Mintaqaning xavotirli kelajagi, qirg‘izlarning sigaretga taqiqi va kuzatuvchilarga yopiq Dushanbe aeroporti
Italiya bosh vaziri Meloni mintaqa liderlari bilan ko‘rishib, endi hamkorlik geografik chegaralardan chiqishini aytdi. Qirg‘izistondagi har o‘ninchi bola sigareta chekadi, vazirlik call-center orqali konsultatsiyalarni yo‘lga qo‘ygan. Qozog‘iston Crypto city qurmoqchi. Tojikistonda hosil yaxshi bo‘lganiga qaramay, meva va sabzavotlar qimmatlab ketdi. Dushanbe xalqaro aeroporti endi kuzatuvchilarni ichkariga kiritmaydi. «Tolibon» qurdirgan to‘g‘on 5 kunga ham yaramadi.
Qirg‘izistonda elektron sigaretalar butunlay taqiqlandi
Tadqiqotlarga ko‘ra, Qirg‘izistondagi har o‘ninchi bola muntazam chekadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Qirg‘izistondagi vakili Liviu Vedrasko brifingda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har beshinchi maktab o‘quvchisi tamaki mahsulotlarini allaqachon sinab ko‘rgan.
«Maktab o‘quvchilarining 87 foizi do‘kon va kioskalardan sigaret sotib oladi, 60 foizi esa buni hech qanday to‘siqsiz amalga oshiradi. Garchi hamma narsa qonunda belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, hech kim ulardan yoshi yoki pasporti haqida so‘ramaydi. Lekin ijobiy tomonlari ham bor: maktab o‘quvchilarining 77,7 foizi yopiq jamoat joylarida chekishni taqiqlashni qo‘llab-quvvatlaydi», - deydi tashkilot vakili.
«Bugungi kunda tamaki mahsulotlari chiroyli, juda yorqin, turli xil ta’mga ega bo‘lib ko‘rinadi. Bu yosh avlodni, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarni o‘ziga jalb qiladi. Soxta xavfsizlik hissi paydo bo‘ladi – bu mazali, yoqimli bo‘lib tuyuladi, hech narsa bo‘lmaydi, yo‘talmaydi. Lekin nikotin giyohvandligi saratonning 20 dan ortiq turlarini keltirib chiqaradi», deya qo‘shimcha qildi sog‘liqni saqlash bosh tashkiloti vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, elektron sigaretalar bilan bog‘liq alohida muammo bor. Sigaretalar narxini oshirish chekuvchilar sonini kamaytirishga yordam beradi.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi esa elektron sigaretaning barcha iste’molchilariga yordam berishga tayyorligini e’lon qildi. Vazirlik vakili nikotinli suyuqlikli elektron sigaretalarni olib kirish, muomalaga chiqarish va ulardan foydalanishni taqiqlovchi qabul qilingan qonunni eslatdi.
Hujjat shu yilning 1 iyulidan kuchga kiradi. Vazirlikka ko‘ra, bu juda qiyin jarayonga aylanadi. Elektron sigaretalarni olib kirish, sotishga urinishlar bo‘lishi mumkin. Vazirlik chekishni tashlash istagida bo‘lganlarga yordam bermoqchi, ishonch telefonlari 2103. Telefon qilganlar shaxsiy ma’lumotlari oshkor qilinmaydi. Vazirlik qo‘ng‘iroq qilganlarning 11 mingi bilan gaplashib, tahlil o‘tkazgan. Ularning 29 foizi poytaxt bishkeklik, 42 foizi qishloq hududlaridan. Konsultatsiya so‘rab murojaat qilganlarning 95 foizi erkaklar ekani ma’lum bo‘lgan. Vazirlikka ko‘ra, chekishni tashlashni istab qo‘ng‘iroq qilganlarning 30 foizi bugun chekmaydi, bu odatini tashlagan. Eslatib o‘tamiz, 1 iyuldan e’tiboran elektron sigaretalar taqiqlanar ekan, uni chekkanlar 10 ming qirg‘iz somi, sotganlar esa 200 ming qirg‘iz somi jarima to‘laydi.
Dushanbe aeroportiga endi yo‘lovchilarning hamrohlari kiritilmaydi
Endi Dushanbe xalqaro aeroportiga yo‘lovchilarning hamrohlari kiritilmaydi. Aeroport ma’muriyati shunga qaror qildi va cheklovlar may oyining o‘zidan boshlangan. Ma’lum bo‘lishicha, yo‘lovchilarning kuzatib borish va kutib olish zonasiga ko‘chadan odamlar kiritilmaydi.
Aeroport matbuot xizmatiga ko‘ra, cheklovlarning joriy etilishi aviatsiya xavfsizligining xalqaro standartlariga rioya qilish, tartibni saqlash, sanitariya-gigiyena talablari va infeksiyalar tarqalishining oldini olish zarurati bilan bog‘liq. Mazkur chora terminalda tozalikni ta’minlashga ham qaratilgan. Qaror istisnosiz hamma uchun amal qiladi.
Kirish faqat istisno hollarda – nogironlar, kasallar va voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari bilan birga bo‘lganlar uchun ruxsat etiladi, deya qo‘shimcha qiladi matbuot xizmati. Hududni obodonlashtirish doirasida barcha tashrif buyuruvchilarning qulayligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida hamrohlik qiluvchi shaxslar uchun maxsus kutish joylari tashkil etish rejalashtirilgani xabar qilindi.
Qozog‘iston Crypto city quradi
Qozog‘iston innovatsion kripto hududini tashkil qiladi. Bu haqida prezident To‘qayev Ostona xalqaro forumida gapirdi. Crypto city innovatsion pilot hududida kriptovalutalar, tovar va xizmatlar sotib olish mumkin bo‘ladi. Prezidentning fikricha, Qozog‘iston Yevrosiyoda IT markazi bo‘lishi kerak. Davlat o‘tgan muddat mobaynida raqamli transformatsiyada sezilarli yutuqlarga erishgan.
«Biz global noaniqlik davrida yashamoqdamiz. Bu lahzani chorraha, dunyo ishlaridagi burilish nuqtasi deb atash mumkin. Ammo bunday ta’riflarni tarixchilarga qoldiraylik. Hozir bizning javobimiz qanday bo‘lishi muhimroq. Biz tanlov qilishimiz lozim», deydi To‘qayev.
Prezident sun’iy intellekt rivoji haqida ham fikrini aytib o‘tgan. Sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Maqsadimiz — bir qator xorijiy universitetlar filiallari faoliyat yuritadigan, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan akademik va innovatsion markazga aylanish», dedi Qozog‘iston prezidenti.
To‘qayevga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi eng qudratli superkompyuter Qozog‘istonga olib kelingan.
«Birinchi navbatdagi vazifa — mintaqaviy nomutanosibliklarni kamaytirish va o‘rta sinfni mustahkamlashdir. Aynan shu sababli raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan tortib toza energiya va yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlargacha bo‘lgan asosiy sohalarda salohiyatimizni mustahkamlashda davom etyapmiz», dedi qo‘shni davlat prezidenti.
Crypto city uchun hali joy tanlanmagan. Aloqau aqlli shahri, Borovoye kurorti yoki Ostonadagi EXPO hududi buning uchun tanlanishi mumkin.
Tojikistonda meva-sabzavotlar qimmatladi
Tojikistonda ham meva va sabzavotlar narxi ko‘tarildi, vaholanki, davlatda bu yil hosil ham ko‘paygan edi. 2025 yilning 4 oyi davomida meva va sabzavotlar narxi Tojikistonda qariyb 25 foizga qimmatlagan. Ayniqsa, karam, sabzi, kartoshka va piyoz narxlari oldingi yil bilan qiyoslaganda karrasiga oshgan.
Shu bilan birga rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sabzavot yetishtirish hajmi ham oshgan. Yil boshidan buyon Tojikistonda 146,2 ming tonnadan ortiq sabzavot yetishtirilgan. Kartoshka va piyoz 2024 yilgidan ancha ko‘p hosil bergan. Shu yilning 4 oyida mamlakatda mevaning narxi 11.4 foizga qimmatladi. Biroq meva yetishtirish ham 16,3 foizga ortib, 1122 tonnani tashkil etgan. Sabzavot va meva narxining oshishi boshqa mahsulotlar narxiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, yog‘ turlari, go‘sht mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar narx-navosi kamida 1 foizdan qimmatlagan.
Biroq un, tovuq go‘shti, guruch va shakar arzonlagan.
Ekspertlar Markaziy Osiyo kelajagidan xavotirda
Markaziy Osiyoning 5 davlatidan bilim odamlari, ekspertlar Toshkentda yig‘ilib, mintaqa kelajagini muhokama qildi. Tadbir tashkilotchisi – O‘zbekistondagi asosiy davlat aql markazlari. Yig‘ilgan tashabbuslar shu yili kuzda O‘zbekistonda o‘tadigan Maslahat uchrashuvida Markaziy Osiyo prezidentlari stoliga qo‘yilishi kerak. Biroq ekspertlar kelajakka ko‘proq xavotir bilan qaramoqda.
Eng katta masala – integratsiyaga besh davlatning qarashi. Tashkilotchilarga ko‘ra, Turkmanistondan eng ko‘p, ya’ni 6 kishi kelgan. Bu bilan hamma birlashishga ijobiy qarashi isbotini topadi, deydi tahlilchilar.
Xavotirlar – energetika, ekologiya, narx-navolarning oshishi va suv-resurslari bilan ko‘proq bog‘liq. Sovetlardan qolib ketgan infratuzilmada yashayapmiz, u ham eskirib ketdi, deydi qozog‘istonlik iqtisodchi Rahim Ushakboyev.
Tojikistonlik Saodat Jo‘raxonzoda esa suv allaqachon qimmatli manbaga aylanganini gapirdi.
Jo‘raxonzodaga ko‘ra, Tojikistondagi muzliklarning erishi tezlashuvi faqat tojiklarning emas, balki butun mintaqa muammosi bo‘lishi kerak. Rog‘un GESi MO yulduzi, deydi Jo‘raxonzoda.
Markaziy Osiyo–Italiya sammiti o‘tkazildi
Rim papasi vafoti munosabati bilan Markaziy Osiyoga safarini qoldirgan Jorja Meloni vanihoyat o‘tgan hafta bu tashrifini amalga oshirdi hamda Markaziy Osiyo–Italiya sammitida ham qatnashdi. Dastavval, u O‘zbekistonga keldi. Prezident Mirziyoyev uni Samarqandda qarshi oldi, To‘qayev esa Ostonada. Sammit uchun Ostona tanlangandi, regionga rahbar prezidentlar Ostonaga borib, sammitda qatnashdi. So‘zga chechan siyosatchi Meloni endi aloqalar sifat jihatidan yaxshiroq davom etishidan umidvor.
Sammitni joyidan yoritgan “Kazinform” nashriga ko‘ra, Meloni mintaqaga ta’rif berarkan, endi Yevropa bilan boshqacha aloqalar istalsa, geografik chegaralardan chiqib ketib, yangi yo‘l tanlashimiz kerak degan. Italiya bosh vaziri Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning birinchi yo‘nalishi energetikada bo‘lishini aytgan. Italiya Markaziy Osiyo davlatlariga sarmoya kiritayotgan Yevroittifoqning birinchi davlatidir, deydi Meloni. U atrof-muhit va ekologiya muammolarini alohida eslatib, Iqlim jamg‘armasining birgalikdagi loyihalarini kuchaytirish kerakligini gapirgan. Markaziy Osiyo–Italiya sammiti bilan birga Ostonada xalqaro forum ham bir vaqtda o‘tkazildi. Asosiy sammitdan avval meloni va To‘qayev shu forumda chiqish qildi. Forum sessiyalarida qatnashganlar ichida taniqli yevropalik siyosatchilar ham bor. 2014-2019 yillarda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakili, sobiq Italiya tashqi ishlar vaziri Federiko Mogereniga ko‘ra, Italiyaning Markaziy Osiyoga qarashlari Yevroittifoqnikidan farq qilmaydi.
Italiya va Yevroittifoqning bu mintaqadagi kun tartibi bir xil. Savdo, energetika, investitsiyalardan tashqari geosiyosiy kontekstdan kelib chiqib, biz mintaqa bilan strategik hamkor bo‘lishimiz kerak edi. Markaziy Osiyo atrofidagi turli gigant o‘yinchilardan faqat biri bilan ishlashni tanlay olmaydi, bunday qilishmasin ham. Lekin mintaqa balansni ushlashi lozim. Hozir bu davlatlarning Yevropaga munosabati shundayki, ular chindanam yaqinlashishni xohlayapti, biz bir-birimizni tushunyapmiz. Italiya faqat savdo, madaniyat yoki boshqa kompleks aloqalar, balki geosiyosiy holatdan kelib chiqib, region hamkorlarni diversifikatsiya qilishi tarafdori. Bunda ham ittifoq, ham mintaqa manfaatlari tarozida teng turadi.
«Tolibon» qurdirgan to‘g‘on besh kunga ham yaramadi
Afg‘onistonning Xost viloyatida yangi qurilgan suv to‘g‘oni ishga tushirilishidan besh kun o‘tib qulab tushdi.
Kichik suv to‘g‘oni oqim tufayli qulab tushgani aytilmoqda. Suv inshooti Xost viloyatining Garbaz tumanida joylashgan. U besh kun avval «Tolibon» suv va energetika vaziri Abdullatif Mansur tomonidan ochilgandi.
Mahalliy aholi to‘g‘onga hattoki 5 million afg‘oni (71 ming dollar) ham sarflanmaganini aytmoqda. «Tolibon» tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning monitoringi yo‘q. 2024 yil «Tolibon» qurg‘oqchilikning oldini olish maqsadida yerosti suvlarini mustahkamlash uchun 100 ga yaqin kichik suv to‘g‘onlari qurilishini aytgandi. O‘shanda Abdullatif Mansur ushbu loyihalarning qurilishi bilan suv tanqisligi ham bartaraf etilishini ta’kidlagandi.
2024 yilning yanvar oyida Xost viloyatida to‘g‘on qurilishi paytida kamida 100 kishining suyak qoldiqlari topilgandi. Rasmiylarga ko‘ra, bu joyda dafn etilgan odamlar 1979 yilda o‘ldirilgan, keyin esa ommaviy qabrga ko‘milgan. Fransiya axborot agentligi «Tolibon» rasmiylariga tayanib ommaviy qabr «Afg‘onistonda sovet ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumat davriga tegishli» ekanini xabar qilgandi.
Mavzuga oid

13:50 / 25.05.2025
Maoshi oshayotgan qirg‘izlar, to‘xtatilgan layk javobgarligi va «qora» turkman paxtasi

10:57 / 11.05.2025
Jahli chiqqan Japarov, matbuotdagi “jiddiy ahvol” va g‘alaba paradlari – Markaziy Osiyo hafta ichida

12:42 / 04.05.2025
Paradga tayyorgarlik, qozoq oltin vizasi va chegarada otilgan jangarilar

13:30 / 27.04.2025