Jahon | 15:30 / 28.05.2025
3140
2 daqiqa o‘qiladi

AP: Rossiya qamoqxonalarida 200 dan ortiq ukrainalik harbiy asir halok bo‘ldi

Urush boshlanganidan beri kamida 206 nafar ukrainalik askar Rossiya asirligida halok bo‘ldi, deb yozadi AP Ukraina rasmiylariga tayanib. Yana 245 nafari, mamlakat prokuraturasiga ko‘ra, jang maydonida o‘ldirilgan.

Foto: Ihor Burdyga/DW

27 may, seshanba kuni AP inson huquqlari tashkilotlari, BMT va Ukraina hukumati vakillariga tayanib, urush boshlanganidan buyon ikki yuzdan ortiq ukrainalik askar Rossiya asirligida halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan qaytarilgan 5000 dan ortiq harbiy asirdan kamida 206 nafari asirlikda halok bo‘lgan. Ukraina prokuraturasiga tayanib jurnalistlarning yozishicha, jang maydonida yana 245 nafar harbiy rus askarlari tomonidan o‘ldirilgan.

Qayd etilishicha, jasadlar qaytarilishi va shaxsi aniqlanar ekan, halok bo‘lgan harbiy asirlar soni ortishi mumkin. Biroq sud-tibbiyot ekspertlari o‘lim sababini aniqlashda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Misol uchun, ba’zi hollarda marhumning ichki organlari yo‘q bo‘lsa, boshqalarida ko‘karishlar yoki yaralar «yashirin yoki olib tashlangan». Yana bir to‘siq — bu jasadning parchalanishi.

Rossiyada asirga olingan ukrainalik askarlarning qariyb 97 foizi BMTning Inson huquqlari monitoringi bo‘yicha mahalliy missiyasiga og‘ir sharoitlar va qiynoqlar, jumladan kaltaklash, elektr toki bilan urish, jinsiy zo‘ravonlik, uyqusizlik va qatllarni soxtalashtirish haqida gapirgan. Bunday ma’lumotlar Amnesty International tashkilotining dunyoda inson huquqlari ahvoli haqidagi hisobotida keltirilgan.

Shu bilan birga, tahlilchilarning qayd etishicha, Rossiya BMT kuzatuvchilariga Ukrainaning bosib olingan hududlarida ukrainalik tinch aholi va harbiy asirlar saqlanayotgan joylarga kirish imkonini bermagan.

Mavzuga oid