prezident Trampdan chin dildan minnatdormiz. Albatta, shu bilan birga, bu mutlaqo hamma uchun hissiy yuklama va hissiy reaksiyalar bilan bog‘liq bo‘lgan juda muhim lahzadir», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Peskovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda prezident Vladimir Putin «mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan qarorlarni qabul qilmoqda».

Tramp, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham o‘z mamlakatiga foyda keltirmaydigan tarzda gapirayotgani va u buni to‘xtatishi kerakligini aytgan:

«Xuddi shuningdek, prezident Zelenskiy ham o‘z mamlakatiga foyda keltirmaydigan tarzda gapiryapti. Og‘zidan chiqqan har bir so‘z muammo tug‘dirmoqda. Bu menga yoqmaydi va bu darhol to‘xtashi kerak», degan Tramp.

Zelenskiy yakshanba kuni Rossiyaning yangi hujumlari fonida AQSh va boshqa davlatlarning «sukut saqlayotganini» tanqid qilgan edi.

Liverpuldagi bayram fojia bilan yakunlandi

Angliyada 26 may kuni Liverpul futbol klubining Premer-ligadagi g‘alabasini nishonlayotgan olomon ustiga haydovchi mashinasini haydab yuborishi oqibatida bir bola va bir katta yoshli shaxs og‘ir tan jarohati oldi, jami 50 ga yaqin odam jabrlangan.

Voqea yuzasidan 53 yoshli erkak qo‘lga olindi. Politsiya bu harakatni terrorchilik emas, yakka holat deb baholamoqda. Hozircha voqea sabablariga aniqlik kiritilmagan.

Favqulodda xizmatlar uch kishi va bir bolani mashina ostidan chiqarib olgan. 27 nafar jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan, yana 20 nafari joyida davolangan.

Hodisa Liverpul markazida, jamoa usti ochiq avtobusda 10 millik parad o‘tkazayotgan bir paytda sodir bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda qora mashina tezlikda olomonga kirib borayotgani va odamlar yerga yiqilayotgani aks etgan. Bosh vazir Keyr Starmer hodisani «jirkanch» deb atab, jabrlanganlarga hamdardlik bildirdi va tergov uchun politsiyaga imkon berishni so‘radi.

Liverpul futbol klubi jabrlanganlarga hamdardligini aytib, Favqulodda xizmatlarga to‘liq ko‘mak berishini ma’lum qildi.

AQSh vositachisi HAMASga asosiy kelishuv loyihasi taklif etdi

AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff CNNga bergan intervyusida G‘azo bo‘yicha asosiy kelishuv loyihasi taklif etilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu reja urushni to‘xtatish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin va u Hamasdan bu kelishuvni qabul qilishni so‘radi.

Taklifga ko‘ra:

  • HAMAS tirik garovga olinganlarning yarmi va halok bo‘lganlarning yarmini ozod qiladi;
  • Buning evaziga vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinadi;
  • So‘ngra doimiy sulh bo‘yicha asosiy muzokaralar boshlanadi, ularga Uitkoff boshchilik qiladi.

U vaqtinchalik sulh qancha davom etishini ochiqlamadi. HAMAS bu reja bo‘yicha hali aniq javob bermagan. Ayrim manbalarga ko‘ra, HAMAS bu rejaga rozi bo‘lgan, ammo tafsilotlar oshkor qilinmagan.

Oldinroq Reuters nashri, HAMAS 70 kunlik sulh evaziga 10 garovni ozod qilishga rozi bo‘lganini yozgan edi. Biroq Uitkoff bu taklifni rad etib, «qabul qilib bo‘lmaydigan variant», deb atadi.

Uitkoff HAMAS rasmiylari bilan bevosita uchrashmagan. Muzokaralarda AQSh nomidan falastin-amerikalik tadbirkor Bishara Bahbah qatnashgan. U ilgari «Tramp uchun arab-amerikaliklar» guruhini boshqargan.

Yangi sulh taklifi urushda keskin pallaga to‘g‘ri keldi. Isroil armiyasi G‘azoning janubiy qismini, xususan Xon Yunus shahri va unga tutash hududlarni bo‘shatish bo‘yicha buyruqlarni bergan. Isroil armiyasi hozirda G‘azoda 5 ta diviziya - o‘n minglab askar bilan faoliyat yuritmoqda.

Shu bilan birga, Isroilga nisbatan YeI, Britaniya va Kanada tomonidan ham xalqaro bosim oshib bormoqda.

Makron Vetnamga tashrifi chog‘ida rafiqasidan shapati yedi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Vetnamga tashrifi chog‘ida rafiqasi Brijitdan tarsaki yedi.

Hodisa Fransiya prezidenti samolyotining eshigi ochilgan vaqtda yuz berdi. Videolavhada Makron yuziga tarsaki tushirilgani ko‘rinadi. Birozdan keyin prezident va birinchi xonim xotirjam holda samolyotdan tushib keladi.

Yelisey saroyining ta’kidlashicha, Makron va uning rafiqasi shunchaki «hazillashishga qaror qilgan», bu ularning rasmiy tadbir oldidan «xotirjam bo‘lib olish usuli» hisoblanadi. Liberation xabariga ko‘ra, Yelisey saroyi buni «fitna nazariyotchilari e’tiboriga tushishga arziydigan hodisa emas», deb hisoblaydi.

Suriya rasmiylari: Asad davrida 8 mln kishi kuzatuv ostida bo‘lgan

Suriya prezidenti Bashar Asad hukmronligi davrida mamlakat maxsus xizmatlari sakkiz millionga yaqin odam ustidan kuzatuv olib borgan, qidirgan yoki ma’lumotlar yig‘gan, deb xabar berdi yangi hukumat ichki ishlar vazirligi.

«Gap maxsus xizmatlar va boshqa idoralar ma’lumotga ega bo‘lgan Suriya xalqining deyarli uchdan bir qismi haqida ketmoqda», — deya idora vakilining so‘zlaridan iqtibos keltiradi dpa agentligi. Unga ko‘ra, sakkiz milliondan ortiq odam siyosiy sabablarga ko‘ra maxsus xizmatlarning kuzatuviga tushgan. Bu ko‘pincha «terrorizmda» ayblangan, hibsga olingan, qamoqqa tashlangan yoki kuzatuv ostida bo‘lgan namoyishchilar va rejim muxoliflariga tegishli.

Ko‘p odamlar nazorat ostida bo‘lganliklarini faqat nazorat-o‘tkazish punktlarida qo‘lga olinganda yoki mamlakatni tark etishga uringanlarida bilgan, dedi Suriya hukumati rasmiysi.

2024 yil oxirida Suriyadagi muxolifat boshchiligidagi Ahmad ash-Shar’a Damashqni egallab, diktator Bashar Asadni ag‘dardi. Asad va uning oilasi Rossiyaga qochib ketdi.

Mavzuga oid