Jahon | 18:22 / 30.05.2025
4222
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning tinchlik memorandumi mazmuni ma’lum bo‘ldi

U o‘t ochishni to‘xtatish qoidalari va xalqaro nazorat haqidagi bandlardan iborat.

Foto: The New York Times

Ukrainaning urushni tugatish haqidagi memorandumi quruqlikda, dengizda va havoda o‘t ochishni to‘xtatish qoidalarini o‘z ichiga oladi va hujjatga ko‘ra, monitoring xalqaro hamkorlar tomonidan amalga oshirilishi kerak. Bu haqda The New York Times (NYT) nashriga anonim ravishda Ukrainaning yuqori martabali amaldori ma’lum qildi.

Nashrning yozishicha, shu haftada AQSh Ukrainadan ushbu memorandumni olgan, biroq Rossiyadan tegishli hujjatni kutmoqda. Bu haqda AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bunday memorandumni topshirmagan taqdirda ham Ukraina muzokaralardan voz kechmasligi kerak.

Kellogning aytishicha, Ukraina memorandumida 22 ta band bor va bu «yetarli va oqilona».

O‘z navbatida, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga 30 may kuni Rossiyani muzokaralarni kechiktirayotganlikda aybladi. Uning ta’kidlashicha, Moskva haligacha tinchlik shartlari yozilgan memorandumni taqdim etmagan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina o‘z delegatsiyasini Moskva 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazishni taklif qilgan muzokaralarning navbatdagi bosqichiga yuborishdan oldin ushbu hujjatni ko‘rmoqchi.

«Kiyevning maqsadi avvalo sulhni ta’minlash, keyin esa kengroq tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralarga o‘tish bo‘lib qolmoqda. Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga unchalik qiziqmayapti. Buning o‘rniga u muzokaralar urushning «asosiy sabablarini» hal qilishga qaratilishini istayotganini bir necha bor aytgan. Masalan, NATOni sharqqa kengaytirmaslik. Kiyev va ittifoqchilar buni Ukrainani bo‘ysundirish sifatida qabul qilmoqda», deb qo‘shimcha qildi NYT.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 29 may kuni kechki nutqida Rossiya o‘zi va’da qilgan memorandumni topshirmaganini ta’kidlagan edi. Uning aytishicha, Rossiya urushni cho‘zmoqda va Moskvaga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan davlatlarni shunchaki «aldash uchun» qo‘lidan kelgan barcha ishni qilyapti.

Shu bilan birga, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Georgiy Tixiy nega rossiyaliklar tinchlik haqidagi «memorandum»ni topshirishdan «qo‘rqishayotganini» tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘zida mavjud bo‘lgan noreal ultimatumlar tufayli buni qilishni istamayapti.

Mavzuga oid