O‘zbekiston | 13:55 / 29.05.2025
3084
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Italiya strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashini e’lon qildi

Samarqandda Jorja Melonining tashrifi doirasida O‘zbekiston–Italiya muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida deklaratsiya qabul qildi. Biznesga ko‘mak dasturlari kengaytiriladi. O‘zbekistonda Tushiya universiteti filiali ochilishi, to‘rtta universitet bilan diplom dasturlari yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Kecha, 28 may kuni oqshomda Samarqandga ketib kelgan mehmonni aeroportda shaxsan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Shundan so‘ng Jorja Meloni O‘zbekiston prezidenti hamrohligida Samarqand shahridagi Registon maydoni va “Boqiy shahar” majmuasi bilan tanishdi.

Italiya bosh vaziriga O‘zbekiston xalqining boy madaniy merosi, hunarmandchilik va amaliy san’atini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar namoyish qilindi. Raqs jamoalarining chiqishlaridan iborat madaniy dastur tashkil etildi.

29 may kuni tongda Kongress markazi oldidagi maydonda Italiya yetakchisini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Faxriy qorovul saf tortdi, harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyov va Jorja Melonining yuzma-yuz va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

2023 yil iyun oyida Rim shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi, shu jumladan yetkazib berilayotgan mahsulotlar turining kengaygani hisobiga qariyb 3 barobar oshdi. Qo‘shma korxona va loyihalar soni 2 barobar ko‘paydi. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Venetsiyadagi biyennaleda faol ishtirok etdi, Florensiyada ko‘rgazma o‘tkazildi. O‘tgan yil dekabr oyida Rim va Viarejo shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Aprel oyida rektorlarning ikkinchi forumi samarali o‘tdi.

Tomonlar faol siyosiy almashinuvni davom ettirishni qo‘llab-quvvatladilar.

Joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tgan samarali sammitga muvofiq Yevropa Ittifoqi institutlari bilan faol hamkorlik davom ettiriladi. Amaliy natijalarga e’tibor qaratgan holda "Markaziy Osiyo – Italiya" sammitini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Savdo sohasida biznesga texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirishga kelishib olindi. Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun o‘zbekistonlik eksportchilarni o‘qitish, Toshkentda qo‘shma Sertifikatlash markazini tashkil etish, Muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirish shular jumlasidan.

Shavkat Mirziyoyev Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan Texnologik sheriklik dasturini ishga tushirishni taklif qildi.

Xususiy tadbirkorlikning innovatsion loyihalari, o‘ta muhim minerallar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar, elektrotexnika, energetika, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish sanoatida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charm, mebelsozlik va boshqa tarmoqlar uchun dizayn markazlarini tashkil etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Bunday loyihalar Yevropa operatori boshqaruvida Toshkent viloyatida tashkil etiladigan sanoat parkida joylashtirilishi mumkin.

Loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishga tushirish uchun qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, shuningdek, Italiyaning "SACE" va "SIMEST" davlat agentliklarini jalb qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Kompleks "yo‘l xaritasi" asosida qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Uzum, zaytun, za’faron, sarsabil yetishtirish, agrolaboratoriyalar tashkil etish, biotexnologiyalarni rivojlantirish va agrosug‘urtani joriy qilish bo‘yicha kooperatsiya istiqbollari qayd etildi.

Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida Hukumatlararo guruh ishini qayta tiklash va uning yig‘ilishini biznes forumi bilan birga o‘tkazishga kelishib olindi.

O‘zbekiston va Italiya hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish doirasida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana tashrifi va birinchi Hududlar forumi doirasida amaliy natijalarga erishish muhim ekani ta’kidlandi.

Ta’lim sohasida mamlakatimizda Tushiya universiteti filialini, Piza, Trento, Roma Tre va Ka-Foskari universitetlari bilan ikki tomonlama diplom dasturlarini ishga tushirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekistonda Italiya madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi sohacida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bitim imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi bosh vaziri Jorja Meloni Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi.

Ular huzurida tashrif doirasida imzolangan bitimlarni almashish marosimi ham o‘tkazildi. Bu bitimlarga, jumladan, quyidagilar kiradi:

  • investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida;
  • strategik ahamiyatga ega xomashyo sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
  • migratsiya va harakatlanish erkinligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
  • barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, madaniy merosni saqlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida;
  • Iqlim jamg‘armasi va Italiya qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi bilan hamkorlik, "Sogesid" va "Ansaldo" kompaniyalari bilan "yashil" rivojlanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida;
  • Tushia, Piza va Turin universitetlari bilan sheriklik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlar.

Shuningdek, rasmiy tashrif doirasida Italiya Milliy tadqiqotlar markazi, "SIMEST" va "Danieli" kompaniyalari, Peruja universiteti hamda boshqa tashkilotlar bilan qator hujjatlar imzolandi.

Oliy darajadagi O‘zbekiston-Italiya muzokaralari yakunida xalqaro Kongress-markazida Samarqand shahridagi ko‘chaga Rim shahri nomini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu qaror chuqur tarixiy va madaniy aloqalar, strategik sheriklik munosabatlarining hozirgi yuksak darajasini inobatga olgan holda, shuningdek, O‘zbekiston va Italiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmat ramzi sifatida qabul qilinganini ta’kidladi.

Mavzuga oid