Jahon | 14:30 / 02.06.2025
2914
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoliklarni o‘qqa tutgan Isroil, Ukrainaning «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi va Parijdagi tartibsizliklar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil tanklari G‘azodagi yordam tarqatish markazini o‘qqa tutdi: 26 kishi halok bo‘ldi

Mahalliy aholi Isroil tanklari G‘azo sektoridagi Rafah shahrida joylashgan gumanitar yordam taqsimlash markaziga qarata o‘t ochganini ma’lum qildi. Guvohlar va shifokorlarning aytishicha, kamida 26 kishi halok bo‘lgan, 150 kishi yaralangan.

Rafahdagi jurnalist Muhammad G‘aribning BBC’ga ma’lum qilishicha, tanklar AQSh va Isroil qo‘llab-quvvatlovida ochilgan gumanitar yordam taqsimlash markazi yaqinida minglab falastinliklar to‘planganida o‘t ochishni boshlagan. Mahalliy jurnalist va faollar odamlar halok bo‘layotgani va yaralanganlar eshak aravalarda Qizil Xoch gospitaliga olib ketilayotgani tasvirlangan kadrlarni e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, favqulodda xizmat xodimlari o‘qqa tutilgan joyga o‘tib bora olmagan.

Muhammad G‘aribning so‘zlariga ko‘ra, tanklar yordam taqsimlash markaziga mahalliy vaqt bilan soat 04:30 larda yaqinlashgan va o‘t ochgan. «O‘ldirilganlar va yaralanganlar uzoq vaqt yerda yotdi. Qutqaruv xizmati bu hududga o‘ta olmadi, u Isroil nazorati ostida. Natijada odamlar eshak aravalarda yaradorlarni dala gospitaliga olib borishga majbur bo‘ldi», — deydi jurnalist. Qizil Xoch shifoxonasi xodimlari 26 kishi halok bo‘lgani va 150 kishi yaralanganini tasdiqladi.

Irkutsk oblasti ilk bor dronlar hujumiga uchradi

Ukraina Xavfsizlik kuchlari 1 iyun kuni «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasini amalga oshirdi. Uning doirasida Rossiyaning 40 dan ortiq harbiy samolyotlari, jumladan, A-50, Tu-95 va Tu-22 M3 strategik bombardimonchilari yakson qilindi.

Irkutsk oblasti aholisi dronlar hujumi uyushtirilgani to‘g‘risida xabar berdi. Urush boshlanganidan beri Usolskiy tumani ilk bor uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar hujumiga uchradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sredniy va Novomaltinsk posyolkalari hududlariga zarbalar berilgan. Usolskiy tumanida «Belaya» harbiy aerodromi joylashgan bo‘lib, u yerda Tu-22M3 bombardimonchilari saqlanadi.

Ukrainaning «Babel» nashriga ko‘ra, Ukraina Xavfsizlik kuchlari boshlagan «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi doirasida Rossiyaning 40 dan ortiq harbiy samolyotlarini, jumladan, A-50, Tu-95 va Tu-22 M3 strategik bombardimonchilari yakson qilingan.

Ukraina mahalliy nashrlari, ushbu hujum natijasida Rossiya armiyasining, umumiy qiymati 7 milliard dollardan oshadigan 41 ta texnikasi yo‘q qilinganini yozmoqda. Hozircha bu ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.

«Belaya» bazasiga hujum — urush boshlanganidan beri birinchi marta Sibirda amalga oshirilgan dron zarbasidir. Irkutsk oblasti Ukraina bilan urush zonalaridan qariyb 4,5 ming kilometr uzoqlikda joylashgan. Bundan tashqari, Murmansk viloyatidagi Olenya bazasi ham hujumga uchradi — bu Rossiyaning yadroviy qurol tashishga qodir aviatsiyasi joylashgan strategik obektlaridan biridir.

Ukraina xavfsizlik xizmati rasmiysiga ko‘ra, Ukraina dronlari Rossiya hududiga yuk mashinalarida yashirincha olib kirilgan va aynan o‘sha mashinalardan uchirilgan. Bu da’vo hozircha tasdiqlanmagan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa dronlar aynan havo bazalariga yaqin hududlardan uchirilganini ma’lum qildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu amaliyotga tayyorgarlik bir yarim yil oldin boshlanganini va hujumda qatnashgan kuchlar zarbalar boshlanishidan oldin Rossiyadan olib chiqilganini aytdi. U ularni «mutlaqo a’lo darajadagi natija» deb atadi va qo‘shimcha qildi: «Ukraina o‘zini himoya qilmoqda va bu to‘g‘ri – biz Rossiyani urushni to‘xtatishga majbur qilish uchun barcha choralarni ko‘ryapmiz».

Rossiyalik harbiy blogerlar bu hujumlarni havo mudofaasi uchun katta muvaffaqiyatsizlik deb atashdi. «Bugungi kun Rossiyaning uzoq masofali aviatsiyasi uchun qora kun deb ataladi. Va kun hali tugamagan», deydi ulardan biri.

Parijda tartibsizliklar yuzaga keldi

Yakshanbaga o‘tar kechasi Fransiya politsiyasi Parijda «Pari Sen-Jyermen» futbol klubining Chempionlar ligasi finalidagi g‘alabasini nishonlash to‘qnashuv va tartibsizliklarga aylanib ketganidan keyin 550 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shanba kuni «Pari Sen-Jyermen» Myunxendagi o‘yinda Milanning «Inter» klubini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va o‘z tarixida ilk bor Yevropa klublari futbolidagi eng nufuzli kubok sohibiga aylandi. O‘yinni tomosha qilish va keyin g‘alabani nishonlash uchun Parij markazidagi Yelisey maydonlari va «Pari Sen-Jyermen»ning uy arenasi bo‘lgan «Park de Prens» stadioni yonida 50 mingga yaqin muxlis yig‘ildi.

Bayramni nishonlayotgan ba’zi muxlislar mushakbozlik, mashinalarga o‘t qo‘yish va avtobus bekatlarini buzishga kirishdi. Politsiya bilan to‘qnashuvlar boshlandi. Fransiya poytaxti ko‘chalarida 5,4 mingga yaqin politsiyachi bo‘lgan. Hibsga olingan 559 kishining aksariyati tartibsizliklarda, shuningdek, mushakbozlik uyushtirishda gumon qilinmoqda.

«Yelisey maydonlarida tartibsizliklar uyushtirishga uringanlar politsiya bilan doimiy ravishda to‘qnashuvlarga kirishgan, katta mushakbozlik va boshqa obektlarni uloqtirishgan», – deyiladi politsiya xabarida. Rasmiylarga ko‘ra, tartibsizliklar chog‘ida kamida 192 kishi, jumladan 22 nafar xavfsizlik xodimi va yetti nafar o‘t o‘chiruvchi jarohatlangan. Politsiya o‘t qo‘yish bilan bog‘liq 692 ta holatni qayd etgan, jumladan 264 ta transport vositasi yoqib yuborilgan. Ikki kishi halok bo‘ldi.

Isroil asirlari uchun AQShda o‘tkazilayotgan mitingda olti kishi yaralandi

1 iyun kuni AQShning Kolorado shtatida «Run for their lives» nomli ko‘ngillilar guruhi G‘azodagi isroillik asirlarga bag‘ishlab o‘tkazgan tadbirda sodir bo‘lgan hujumda kamida olti kishi yaralandi. Politsiya 45 yoshli erkak – Muhammad Sabriyni hibsga oldi. FBI bu hodisani «nishonli terror hujumi» sifatida baholamoqda.

Al Jazeera nashrining FBI’ga tayanib yozishicha, Sabriy hujum chog‘ida «Free Palestine» («Falastinga ozodlik») deb baqirgan va qo‘lda yasagan olov purkagich qurilmasidan foydalangan. U shuningdek, yaralanib, shifoxonaga olib ketilgan, biroq jarohatlarining holati ochiqlanmagan. Hozircha unga qarshi rasmiy ayblov qo‘yilmagan, ammo rasmiylar uni «to‘liq javobgarlikka tortish» niyatida ekanini bildirdi.

Hujum natijasida jabrlanganlar 67 yoshdan 88 yoshgacha bo‘lib, ularga yengil va og‘ir darajada kuyish tashxisi qo‘yilgan. Voqea AQShda Isroil-G‘azo urushi tufayli kuchaygan keskinlik fonida yuz berdi. So‘nggi oylar ichida nafaqat yahudiylarga, balki musulmonlarga nisbatan ham zo‘ravonlik holatlari ko‘paygan.

Rossiyada terrorchilar uchun o‘lim jazosini joriy etish taklif qilindi

«Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun» partiyasi raisi Sergey Mironov Rossiyada terrorchilar uchun o‘lim jazosini joriy etish taklifini ilgari surdi.

«Qotil terrorchilar uchun haqiqiy adolatli jazo bu faqat o‘lim bo‘lishi mumkin. Fraksiyamiz bir necha bor terrorchilar hamda ularning sheriklari uchun o‘lim jazosini tiklashni talab qilgan va biz ushbu qarorga erishamiz. Terrorchilik aktini sodir etganlar bilan insonparvarlik o‘ynashni bas qilishimiz kerak», — deydi Mironov.

Uning ta’kidlashicha, «dahshatli va noinsoniy harakat» Volodimir Zelenskiy rejimining asl mohiyatini ochib bergan. «Barchamiz bolalarimiz kelajagi haqida gapirishimiz kerak bo‘lgan kunda banderachilar begunoh odamlarga og‘riq-musibat olib keldi», — dedi u.

Mironovning fikricha, Zelenskiy rejimi butunlay yo‘q qilinishi, «Ukraina mojarosining asosiy sabablari ildizi quritilishi» va Ukrainaning neytral maqomi ta’minlanishi kerak.

Mavzuga oid