May oyida inflatsiya 1,5 foizgacha tezlashdi. Bunga elektr va gaz narxlarining oshishi katta ta’sir ko‘rsatgan
Joriy yil may oyida O‘zbekistonda inflatsiya darajasi 1,5 foizni tashkil etib, aprel oyiga nisbatan 0,8 foiz bandga tezlashgan. O‘tgan oyda respublika bo‘yicha elektr energiyasi narxi o‘rtacha 18,8 foizga, tarmoq gaz narxi 39,2 foizga, suyultirilgan gaz narxi 25 foizga qimmatlashgan. O‘z navbatida, qator sabzavotlar va dukkakli mahsulotlar narxida tushish kuzatilgan.

Foto: Shutterstock
2025 yilning may oyida O‘zbekistonda inflatsiya darajasi 1,5 foizni tashkil etib, aprel oyiga nisbatan 0,8 foiz bandga tezlashdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
O‘z navbatida, yillik inflatsiya aprel oyidagi 10,1 foizdan 8,7 foizgacha sekinlashgan. Bu 2024 yilning may oyida energiya narxlarining keskin o‘sishi natijasida paydo bo‘lgan yuqori bazaning umumiy inflatsiyadan chiqib ketishi bilan bog‘liq.
O‘tgan oyda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi inflatsiya darajasi respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan baland shakllangan. Yillik nisbatda esa Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida yuqori inflatsiya kuzatilyapti.
Hisobot oyida mavsumiy omillar ta’sirida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,8 foizga arzonlashgan bo‘lsa, nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 1,7 foizga, xizmatlar narxi 5,9 foizga (kommunal xizmatlar sohasidagi tariflarning qimmatlashishi hisobiga) oshgan.
1 maydan boshlab, aholi iste’moli uchun elektr energiyasi va tarmoq gazining yangilangan tariflari joriy qilingandi. Respublika bo‘yicha elektr energiyasi narxi o‘rtacha 18,8 foizga (salmoq vazni +2,4 foiz, INI o‘sish sur’tiga ta’siri +0,45 foiz f.d), tarmoq gaz esa 39,2 foizga (salmoq vazni +1,5 foiz, INI o‘sish sur’tiga ta’siri +0,6 f.d) oshishi kuzatilgan.
Shuningdek, may oyidan maishiy foydalanish uchun suyultirilgan gaz narxi 25 foizga (salmoq vazni 0,5 foiz, INI o‘sish sur’tiga ta’siri + 0,11 f.d) oshdi. Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida sovuq suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlar qimmatlashgan. Boshqa hududlardagi barqarorlikni hisobga olgan holda, ushbu xizmat turi bo‘yicha oylik inflatsiya 10,2 foiz (INI o‘sish sur’tiga ta’siri +0,10 f.d.) bo‘lgan.
Transport bo‘limida narxlarning sezilarli o‘sishiga transport vositalari uchun metan narxining o‘tgan oyga nisbatan 27 foizga (salmoq vazni +1,7 foiz, INI o‘sish sur’tiga ta’siri +0,45 f.d) qimmatlashishi sabab bo‘ldi. May oyida benzin va propan narxlarida 0,1-2,7 foiz oralig‘ida tushish kuzatilgan. Yo‘lovchi tashish xizmatlari bo‘yicha oylik inflatsiya +1 foiz bo‘lgan. Shu jumladan, avtomobil transporti xizmatlari 2,4 foizga, temiryo‘l transporti xizmatlari esa 0,1 foizga qimmatlashgan. Shu qatorda havo transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari o‘rtacha 5,4 foizga arzonlashgan. Bu O‘zbekiston havo yo‘llarida ichki qatnovlar uchun ekonom klass tariflarining pasayishi bilan bog‘liq.
Oy davomida narxlarning tushishi asosan sabzavotlar, ildizmevalilar va dukkakli mahsulotlarda (-10,7 foiz) kuzatilgan bo‘lib, bu bozorlarda yangi hosil mahsulotlarining ko‘payishi bilan bog‘liq. Shu jumladan, asosiy turdagi sabzavotlardan bodring (-61,1 foiz), pomidor (-27,1 foiz), karam (-14 foiz), kartoshka (-1,9 foiz), piyoz (-1,2 foiz) arzonlashishi kuzatilgan. Shu bilan birga, sabzi narxlarida (+15 foiz) oshish qayd etilgan.
Shuningdek, oy davomida o‘simlik yog‘i 4 foizga, shakar 2,2 foizga qimmatlashgan, go‘sht mahsulotlari narxi esa barqarorlashgan. Jumladan, mol go‘shti va qo‘y go‘shti narxlari qimmatlashishi 0,8 foizdan oshmagan, parranda go‘shtida biroz tushish kuzatilgan (0,3-0,5 foiz oralig‘ida). Bundan tashqari, tuxum (-4 foiz), guruch (-0,5 foiz) va xom sut (-0,2 foiz) narxlari ham pasaygan.
Mavzuga oid

22:41 / 24.05.2025
O‘zbekistonning likvid zaxiralari joriy yilda eng yuqori cho‘qqisiga chiqib, keyin kamayib boradi - S&P

22:11 / 20.05.2025
O‘zbekistonda go‘sht narxi oshishiga qaysi omillar ta’sir qilyapti?

17:27 / 16.05.2025
O‘zbekistonliklar go‘sht, sut va yonilg‘i narxlari oshishini ko‘proq sezishyapti

15:16 / 14.05.2025