SSV: O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror
Nurmat Otabekov ushbu kasallikning yangi to‘lqini dunyoni qamrab olayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, odamlarda bu xastalikka nisbatan jamoaviy immunitet vujudga kelganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, «koronavirusga chalinganlar oz miqdorda bo‘lsa ham aniqlanib turgani» inkor etilmagan – ular asosan ikkilamchi surunkali kasalligi bor bemorlardir.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov koronavirusning yangi to‘lqini dunyoni qamrab olayotgani haqida tarqalgan so‘nggi xabarlarga munosabat bildirdi.
«Shu yil mart oyida koronavirusning Xitoyda aniqlangan NB.1.81 shtammi ba’zi mamlakatlar bo‘ylab tarqalayotgani haqida ma’lumotlar bor. Lekin, SOVID-19’ning yangi to‘lqini dunyoni qamrab olmoqda, degan xabarlar asossiz», – deydi mutaxassis.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2024 yil 13 apreldan koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha kundalik axborot berib borishni to‘xtatgani, davlatlar miqyosida ham shunday ekani qayd etilgan.
Shuning o‘ziyoq sayyorada koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror ekanini anglatadi. Qolaversa, SARS-CoV-2’ning NB.1.81 shtammi keng ko‘lamda yoyilayotganiga doir ma’lumotlarni JSST rasman tasdiqlagani yo‘q.
«Sir emas, dunyoda koronavirus bo‘yicha shov-shuvli axborotlarni tarqatishdan manfaatdor guruhlar bor. Ayni kunlarda e’lon qilinayotgan bu kabi ma’lumotlarni ham shunday izohlasak to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki Yer yuzida yangi to‘lqinning kuzatilish ehtimoli qariyb nolga teng.
O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror. Aholida koronavirus shtammiga nisbatan oddiy respirator kasalliklarga bo‘lgani singari munosabat allaqachon shakllangan.
Chunki mazkur kasallikni diagnostika qilish, davolash imkoniyatiga egamiz. O‘z navbatida, odamlarda bu xastalikka nisbatan jamoaviy immunitet vujudga kelgan. Nafaqat O‘zbekiston, butun Yer kurrasida holat shunday!
To‘g‘ri, mamlakatimizda COVID-19’ga chalinganlar oz miqdorda bo‘lsa ham, aniqlanib turibdi. Ammo murojaat qilgan bemorlarning faqat ikkilamchi surunkali kasalligi bo‘lganlarigina shifoxonada davolanmoqda. Qolganlari xastalik yengil kechgani sababli ambulator sharoitda muolaja olyapti.
„Yangi viruslar paydo bo‘ldi“ degan xabarlarga kelsak, mana, hozirgacha dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyalari yuzaga keldi va hamon bu jarayon to‘xtagani yo‘q. Biroq o‘tgan davrda ulardan faqat 10-15 tasi kasallik chaqirdi, xolos. Shu ma’noda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas.
Ayni o‘rinda yurtdoshlarimizga O‘zbekiston hududida qaysi viruslar aylanib yurganini kuzatib boruvchi monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgani, tegishli laboratoriyalarda bemorlardan olingan virus namunalari doimiy ravishda tekshirilib, tahlil qilib borilishini eslatib o‘tmoqchiman.
Shu ma’noda, dunyoda qayd etilayotgan yangi shtammlar haqida darhol shov-shuvli xabarlar tarqatishga zinhor urinmaslik kerak. Xavotirga hech qanday asos yo‘q», – deydi Nurmat Otabekov.
Bundan avvalroq Osiyo qit’asining ba’zi mamlakatlarida hukumatlar aholini COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘payishi sababli yana niqob taqishga chaqirayotgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid

17:25 / 29.05.2025
Osiyoda COVID yana keng tarqaldi, hukumatlar niqob taqishga chorlamoqda

23:21 / 15.05.2025
Osiyoda COVID-19 bilan kasallanish holatlari keskin oshdi

00:12 / 05.05.2025
Ispaniyada farzandlarini to‘rt yil uydan chiqarmagan ota-ona hibsga olindi

17:46 / 27.02.2025