Jahon | 19:04 / 30.05.2025
1146
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: AQSh bojlari sabab dunyo kompaniyalari ko‘rgan zarar 34 mlrd dollardan oshdi

Qator yirik kompaniyalar daromadlari bo‘yicha prognozlarini o‘zgartirmoqda. Oq uy esa savdo bojlari Amerika iqtisodiyotiga 50-60 mlrd dollar daromad olib kelganini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan bojlar joriy etilgach, dunyo bo‘ylab kompaniyalar 34 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotdi. Yo‘qotishlar yuqori xarajatlar va savdoning pastligi bilan bog‘liq, deb yozadi Reuters.

Agentlik S&P 500 indeksidagi 32 ta, Stoxx 600 dan uchta, Nikkei 225 dan esa 21 ta kompaniya faoliyatini tahlil qilib ko‘rgan. Donald Trampning oldindan aytib bo‘lmaydigan savdo siyosati tufayli kompaniyalarning aksariyati o‘z yo‘qotishlarini aniq baholay olmagan.

Shu bilan birga, 42 ta kompaniya o‘z prognozlarida ko‘riladigan daromadni qisqartirgan. Yana 16 tasi hisobotlarini chaqirib olgan yoki e’lon qilish sanasini ko‘chirgan. Xususan, Walmart daromad bo‘yicha choraklik hisobotni taqdim etishdan bosh tortgan va tovarlar narxini oshirishini ma’lum qilgan. Volvo yaqin ikki yil davomida daromadlariga oid prognozlarni taqdim etmaydi. United Airlines ikkita turli hisobotni tayyorladi. Aviakompaniyadagilarga ko‘ra, joriy yilda makroiqtisodiy vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydi.

Oq uyning ma’lum qilishicha, savdo bojlari Amerika iqtisodiyotiga 50-60 milliard dollar daromad olib kelgan. 28 may kuni AQSh xalqaro savdo bo‘yicha federal sudi prezident Trampning Xitoy, Kanada va Meksikaga nisbatan joriy etgan bojlarini noqonuniy deb topdi. Keyinroq AQSh Apellyatsiya sudi ushbu qarorni rad etdi. Hujjatda aytilishicha, chet el mahsulotlariga bojlar o‘z kuchida qoladi.

Mavzuga oid