Jahon | 09:09 / 29.05.2025
9521
2 daqiqa o‘qiladi

NYT: Tramp dunyoni AQSh, Rossiya va Xitoy o‘rtasida bo‘lish niyatida

The New York Times gazetasining yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp uchta buyuk davlat deb atalmish AQSh, Xitoy va Rossiyaning har biri yer sharining o‘ziga xos qismida hukmronlik qiladigan dunyoni tasavvur qilmoqda.

Foto: Eric Lee/The New York Times

AQSh prezidenti Donald Trampning so‘nggi harakatlari va bayonotlari uning dunyoni AQSh, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi ta’sir doiralariga bo‘lish istagidan dalolat beradi. Bu haqda 26 may, dushanba kuni The New York Times (NYT) xabar berdi. «Tramp Rossiya va Xitoy bilan bog‘liq kattaroq narsani nazarda tutgan bo‘lishi mumkin va bu yakuniy kelishuv bo‘ladi. Ayrim tashqi siyosat tahlilchilarining aytishicha, uning harakatlari va bayonotlari u uchta buyuk davlat deb atalmish AQSh, Xitoy va Rossiyaning har biri yer sharining o‘ziga xos qismida hukmronlik qiladigan dunyoni tasavvur qilishi mumkinligidan dalolat beradi», deyiladi maqolada. Nashr mualliflarining ta’kidlashicha, dunyoning bunday qayta bo‘linishi «XIX asr imperatorlik boshqaruvi uslubiga qaytish bo‘lardi».

NYT Amerika prezidentining Grenlandiyani Daniyadan tortib olish, Kanadani qo‘shib olish va Panama kanali ustidan to‘liq nazoratni tiklash istagini eslatdi. «AQShning G‘arbiy yarimsharda hukmronligini kengaytirishga urinishlari uning Amerika ta’sir doirasini yaratish istagining eng yorqin belgisidir», deb yozadi gazeta. Bundan tashqari, o‘tgan hafta Tramp Rossiya bilan savdo aloqalarini tiklash va «o‘zining global savdo urushi oqibatlarini cheklash» istagini bildirdi hamda Xitoy yetakchisi Si Jinpingni u bilan bog‘lanishga chaqirdi, deyiladi maqolada.

O‘z navbatida, Politico 27 may kuni Donald Trampning 9 iyulgacha Yevropa tovarlariga 50 foizlik bojlar joriy etish bilan tahdid qilganiga qaramay, AQSh va YeI katta ehtimol bilan yangi savdo kelishuvi bo‘yicha kelisha olmasligini yozdi.

Mavzuga oid