Jahon | 19:31 / 29.05.2025
2156
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Amerika universitetini yuz minglab xitoylik talabalardan «tozalashga» qaror qildi

AQSh oliygohlarida 277 mingga yaqin XXR fuqarosi tahsil oladi. Davlat kotibi Marko Rubio xitoylik talabalarning vizalari chaqirib olinishi mumkinligini ma’lum qildi.

Foto: The New York Times

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati XXR Kommunistik partiyasiga aloqador yoki «o‘ta muhim sohalarda» tahsil olayotgan xitoylik talabalarning vizalarini chaqirib olish niyatida. Bu haqda Davlat departamenti rahbari Marko Rubio ma’lum qildi.

«Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi va Honkongdan keladigan barcha viza arizalarini sinchiklab tekshirish uchun viza mezonlarini ko‘rib chiqamiz», — deydi davlat kotibi. Politico ma’lumotlariga ko‘ra, Davlat departamenti rahbari Amerika elchixonalari va konsullik bo‘limlariga talabalar vizasi uchun yangi suhbatlar tayinlashni vaqtincha to‘xtatishni buyurgan.

Amerika oliygohlarida 277 mingga yaqin XXR fuqarosi tahsil oladi. Xorijlik talabalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda hindistonliklar turadi — 331 ming kishi. Rubio bayonotida «o‘ta muhim sohalar» deyilganda aynan nima nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan. The New York Times’ning yozishicha, gap tabiiy fanlar sohasidagi tadqiqotlar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki so‘nggi yillarda Amerika rasmiylari Xitoy hukumati Qo‘shma Shtatlarda ta’lim olgan olimlarni yollayotgani borasida bir necha bor xavotir bildirgan. Shuningdek, AQSh rasmiylari talabalar bilan Xitoy Kommunistik partiyasi o‘rtasidagi aloqani qanday aniqlashi ham noma’lumligicha qolmoqda.

Amerika universitetlari o‘nlab yillar davomida Xitoydan ilmiy tadqiqotlarga ko‘maklashadigan va o‘qish uchun to‘lovlarni amalga oshirgan holda, OTMga daromad olib keladigan iqtidorli talabalarni jalb qilib kelgan.

Talabalik vizalarining bekor qilinishi Tramp ma’muriyatining savdo urushi fonida Xitoyga qarshi olib borayotgan keng ko‘lamli kampaniyasining bir qismi bo‘lishi mumkin. Tramp prezidentlikning birinchi muddati — 2020 yilda, Xitoyning harbiy universitetlariga aloqador mingdan ortiq xitoylik aspirant va tadqiqotchilarning vizalarini bekor qilgan edi.

XXR Tashqi ishlar vazirligi xitoylik talabalarning vizalari chaqirib olinishi mumkinligi sabab AQSh hukumatiga e’tiroz bildirdi. Idora matbuot kotibi Mao Ninning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam o‘qiyotganlarning qonuniy huquqini buzadi va ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy almashinuvga xalaqit beradi.

Mavzuga oid