Jahon | 14:28 / 02.06.2025
1999
2 daqiqa o‘qiladi

Lavrov va Rubio Istanbuldagi bo‘lajak muzokaralarni muhokama qildi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va AQSh Davlat departamenti rahbarlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi raundi arafasida telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Vashington Moskvaga barqaror tinchlik muhimligiga ishora qildi.

Foto: AP / Evelyn Hockstein/Pool

AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 1 iyun, yakshanba kuni telefon orqali suhbatlashdi. Rossiya idorasi saytidagi xabarga ko‘ra, siyosatchilar «Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha turli tashabbuslar, jumladan, 2 iyun kuni Istanbuldagi Rossiya-Ukraina to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarini qayta boshlash rejalari bo‘yicha aniq pozitsiyalarni almashgan».

Bundan tashqari, Rubio «1 iyun kuni Bryansk va Kursk viloyatlarida temiryo‘l infratuzilmasi portlatilishi natijasida tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi», — deyiladi Rossiya TIV xabarida.

O‘z navbatida, Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus ham telefon suhbati fakti haqida ma’lum qildi. «Davlat kotibi Marko Rubio bugun Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrov bilan Rossiya iltimosiga ko‘ra gaplashdi. Kotib Rubio prezident Trampning Rossiya va Ukraina o‘rtasida mustahkam tinchlikka erishish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni davom ettirishga chaqirganini yana bir bor ta’kidladi», — deyiladi AQSh Davlat departamenti saytidagi bayonotning to‘liq matnida.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Har ikki tomon 1 iyun kuni Turkiya megapolisiga muzokaralar o‘tkazish uchun delegatsiyalar jo‘natishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid