Jahon | 22:49 / 02.06.2025
7799
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik olimlar chigirtkalardan non yopishni tavsiya qildi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, chigirtka unining taxminan 60 foizi oqsillardan iborat. Bunday undan foydalanish tavsiyasi mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari narxi qimmatlashib borayotgan bir paytda ilgari surildi.

Foto: Getty images

Qora chigirtkalar kabi «noan’anaviy oqsilli materiallar» qo‘shilgan non Rossiya aholisi ratsioniga kirib borishi mumkin. Bu aholining oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining tez sur’atlar bilan o‘sishidan aziyat chekayotgan bir paytda yuz bermoqda. Bunday un mahsulotining foydasi haqida Janubiy Ural davlat universiteti olimlari ma’lumot berdi.

Oliygoh xodimlari oddiy bug‘doy uniga uvalangan chigirtka xomashyosini qo‘shish orqali yangi non yopish usulini ishlab chiqdi. Universitetning Sport, turizm va servis instituti professori, texnika fanlari doktori Abduvali Toshevning so‘zlariga ko‘ra, chigirtka unining taxminan 60 foizi oqsillardan iborat bo‘lib, oddiy bug‘doy unida bu ko‘rsatkich 10 foizdan oshmaydi. Bundan tashqari, bu kabi unning eruvchanlik indeksi uch baravar yuqori, emulsiya hosil qilish faolligi 55,2 foizga yetadi (oddiy unda bu ko‘rsatkich — 12,3 foiz), ko‘pik hosil qilish xususiyati esa 67,4 foiz — bu bug‘doy unidan to‘rt baravar yuqori.

Toshevning ta’kidlashicha, hatto chigirtka xomashyosining oz miqdordagi aralashmasi ham non mahsulotlarini mikroelementlar bilan boyitadi, ta’mi va boshqa xususiyatlarini yaxshilaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi turdagi nonlar tarkibidan suv o‘tlari va qo‘ziqorinlar aralashmasidan tayyorlangan un ham o‘rin olishi mumkin.

Toshevning aytishicha, 5–15 foiz chigirtka uni, 2–6 foiz spirulina (suv o‘tlari) aralashmasi hamda 10–20 foiz qo‘ziqorin kukuni qo‘shilgan mahsulotlar «optimal» ta’m va hidga ega bo‘lgan.

Non — 2024 yil yakunlariga ko‘ra Rossiya do‘konlarida narxi sezilarli darajada oshgan va 2025 yilda ham oshishni davom etayotgan mahsulotlardan biridir. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, may oyi oxiriga kelib, nonning chakana narxi yillik hisobda 15 foizga qimmatlashgan. Umuman olganda, 2024 yildagi oziq-ovqat inflatsiyasi so‘nggi to‘qqiz yildagi eng yuqori darajaga — 11,05 foizga yetgan.

«Romir» holdingi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil aprelida rossiyaliklar oziq-ovqatga sarflaydigan xarajatlari Ukraina urushi boshlanganidan buyon eng yuqori darajaga chiqqan. O‘rtacha oziq-ovqat xarajatlari iste’molchilar budjetining 34,6 foizini tashkil etmoqda (yil boshida 33 foiz, 2024 yil aprelida esa 28,6 foiz edi). Bu raqamlar «Romir» tomonidan so‘nggi 5 yil ichida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

2025 yil boshlarida qator non ishlab chiqaruvchilar ulgurji narxlarni 10–12 foizga oshirishlarini e’lon qilgandi. Ta’kidlanishicha, non mahsulotlari narxining oshishiga ombor va transport logistikasi xarajatlari, soliq yuki ortishi, xomashyo narxining oshishi va boshqa omillar sabab bo‘lmoqda.

Mavzuga oid