Jahon | 23:08 / 27.05.2025
5398
4 daqiqa o‘qiladi

Okeandagi oldi-berdi: Britaniya Chagos orolini nega topshirdi?

Keling bugun samarasiz diplomatiya va mantiqsiz urush mavzularidan chalg‘ib, qiziqarli bir voqea haqida gaplashamiz. Oxirgi haftalik dayjestimizda Britaniya Mavrikiyga Chagos orollarini qaytib berganiga to‘xtalgandik. Quyida bu mavzuga kengroq to‘xtalamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qanday joy bu o‘zi?

Avvalo Chagos arxipelagi qanday joy ekani haqida ikki og‘iz. Chagos Hind okeani o‘rtasida joylashgan bir nechta orollardan iborat hudud. Umumiy maydoni 60 km. kvadrat. Bu orolda 3 ming nafar atrofida mahalliy aholi yashashi aytiladi. Umumiy hisobda 4 ming nafarga yaqin odam asosan oroldagi AQSh va Britaniyaga tegishli harbiy bazaga xizmat ko‘rsatish uchun Chagosda yashaydi.

Diyego-Garsiya harbiy bazasi bu orolni ahamiyatli qiladigan muhim obekt hisoblanadi. Orol Hind okeani qoq markazida joylashgani uchun undan Yaqin Sharqqa ham, Afrikaga ham, Osiyoga ham tezda yetib borish mumkin. Masalan, AQShning Yaqin Sharqdagi missiyalarini bajaradigan harbiy samolyotlari aynan mana shu oroldagi bazadan osmonga ko‘tariladi.

Britaniya yutqazgan sud

Buyuk Britaniya qirolligi 1814 yilda Chagos arxipelagi ustidan nazorat o‘rnatgan. O‘shanda inglizlar orolni Fransiyadan olib qo‘ygandi. 1960-70 yillarda Britaniya oroldagi mingdan ortiq tinch aholini majburlab haydab chiqarib AQSh harbiy bazasi qurilishiga ruxsat beradi. 1965 yil Chagos Mavrikiy tarkibidan ajratib olinadi. O‘shanda Mavrikiy ham hali Britaniya tasarrufida edi. Qirollik orolni 3 million funtga sotib oladi.

London doim oroldan mahalliy aholi haydab chiqarilgani uchun uzr so‘rab keladi. Orada ikki davlat sudlasha boshlaydi. 2019 yil xalqaro sud Britaniyaga Chagosni to‘liq topshirishni buyuradi. Yangi kelishuvga ko‘ra endilikda Britaniya har yili oroldagi harbiy baza ijarasi uchun 101 million funt to‘laydi.

Rossiyaning nima aloqasi bor?

Yuqorida orolning eng muhim jihati uning joylashuvida ekanini aytgandik. Lekin yana bir jihat bor: oxirgi yillarda Mavrikiy Xitoy, Eron va Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilab keladi. Bu esa amerikaliklarda xavotir uyg‘otishi aniq. Masalan, davlat kotibi Rubio bu haqda ochiq gapirgandi.

Aslida AQSh orol Mavrikiyga topshirilishi tarafdori bo‘lmagan, lekin Tramp Starmer bilan Vashingtondagi uchrashuv vaqtida bu ishga rozilik bergan. Ingliz nashrlariga ko‘ra, Britaniya hududda Rossiya yoki Xitoy har qanday harbiy obekt qurmasligini Chagosni topshirishning asosiy talabi sifatida qayd etgan.

O‘tgan hafta Britaniya bosh vaziri Chagosni topshirish bo‘yicha hujjat imzolashidan sal avval qiziq bir voqea sodir bo‘ladi. London Oliy sudiga ikki chagoslik tub aholi vakili murojaat qilib, orolni topshirish bo‘yicha mahalliy aholi vakillaridan hech kim so‘ramaganini aytadi. Natijada sud bir muddat Britaniya hukumatiga orolni topshirishni taqiqlab qo‘yadi. Biroq kechga borib cheklov bekor bo‘lib, Starmer baribir hujjatga qo‘l qo‘yadi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid