Sanksion tovarlarning O‘zbekiston orqali Rossiyaga yetkazilishi qisqargani qayd etildi
Yevropa Ittifoqi sanksiya ostidagi tovarlarning Armaniston, Serbiya, O‘zbekiston va Hindiston orqali Rossiyaga yetkazib berilishini cheklashda “ba’zi muvaffaqiyatlarga” erishdi. Qozog‘iston, BAA va Turkiya orqali o‘tuvchi kanallarni yopish esa qiyinroq kechyapti. YeI vakiliga ko‘ra, sanksiyalarni chetlab o‘tish holatlarining 80 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishda YeI–AQSh hamkorligi to‘xtab qolgan.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ostidagi tovarlarning Rossiyaga O‘zbekiston orqali kirib borishini cheklashda “ba’zi muvaffaqiyatlarga” erishdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashining 20 may kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishiga doir hujjatga asoslanib, nemis matbuoti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda YeIning sanksiyalar bo‘yicha vakili Devid O’Sallivan va YeI Razvedkani muvofiqlashtirish markazi direktori Deniyel Markik sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga “katta ta’sir” o‘tkazayotganini aytgan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Yevroittifoq harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlarning uchinchi davlatlar orqali, xususan Armaniston, Serbiya, O‘zbekiston va Hindiston orqali Rossiyaga kirib borishining oldini olishda “ba’zi muvaffaqiyatlarga” erishgan.
Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiya orqali aylanib o‘tish yo‘llarini yopish esa hamon qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Asosiy marshrut – Xitoy
O’Sallivanga ko‘ra, sanksiyalarni aylanib o‘tish holatlarining 80 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Rasmiy Pekin esa buni rad etib kelmoqda.
O‘tgan hafta Ukraina Tashqi razvedka xizmati direktori Oleg Ivashchenko Rossiyaga urush uchun zarur ko‘plab tovarlarni Xitoy yetkazib berayotganini aytgandi.
Xitoy Rossiya mudofaa sanoati kompaniyalariga mashinasozlik qurollari, maxsus kimyoviy vositalar, porox va komponentlarni yetkazib berayotgani haqida ma’lumot bor, degandi u. Ivashchenkoga ko‘ra, Ukraina razvedkasi shunday tovarlar yetkazib berilayotgan Rossiyaning 20 ta kompaniyasini aniqlagan.
AQSh endi bu kurashda YeI bilan birga emas
Bryusselda o‘tgan yig‘ilishga doir hujjatda ko‘rsatilishicha, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning aylanib o‘tilishiga qarshi kurashish masalasida bundan buyon katta ehtimol bilan Vashingtonning yordamiga umid qila olmaydi.
Ittifoqning sanksiyalar bo‘yicha vakili Devid O’Sallivanga ko‘ra, “sanksiyalarni chetlab o‘tish masalalari bo‘yicha AQSh bilan barcha aloqa kanallari uzilgan”. Shuning uchun bu yo‘nalishda “birgalikda harakat qilish”ning endi iloji yo‘q. “Katta yettilik” guruhi doirasidagi hamkorlik ham “rivojlanishdan to‘xtagan”.
Donald Tramp joriy yil boshida AQSh hokimiyatiga kelishi bilanoq, bir necha kun o‘tib AQSh Adliya vazirligi kleptokratiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishchi guruhini tarqatib yubordi. Bu ishchi guruh Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini boshlangan 2022 yil mart oyida tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi Rossiya oligarxlarining aktivlarini kuzatish edi. Surishtiruvlar davomida ko‘plab ko‘chmas mulklar, yer maydonlari, xususiy samolyotlar va shohona yaxtalar xatlangan edi.
O‘tgan davrda AQSh va Yevropaning moliyaviy tergovchilari Rossiyaga taalluqli boshqa aktivlarni ham aniqlash maqsadida muntazam aloqada bo‘lib keldi. Lekin Yevropa Ittifoqidagi manbalarga ko‘ra, bunday almashinuvlar bir necha haftadan beri to‘xtab qolgan. AQSh tomoni tegishli ma’lumotlarni bermay qo‘ygan.
Mavzuga oid

00:44
Rossiyada o‘zbekistonlik ishchining boshiga ichida sement bo‘lgan chelak tashlab yuborildi

22:07 / 03.06.2025
Rossiyalik fermerlar qozoq sayg‘oqlari tufayli Putindan yordam so‘radi

21:02 / 03.06.2025
Rossiyada World of Tanks o‘yini dasturchilari «ekstremistik uyushma» deb e’lon qilindi

18:55 / 03.06.2025