Yana o‘zbekistonliklar ajratildi: BAA aeroportida 100 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari ushlab turildi
2 iyun kuni Jahon chempionati saralashi doirasida BAA–O‘zbekiston o‘yinini ko‘rish uchun borgan yuzlab o‘zbekistonlik muxlislar Sharja aeroportida 6-7 soat davomida ushlab turildi. Vatandoshlarning so‘zlariga ko‘ra, faqat O‘zbekiston fuqarolarining pasportlari olib qo‘yilgan, ulardan anketa to‘ldirish, mehmonxona band qilgani haqida hujjat va qaytish chiptasining nusxasi so‘ralgan.

Foto: Shoxrux Haydarov
Toshkent—Sharja reysi bilan futbol bo‘yicha JCh saralashi doirasidagi BAA–O‘zbekiston o‘yinini tomosha qilish uchun 2 iyun kuni amirlikka uchib kelgan yuzlab o‘zbekistonliklar Sharja aeroportida ushlab turilibdi. Bu haqda BAAga kiritilmay turgan O‘zbekiston OAV vakillari va blogerlar yozmoqda.
Sharja aeroportida bo‘lib turgan Gazeta.uz muxbirining xabar berishicha, dastlab ayollar va yoshi katta insonlarni o‘tkazishgan, qolgan erkaklardan qo‘shimcha hujjatlar so‘rashgan.
«Qolgan erkak va yigitlardan birinchi marta kelayotgani uchun anketa to‘ldirish, mehmonxona band qilgani haqida hujjat va qaytish biletlari nusxasi so‘raldi. Barchaning hujjatlari olib borilganda, ulardan nusxa ko‘chirib, shu bilan barcha hujjatlarni olib kirib ketishdi va qaytib chiqishmadi. Sharja vaqti bilan 06:05 da qo‘ngan bo‘lsak, hozir 11:05. Aytarli gap yo‘q. Nima uchunligi va qachon qanday javob berilishi umuman noma’lum», — deya ta’kidlagan jurnalist.

Ijtimoiy tarmoqdagi yana bor foydalanuvchi O‘zbekiston fuqarolarining pasportlari olib qo‘yilganini va majburiy kutishayotganini yozgan.
«Sharja aeroportida bizni chiqarmay ushlab o‘tirishibdi. 5-soat ketyapti. Sababini so‘rasak, prosto … kutishimizni aytishdi. 100 kishi, nega, qachon chiqamiz, bilmaymiz. Bilganimda, kelmasdim lekin rosti. Darvoqe, pasportlar olib qo‘yilgan, faqat o‘zbek pasporti borlarniki», deydi Sherzod Rajabov ismli O‘zbekiston fuqarosi.
Toshkent vaqti bilan 14:30larda O‘zbekiston fuqarolari aeroportdan o‘tkazib yuborilgani aytildi. Ularning qanchasi o‘tkazilgani ma’lum emas.
Ma’lum bo‘lishicha, BAAga o‘zbeklarning kiritilmasligi holati kecha, 1 iyun kuni ham sodir bo‘lgan. Xususan, jurnalist Nodirxo‘ja Yo‘ldoshev 1 iyun kungi reys bilan BAAga borgan o‘zbekistonlik jurnalistlar ham 8 soatga yaqin aeroportda ushlab turilganini yozgan.
«Abu-Dabi va Sharja reyslarida so‘nggi paytlarda doimiy muammo mavjud. Asosan 25−35 yosh oralig‘idagi turistlarni ushlab qolishyapti. Oilaviy yoki yoshi kattalarga indashmayapti. Maslahatim, o‘yin kuni Sharja va Abu-Dabidan kelmang, ulgurmasligingiz mumkin. Dubaydan muammo yo‘q», — deb yozgan u.
Tarmoqlarda, shuningdek, Toshkent shahar turizm boshqarmasi poytaxtda turizm sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’yektlariga jo‘natgan xati tarqaldi.
Xatda Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamentining murojaati haqida so‘z boradi. Unda O‘zbekistondan borayotgan 5 ming futbol muxlislari stadionga sig‘maslik ehtimoli yuqori ekani, bu esa xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi aytiladi. Shu sabab turfirmalarga «BAA aeroportlarida xavfsizlik idoralari O‘zbekiston fuqarolarning qaytarib yuborilishi asos sifatida taxmin qilinayotgani inobatga olinib, bu kunlarda BAAga turpaketlar orqali turistlarni yubormaslik choralarini ko‘rish» tavsiya etilgan.
Kun.uz holatga aniqlik kiritish, O‘zbekiston fuqarolariga qilinayotgan bunday kamsitish holatiga Tashqi ishlar vazirligi va BAAdagi diplomatik vakolatxonalar ko‘rayotgan choralar haqida ma’lumot olish uchun TIV matbuot kotibiga so‘rov yubordi.
TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov yaqin vaqtlarda bu masala yuzasidan rasmiy munosabat berilishini aytdi.
Bir necha kun avval, ushbu o‘yinga chipta xarid qilgan BAA ID kartasiga ega o‘zbekistonliklarning elektron pochtasiga chipta bekor qilingani va xarid uchun sarflangan pul qaytarilishi haqida xabar kelgandi.
Joriy yil 5 iyun kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 saralashi 3-bosqichi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari jamoasi bilan o‘ynaydi. Uchrashuv Abu-Dabidagi «Al-Nahyan» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston terma jamoasi o‘rin olgan A guruhida Eron terma jamoasi yetakchilik qilmoqda va ular jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilib bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi yo‘llanmani kafolatlashi uchun BAA bilan safarda kamida durang o‘ynashi yoki Toshkentda Qatarni mag‘lub etishi lozim bo‘ladi. Shunda terma jamoa raqiblarining o‘yinlaridagi natijadan qat’i nazar mundialga boradi. O‘z navbatida BAA o‘z maydonida O‘zbekistonni mag‘lub eta olmasa, to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmadan quruq qoladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 21 noyabr kuni BAAning Al-Ayn amirligida Isroil va Moldova fuqarosi, BAA rezidenti bo‘lgan rohib Tsvi Koganning jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. Yahudiy rohibning o‘limida O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi aybdor deb topilib, o‘limga hukm qilindi.
Ushbu holat ortidan O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishi, mehnat faoliyati va viza olishida ko‘plab muammolar boshlandi. Xususan, o‘tgan yili 25 noyabr kuni O‘zbekistonning Dubayda mehnat qilayotgan bir guruh fuqarolari politsiya tomonidan olib ketilgandi. Keyinroq ularning ayrimlari qo‘yib yuborilgani, ayrimlari deportatsiya qilingani hamda yana 5 kishiga nisbatan jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid

16:53 / 02.06.2025
«BAAdagi fuqarolarimizni tezlikda tekshiruvdan o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan» - TIV

14:00 / 02.06.2025
Qoraqalpog‘istonda bambuk ekinzorlari barpo etiladi

19:09 / 30.05.2025
Sariosiyo aeroporti 30 yildan so‘ng faoliyatini tikladi

10:07 / 30.05.2025