Uchqo‘rg‘on hokimligi xodimi ikki ayolidan farzandlariga bir necha yillik aliment qarzini to‘lamayapti
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani hokimligida ishlovchi Temurmalik Rustamov sud qarori bo‘lishiga qaramay, 2 ta turmushidan bo‘lgan 2 nafar farzandiga anchadan beri aliment to‘lamagan. Ayni vaqtda unda 19,4 mln so‘m qarzdorlik mavjud. Nomida mulk yo‘qligi sababli MIB qarzdorlikni undira olmayapti, maoshidan esa oylik aliment to‘lovlari ushlab qolinmoqda.

Kun.uz'ga Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro N.Burhonova murojaat qilib, farzandi uchun aliment to‘lovlarini ololmayotganini bildirdi. Murojaatchiga ko‘ra, Uchqo‘rg‘on tumani hokimligida ishlovchi Temurmalik Rustamov 3 yoshli farzandi uchun bir necha yillik aliment to‘lovlarini to‘lamasdan yuribdi.
«Farzandim tug‘ilganidan keyin uzoq vaqt birga yasholmadik. 2022 yilda ota uyimga qaytdim, sentabr oyida aliment uchun ariza berdim. Alimentga berganimdan keyin ish bir oyda MIBga chiqdi.
Meni yana qaytarib olib ketishdi, oktyabrdan aliment ishi to‘xtatildi. Keyin yana uyimga qaytarib yubordi. Bundan keyin ham bir necha marta uyiga olib ketib, uylarni yig‘ishtirgizib, qaytarib yubordi. Shundan keyin Uchqo‘rg‘on tuman MIB rahbariga uchradim, oldingi vaqtlar uchun ham aliment qarzdorligini tikladik. Shundan so‘ng mashinasini sotib yubordi. O‘zi va oilasining moddiy ahvoli yaxshi, Temurmalik Rustamovning nomida hech qanday mulk yo‘q», deydi murojaatchi.
N.Burhonovaning aytishicha, Uchqo‘rg‘on tuman hokimligiga murojaatdan so‘ng hokimlik xodimi 2024 yil avgust oyidan beri aliment to‘lashni boshlagan. Lekin uning bo‘ynida 16 million so‘mdan ortiq aliment qarzdorligi bor.
«Temurmalik Rustamovning alimentdan qarzdorligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta xabarlar chiqarganimdan keyin sobiq qaynonam Q.U. mening ustimdan Chust tuman IIBga shikoyat qilibdi», deydi murojaatchi.
Chust tumani «Birlik» MFY profilaktika inspektori, katta leytenant Anvar Abdurahimov haqiqatda ham N.Burhonova ustidan 102 raqami orqali shikoyat kelib tushganini tasdiqladi. Lekin shikoyat mazmunini ochiqlay olmasligini bildirdi.
Uchqo‘rg‘on tumani hokimligi matbuot kotibi Rasuljon Madrahimovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Temurmalik Rustamov haqiqatda hokimlikda ishlaydi.
"U 2020 yilda o‘sha vaqtda tuman hokimligi mas’ul bo‘lgan 1-sektorda ishlagan. Keyin ishonchni oqlamagani uchun sektordan olinib, tumandagi mahallalardan birida yoshlar yetakchisi etib tayinlangan. U joyda ham 2 oy davomida ishlab, ishdan olingan. U 2020 yilda yoshlar yetakchiligidan ketgach, ishsiz yurdi.
Temurmalikning bolalari uchun aliment qarzdorligi borligidan xabarimiz bor. Farzandlariga aliment to‘lashi kerakligi uchun 2024 yil noyabr oyida hokimlikka jamoatchilik asosida ishga oldik. Ishlab, oyligidan alimentga berib turadi. Tuman hokimligidagi dekretga chiqqan kotiba o‘rniga ishlayapti. Kotiba qaytsa, bu ishidan ham ketadi», deydi hokimlik rasmiysi Rasuljon Madrahimov.
Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Uchqo‘rg‘on tumani hokimligi xodimi Temurmalik Rustamovda sud qaroriga ko‘ra belgilangan, bir-biridan alohida 2 ta turmushdan bir nafardan voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment qarzdorligi mavjud.
«Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor T.Rustamovdan undiruvchi F.O. foydasiga 1 nafar farzandi uchun har oyda barcha topgan daromadining 25 foizi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Shuningdek, shu sudning buyrug‘iga asosan qarzdor T.Rustamovdan undiruvchi N.Burhonova foydasiga ham 1 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun har oyda barcha topgan daromadining 25 foizi miqdorida aliment undirish belgilangan.
2025 yil 1 iyun holatiga Temurmalik Rustamovning undiruvchi F.O. dan 2 million 498 ming so‘m va undiruvchi N.B. dan esa 16 million 946 ming so‘m qarzdorligi mavjud» deyiladi MIB bayonotida.
Ma’lum qilinishicha, mazkur ijro hujjatlari byuroning Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlari olib borilmoqda.
Xususan, 2020 yil 16 apreldan qarzdor Temurmalik Rustamovning O‘zbekiston hududidan chiqish huquqi vaqtincha cheklangan. Shuningdek, qarzdorning ish joyi – Uchqo‘rg‘on tumani hokimligiga oylik ish haqining 50 foizi miqdorida ushlab qolish maqsadida MIB talabnomasi yuborilgan.
MIB matbuot kotibidan hokimlik rasmiysi qariyb 20 million so‘mlik qarzdorligini undirish haqidagi savolga: «Demak, uning nomida mulki bo‘lmagan», deya javob berdi.
Mavzuga oid

14:15 / 09.04.2025
Toshkent shahrida ota 1,7 mlrd so‘m aliment to‘ladi

12:28 / 26.12.2024
Navoiyda 2,5 yildan beri qidiruvda bo‘lgan ota “dacha”dan topildi

16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi

17:12 / 30.10.2024