O‘zbekiston | 22:10 / 01.06.2025
7961
14 daqiqa o‘qiladi

Tergovdagi qiynoqlar, arzonlashgan dollar va AQShdagi o‘zbek lobbisi - hafta dayjesti

Rasmiy kurs 7 oylik minimumgacha quladi: dollar nega arzonlashyapti? Toshkentda ichki ishlar xodimlari qiynoq qo‘lladi: erkakning jinsiy a’zosi kuydirilgani aytilmoqda. Nyu York meri bilan “otamlashgan” o‘zbek tadbirkori: u avval FTB, keyin surishtiruvchi jurnalistlar nazariga tushdi. AESga taalluqli qonun qabul qilinyapti: yadroviy falokat yuz bergan taqdirda, xalqqa tovon to‘lanadi. Kun.uz'da – hafta dayjesti.

So‘mning qadri oshdi

Bu hafta o‘zbekistonliklar valuta bozori uchun noyob voqeaga guvoh bo‘ldi: dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi yarim yil oldingi darajagacha tushib ketdi. Payshanba kungi savdolardan keyin Markaziy bank 1 AQSh dollarining qiymatini 12 768 so‘m deb belgiladi. Bu – o‘tgan yilning 4 oktyabridan keyingi davr uchun minimum ko‘rsatkich. Natijada, banklardan dollar xarid qilish kursi 12 830 so‘mgacha pasaydi.

So‘mning bunday mustahkamlanishi bir nechta omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Trampning siyosati ta’sirida, yil boshidan beri dollar indeksi, ya’ni Amerika valutasining boshqa oltita asosiy valutaga nisbatan qiymati 9 foizdan ko‘proqqa pasaydi. Oltin narxlari rekord darajada ko‘tarilgani esa O‘zbekistonning valuta tushumlarini anchagina oshirgan. Oltinsiz eksport hajmi ham o‘sgan, natijada so‘nggi uch oydan beri O‘zbekiston tashqi savdosida profitsit kuzatilyapti. Boz ustiga, birinchi chorakda xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 32 foizga o‘sgan. Bu omillar valuta bozoridagi talab va taklif tarozisida taklif pallasining og‘irligini ta’minlayapti.

Valuta taklifini oshirgan omillardan biri tashqi qarzlar bo‘lishi ham mumkin. Moliya vazirligi shu hafta ochiqlagan ma’lumotga ko‘ra, birinchi chorakda davlat tashqi qarzi 1 mlrd 831 mln dollarga ko‘paygan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili 1-chorakdagi o‘sish atigi 175 mln dollar bo‘lgandi. Joriy yil 1 aprel holatiga, davlat qarzi 42,4 mlrd dollar, shundan tashqi qarz 35,5 mlrd dollarga yetgan. Davlat qarzi bir yil ichida 20 foizga oshgan. Qarzlarning salkam yarmi budjet defitsitini yopish uchun ishlatilgan.

Toshkentda qiynoq qo‘llagan uch nafar IIB xodimi qamaldi

O‘zbekistonda ichki ishlar xodimining qonuniy talabini bajarmaganlik uchun jarima miqdori oshiriladi. Bu haqdagi qonunni deputatlar jonli efirdan tashqarida muhokama qilib, imi-jimida o‘tkazib yuborgani ma’lum bo‘ldi. Chorshanba kuni Senat ma’qullagan qonunga ko‘ra, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun jarima miqdori BHMning 1 baravaridan 5–12 baravarigacha oshiriladi. Bu oshirish ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik holatlari oxirgi 4 yilda 1,5 barobarga oshgani bilan izohlandi.

Hafta davomida ichki ishlar xodimlari bilan bog‘liq boshqa bir xabar esa izohsiz qoldi. Kun.uz'ning aniqlashicha, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ishlagan uch nafar ichki ishlar xodimi 4 nafar gumondor shaxsga nisbatan qiynoq ishlatgan. Sud hujjatiga ko‘ra, Farhod Qorayev ismli “oper” qiynoq paytida “zajigalka” yoqib, gumondor erkakning jinsiy a’zosiga olib borgan va bu a’zosini kuydirish bilan tahdid qilgan. Boshqa bir jabrlanuvchi esa ko‘nmagani uchun uning jinsiy a’zosini “zajigalka” bilan kuydirishganini aytgan.

Uchinchi jabrlanuvchi Qorayevning harakatlarini shunday tasvirlaydi: “U qo‘llarimni tepaga qaratib qo‘yib, boshimga qora paket kiydirdi, paketning tagini skotch bilan o‘rab tashladi. Nafasimni siqib, tanamga elektroshoker bilan jarohat yetkazdi. Paket burnimga yopishib, nafasim qaytib keta boshladi. Qovurg‘alarimga kuchli zarbalar berdi. Nafasim siqilib, o‘lib qolaman deb o‘yladim. Farhod Qorayevning qiynoqlariga bardosh bera olmasdan: “Hammasini bo‘ynimga olaman, faqat qiynamanglar” dedim. Agar shunaqa demasam, Farhod Qorayev meni o‘ldirib qo‘ygan bo‘lardi”.

Farhod Qorayev suddagi ko‘rsatmasida qiynoq ishlatganini rad etib, fuqarolar o‘z ixtiyori bilan tushuntirib xati yozib berganini aytgan. Chilonzor tuman sudi 16 may kungi hukmi bilan, tezkor xodim Farhod Qorayev va PPX inspektori Karimjon Mirzaboyevni 5 yil-u 1 oy muddatga, yana bir sobiq PPX xodimi Bahrom Shonazarovni 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Nyu York meri va o‘zbek tadbirkori keysi

Korrupsiya, qonunlarga amal qilmaslik va matbuotning erkin emasligi. Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekistonning ayrim xalqaro reytinglardagi o‘rni pasaygani mana shu uchta muammo bilan bog‘liq. Bu haqda payshanba kuni Senat yalpi majlisida ma’lum qilindi. Majlisda korrupsiya va so‘z erkinligi borasidagi vaziyat qisman tan olingan bo‘lsa-da, asosiy urg‘u yutuqlarga qaratildi. O‘zbekistonning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruzaga ko‘ra, 2024 yilda 20 ta ustuvor xalqaro reyting va indekslardan 10 tasida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari yaxshilangan. Nechtasida yomonlashgani esa aytilmadi.

Haftaning boshqa bir qiziq yangiligi ham O‘zbekistonning xorijdagi reputatsiyasi bilan bog‘liq. Amerika nashrlari rasmiy Toshkentning xalqaro imijini yaxshilash uchun harakat qilgan Bruklindagi o‘zbek lobbisti haqida yozmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Nyu Yorkda ko‘chmas mulk biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Tolib Mansurov shahar meri Erik Adamsga qarshi ochilgan jinoyat ishi figurantlaridan biriga aylangan.

Tergovda aniqlanishicha, Tolib Mansurov Nyu York shahri hokimligi uchun 2021 va 2025 yilgi saylovlardan oldin Erik Adams nomzodi uchun bir necha o‘n ming dollar xayriya qilgan. Prokurorlarning da’vosiga ko‘ra, bu xayriyalar Nyu York merining obro‘sidan foydalanib, O‘zbekiston hukumati haqida AQShda shakllangan salbiy qarashlarni yumshatish vositasi bo‘lgan. Xususan, Mansurov Adams uchun xayriya to‘playotgan paytda, BMTdagi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolaridan biriga tegishli telefon raqami bilan 292 marta bog‘langan. Adamsning vakili esa Mansurovga 55 marta qo‘ng‘iroq qilgan.

Bundan tashqari, biznesmenning qurilishlaridan birida muammo yuzaga kelganida, u hokim bilan aloqaga chiqqani, shundan keyin uning qurilish loyihasiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlangani aytilyapti. E’tiborlisi, atigi bir necha o‘n ming dollarlik xayriyalar haqida gap ketayotgan bo‘lsa-da, Tolib Mansurovdan bu pullarni trillion dollarlik iqtisodiyotga ega Nyu York shahri hokimining shaxsan o‘zi so‘ragan. Hokim bir marta o‘zbek tadbirkoriga Signal ilovasi orqali: “Menga katta yordam kerak” deb yozgan bo‘lsa, boshqa safar: “Siz doim mening eng kuchli odamim bo‘lgansiz” deya ta’kidlagan.

Tolib Mansurov – ham AQSh, ham O‘zbekiston fuqaroligiga ega; oliy ta’limni Rossiyaning Omsk shahrida olgan. U so‘roq paytida Nyu York hokimi uchun xayriyalar tashkil qilganini tasdiqlagan, lekin boshqa bir ayblov – pul yuvishga oid da’volarni rad etgan. Bu da’volar uning ofshor zonadagi kompaniya bilan aloqalariga oid. Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumiga ko‘ra, Mansurov boshqaradigan Nyu Yorkdagi ko‘chmas mulk biznesining 51 foiziga Kiprda ro‘yxatga olingan Saltamo nomli firma egalik qiladi. Jurnalistlar ayrim hujjatlar asosida bu kompaniya o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilovga aloqador bo‘lishi mumkin degan taxminni ilgari surgan. Mansurovning o‘zi va Fozilovning matbuot xizmati bu aloqalarni rad etgan. Shu bilan birga, “Baxtiyor Fozilov Saltamo'ning benefitsiar egasimi?” degan savolga uning matbuot xizmati javob bermagan.

AES qurilishiga huquqiy baza tayyorlanmoqda

Jizzaxda qurilayotgan AESda xudo ko‘rsatmasin biror kor-hol ro‘y beradigan bo‘lsa, davlat yetkazilgan yadroviy zarar uchun xalqqa tovon to‘lashi kerak bo‘ladi. O‘zbekiston hukumati o‘zi uchun ana shunday majburiyat olishga qaror qildi. Seshanba kuni deputatlar “Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonunni qabul qilib, Senatga yubordi.

Bu konvensiyada fuqarolik yadro obektlaridagi hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillari belgilangan. Qonunchilik palatasiga ko‘ra, bu xalqaro hujjatga qo‘shilish – zararni qoplashning xalqaro tan olingan huquqiy mexanizmlarini ta’minlab, jabrlanuvchilarni himoya qilishni kuchaytiradi. Bundan tashqari, hujjat yadroviy qurilmalarni boshqaruvchi operatorning aniq javobgarligi va majburiyatlarini belgilaydi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlarni yaratadi.

O‘zbekiston bu konvensiyadan tashqari, yana uchta: “Yadro xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Yadro avariyalari yoki radiatsiyaviy avariya holatlarida yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi va “Yadroviy avariya haqida tezkor xabar berish to‘g‘risida”gi konvensiyalarga ham qo‘shilishni rejalashtirgan. Amaliyotda bu qonunlarga hech qachon ehtiyoj tug‘ilmaydi, deb umid qilib qolamiz.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekiston va Italiya strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashini e’lon qildi. Bu haqdagi deklaratsiya Italiya bosh vaziri Jorja Melonining Samarqandga tashrifi vaqtida imzolandi. Tomonlar Yevropa bozorlariga kirib borishda o‘zbek biznesi uchun texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirishga kelishib oldi. O‘zbekistonda Tushiya universitetining filiali tashkil etiladi. Samarqanddagi ko‘chalardan biriga Rim shahri nomi berildi. Ertasi kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitida esa tomonlar xavfsizlik va iqtisodiy masalalalarda hamkorlikni kuchaytirishi ma’lum qilindi.

YouTube monetizatsiyasi yoqilmagani hisobiga O‘zbekiston yiliga 50 mln dollargacha mablag‘ yo‘qotyapti. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi izlanish olib borib, shunday xulosaga keldi. Tadqiqotga ko‘ra, mamlakatimizda obunachilari soni 10 mingdan oshadigan 6 mingta videobloger bor. Agar YouTube ularga har mingta ko‘rish uchun eng minimal hisoblarda 8 sentdan 1,4 dollargacha to‘laganida edi, jami daromad 29 mln dollardan 50 mln dollargacha oraliqda bo‘lardi. Markaz monetizatsiyani yoqish uchun to‘siqlardan biri sifatida shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi o‘sha mashhur qonunni keltirib o‘tgan.

O‘zbekistonda dron uchirish bo‘yicha federatsiya tuzilishi mumkin. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan mudofaa sohasida innovatsion texnologiyalar festivalida DXX raisi Bahodir Qurbonov ma’lum qildi. Qurbonov festival doirasida dronlar poygasini o‘tkazayotgan yoshlarni kuzatgach, harbiy tuzilmalar qoshida dron uchirish bo‘yicha to‘garaklar ochish topshirig‘ini berdi. Bu to‘garaklar kelgusida federatsiya uchun baza bo‘ladi, dedi DXX raisi.

Kelasi hafta tarixda ilk marta futbol bo‘yicha milliy jamoamiz jahon chempionatiga yo‘llanma olishi mumkin. 5 iyun, payshanba kuni Abu Dabida BAAga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yinda durang natija ham bizni muddatidan oldin, to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionatiga olib chiqadi. Aks holda, masala yechimi 10 iyun kuni Qatar bilan Toshkentdagi o‘yinga qolib ketadi. Xabarlarga qaraganda, Abu Dabidagi o‘yinga bir necha kun qolganda, BAAda yashash guvohnomasiga egaligi uchun stadiondagi mezbon muxlislar sektoridan joy ola olgan vatandoshlarning chiptalari bekor qilingan. Qayd etish kerak, rezident bo‘lishiga qaramay, fuqaroligi asosida chipta olishni cheklash xalqaro tajribada normal holat deb baholanmaydi. Masalan, Germaniya Turkiyani o‘z maydonida qabul qilganida, Germaniyada qonuniy yashash huquqini olgan turklarning ham bemalol mezbonlar uchun ajratilgan sektorlardan joy olganini ko‘p kuzatganmiz.

Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Umarshoh Saydaliyev
Tasvirchi – Shohruzbek Abdurayimov

Mavzuga oid