Hayvonlarni identifikatsiya qilish jarayonlari tartibga solinadi
Senat yalpi majlisida hozirgi vaqtda respublikada hayvonlarni identifikatsiya qilish ishlari to‘laqonli amalga oshirilmayotgani epizootik barqarorlikni kafolatli saqlash imkoniyatini cheklayotgani aytildi. Senatorlar hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatishni tartibga soluvchi qonunni ma’qulladi.

Foto: Getty Images
Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Senatorlar tomonidan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakatda yirik shoxli mollar 14 mln, mayda shoxli mollar 24 mln boshni tashkil etadi. Ularning qariyb 90 foizi aholi qaramog‘ida parvarishlanadi. Bugungi kunda hayvonlarni identifikatsiya qilish ishlari to‘laqonli amalga oshirilmayotgani ularda xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash tadbirlarini o‘tkazish va epizootik barqarorlikni kafolatli saqlash imkoniyatini cheklayapti.
Shuningdek, identifikatsiya jarayonlari raqamlashtirilmagani, ma’lumotlar bazasi markazlashtirilmagani natijasida hayvonlarning aniq hisobini yuritishdagi muammolar ham saqlanib qolmoqda.
Qonunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish sohasidagi vakolatli organ etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, hujjatda vakolatli davlat organi vakilining hamda hayvon egasining huquq va majburiyatlari, hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatishga doir umumiy talablar, muddatlar aniq ko‘rsatib o‘tilyapti.
Qayd etilishicha, qoramol, qo‘ylar, echkilar va tuyalar tug‘ilganidan o‘n to‘rt kundan keyin, otlar tug‘ilganidan to‘rt oydan keyin, itlar va mushuklar esa tug‘ilganidan uch oydan keyin, saqlash va (yoki) ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan hayvonlar olib kirilgan sanadan e’tiboran 21 kundan kechiktirmay identifikatsiya qilinishi hamda ro‘yxatga olinishi kerak. Hayvonlar so‘yilgan (nobud bo‘lgan, o‘lgan, yo‘q qilingan) yoki O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqilgan taqdirda esa 7 kunlik muddatda hisobdan chiqarilishi lozim bo‘ladi.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish, kuzatish va hisobdan chiqarish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish, elektron axborot tizimini muvofiqlashtirish va real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvini ta’minlash Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazining vakolati etib belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid

15:13 / 02.06.2025
“Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqadamiz” - senator odil sudlov masalasida

13:44 / 30.05.2025
Yilning birinchi choragida salkam 1 mlrd dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatildi

17:52 / 29.05.2025
Qonunbuzarlikda gumon qilinganlarning xorijga chiqishini vaqtincha taqiqlovchi qonun ma’qullandi

18:54 / 28.05.2025