Jamiyat | 19:29 / 31.05.2025
11441
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohlar ishga tushdi. Aholi qanday fikrda?

Dunyo tajribasida odatiy holga aylanib ulgurgan, odamlarni jamoat transportidan foydalanishga undaydigan yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohlar Toshkentda ham paydo bo‘ldi. Tariflar – soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha. Kun.uz muxbiri aholi vakillaridan bu yangilikka va belgilangan narxlarga munosabatini so‘radi. Narxlarni Olmaota bilan taqqoslaganda, Toshkentda ancha qimmatligi ma’lum bo‘ladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

8 maydan boshlab Toshkentda ilk yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohlar ish boshladi. Hozircha bunday turargohlar shahar markazida: Amir Temur xiyoboni aylanmasi, Mirobod, Istiqlol, Istiqbol, Sodiq Azimov, Shahrisabz va Glinka ko‘chalarining ayrim qismlarida ishlab turibdi.

Jahon tajribasida avtomobil to‘xtab turish joylarining pulli bo‘lishi – aholini jamoat transportidan foydalanishga rag‘batlantirish chorasi sifatida ko‘riladi.

Rejaga ko‘ra, sentabrga qadar Toshkentdagi pulli to‘xtash joylari jami 86 ta ko‘chaga yoyiladi. Tariflarni poytaxt hokimi tasdiqlagan: soatiga 5 mingdan 12 ming so‘mgacha – shahar markaziga yaqinlashgan sari narxlar oshib boradi. Qizil zona uchun – 12 000, olovrang zona – 10 000, yashil zona – 8000, ko‘k zona – 6 000, binafsharang zonada – 5 000 ming so‘m tarif belgilangan.

Yo‘lbo‘yi avtoturargohlar tashkil etish huquqini auksionda Streetpark Systems yutib olgan.

Xo‘sh, bu yangilikka haydovchilarning munosabati qanday, belgilangan narx qanchalik ma’qul? Kun.uz muxbiri Amir Temur xiyoboni aylanmasida bu pulli xizmatdan foydalanayotgan haydovchilarga mikrofon tutdi.

Ayrimlar avtomobilini qo‘ygan joy pulli ekanidan bexabarligini aytdi. Aksariyat respondentlar esa pulli to‘xtash joyining 1 soati 12 ming etib belgilanganiga e’tiroz bildirdi.

“Soatiga 12 ming so‘m – bu Yevropa darajasidagi narx. Aholimizning oyliklariga bilan mos emas. Taxminan 5-7 ming so‘m bo‘lsa, yomon bo‘lmasdi. Fransiyada yashaganman, u yerdagi shaharlarda allaqachon qonga singib ketgan odat. Agar siz shaharning qoq markazida bo‘lsangiz, soatiga kamida 2,7–3 yevro atrofida, so‘mga hisoblaydigan bo‘lsak, 45-50 ming bo‘ladi. Mahalliy kichik shahar yoki qishloqlarda pulli parkovkalar bo‘lsa, unda 1 yevro atrofida bo‘ladi”, – deydi suhbatdoshlardan biri.

Avtoturargoh nazoratchisining so‘zlariga ko‘ra, belgilangan joylarda haydovchilar 5 daqiqagacha bepul to‘xtab turishi mumkin. Amir Temur xiyoboni aylanmasida 1 kunda yuzdan ortiq haydovchilar avtoturargohdan foydalansa-da, xizmat pulini to‘lamay ketyapti, deydi u.

Streetpark Systems'ning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, shahar hokimining 2024 yil 16 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan tariflarni ishlab chiqishda xalqaro amaliyot, avtomobillar harakati zichligi va shaharning markaziy hududlarida avtoturargohlarning mavjudlik darajasi hisobga olingan.

Mavjud avtoturargohlarni onlayn topish va tariflar haqida ma’lumot olish uchun “Poytaxt parking” mobil ilovasi ishga tushirilgan. Hozirgacha ilovada 5 mingdan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan fuqarolar ilovani takomillashtirish, to‘lov uchun infokiosklar qo‘shish kerakligini aytdi.

Ayni damda inspektorlar to‘lov mavjudligini oldindan planshet yordamida tekshirmoqda. Agar to‘lov amalga oshirilmasa, haq to‘lash zarurligi to‘g‘risida avtomobilning old oynasiga xabarnoma joylashtiryapti.

Kun.uz'ga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, operator kompaniya transport vositalarini avtomatik qayd etish va to‘lov mavjudligini tekshirish imkonini beruvchi mobil va statsionar foto-video qayd etish komplekslarini joriy etish ustida ishlayapti. Ular nafaqat to‘lovlarni amalga oshirmaslik, balki to‘xtash qoidalarini buzish holatlarini ham qayd etadi.

Boshqalarda qanaqa: Olmaota va Moskva misolida

Olmaotada yo‘lbo‘yi avtoturargohlar soatiga 100 tengeni tashkil qiladi. Bu o‘zimizning pulga 2500 so‘m degani. Pulli avtoturargohni topish va band qilish oson: maxsus sayt yoki mobil dastur orqali zarur avtoturargohlarni belgilash va avtomobilning davlat raqamini kiritib, ma’lum muddatni tanlash mumkin. Avtoturargohlardan 15 daqiqagacha bepul foydalansa bo‘ladi. Agar bu xizmat uchun to‘lov amalga oshirilmasa yoki ko‘rsatilgan summadan kam to‘lansa hamda yo‘l harakati bilan bog‘liq qoidalar buzilsa, Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, 3 932 tenge jarima solinadi. Bu – 98-99 ming so‘mni tashkil etadi.

Olmaotada pulli avtoturargohlardan tushgan mablag‘lar “Jamoat ishtirokidagi budjet” dasturi bo‘yicha obodonlashtirish uchun tuman hokimliklariga taqsimlanadi.

Moskvada pulli avturargohlar oddiy va differensial tariflarga bo‘lingan. Oddiy tarifning doimiy qiymati kecha-yu kunduz bir xil. Differensial tariflar esa kunning vaqtiga bog‘liq: avtoturargoh qanchalik band bo‘lsa, narx ham shuncha qimmatroq bo‘ladi. Narxlar soatiga 40 rubl (6600 so‘m)dan boshlanib, 800 rubl (132 ming so‘m)gacha borishi mumkin. Shu bilan birga, to‘xtash joyining narxi minimal bandlik bilan 0 rubldan boshlanadigan ko‘chalar ham bor. Dinamik tarif haydovchilarga to‘xtash joyining taxminiy narxini hisobga olgan holda o‘z yo‘nalishini oldindan o‘ylab ko‘rish imkoniyatini beradi.

Mavzuga oid