O‘zbekiston | 11:46 / 02.06.2025
4731
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hafta davomida issiq bo‘lishi kutilmoqda

Ish haftasi davomida O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, harorat ko‘tarilishda davom etadi. Chorshanba kuni havo +36…+39 darajagacha isiydi. 5 iyunda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol kuchayishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

Yangi ish haftasi davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. deb xabar bermoqda «O‘zgidromet».

Havo harorati ko‘tarilishda davom etadi. Dushanba kuni respublika hududining katta qismida kunduzgi harorat +30…+35 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarda +38 darajagacha bo‘ladi. Hafta o‘rtasiga kelib, havo +36…+39 darajagacha, janubda +42 darajagacha isiydi.

O‘zbekiston shimolida dushanba va seshanbada harorat +38…+40 daraja bo‘lishi kutilmoqda, chorshanba kunidan esa haroratning +32…+37 darajagacha asta-sekin pasayishi boshlanadi.

3–4 iyun kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 5 iyunda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15–20 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bo‘lishi kutilmoqda.

Toshkent shahrida asosan kam bulutli ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi.

Harorat dushanba kuni +30…+32 daraja, seshanba kuni +33…+35 daraja, chorshanba va payshanba kunlari +35…+38 daraja bo‘ladi.

Mavzuga oid