Jahon | 14:20 / 03.06.2025
2521
11 daqiqa o‘qiladi

AQShga shart qo‘yayotgan Eron, katta natijasiz tugagan Istanbul muzokaralari va G‘azo qamalini buzmoqchi bo‘lgan faollar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil humanitar yordam yuklangan 3000 ta yuk mashinasining G‘azoga kirishini to‘sib qo‘ydi

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh direktori Munir al-Burshning aytishicha, Isroil qamal ostidagi hududga humanitar yordam olib ketayotgan 3000 ga yaqin yuk mashinasining kirib kelishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan bayonotda Bursh Isroil mintaqada AQSh ko‘magida «qotilliklar» sodir etayotganini aytdi. G‘azodagi shifoxonalarning dori-darmon va dori taqchilligi sababli «ayanchli» ahvolda ekanligini ta’kidlagan Bursh: «Hozirda Arishda (Misr) tibbiy yordam kutayotgan 3000 yuk mashinasi Isroil tomonidan to‘siqlar tufayli G‘azoga kira olmayapti», dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dori-darmon va vaksinalarni olib kirishga to‘sqinlik qilish yuqumli kasalliklar va epidemiyalarning tarqalishiga olib kelgan. G‘azoda o‘tkir diareya, meningit kabi kasalliklar kuchaygan, aholi o‘rtasida suv inqirozi chuqurlashib bormoqda, ularning 90 foizi suvga ega emas. Bursh Isroil tomonidan yaqinda joriy qilingan «yangi yordam tarqatish mexanizmi»ni keskin tanqid qilib, bu usul «ommaviy qotillik va majburiy migratsiya vositasi»ga aylanganini va yordam so‘ragan tinch aholiga qayta-qayta uyushtirilgan hujumlar bu qat’iylikni tasdiqlaganini ta’kidladi.

G‘azo hukumati matbuot byurosiga ko‘ra, 27 maydan beri yordam tarqatish punktlarida 49 falastinlik o‘ldirilgan, 305 nafari yaralangan. Birgina 1 iyun kuni Rafah va G‘azo markazidagi hujumlarda 32 kishi halok bo‘ldi, 250 dan ortiq kishi yaralandi.

Rossiya-Ukraina muzokaralari

2 iyun kuni Istanbulda Rossiya-Ukraina muzokaralarining ikkinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Bir soatdan sal ko‘proq yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuvda tinchlik muzokaralari katta natijasiz yakunlandi. Faqat asir almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ukraina muzokarachilari aytishicha, Rossiya yana bir bor «sharsiz o‘t ochishni to‘xtatish» taklifini rad etgan. Bu taklif Kiyev va uning Yevropa hamda AQShdagi ittifoqchilari uchun asosiy talab bo‘lib qolmoqda. Biroq tomonlar 12 ming nafar askar jasadini qaytarishga kelishib oldi. Shuningdek, uchrashuvda og‘ir yaralanganlar, kasallar va 25 yoshgacha bo‘lgan harbiy asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ukraina, shuningdek, Rossiyaga majburan olib ketilgan yuzlab bolalarning ro‘yxatini ham taqdim etgan.

Rossiya delegatsiyasi esa front chizig‘ining «muayyan hududlarida» ikki yoki uch kunlik sulh taklif qilinganini aytdi, biroq batafsil ma’lumot bermadi.

Uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumanida chiqish qilgan Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov (Ukraina kamida 30 kunlik, quruqlikda, dengizda va havoda «to‘liq va sharsiz sulh» talab qilayotganini bildirdi. «Qotilliklarni hoziroq to‘xtatishimiz kerak», dedi u.

Rossiya va Ukrainaning sulh bo‘yicha rasmiy takliflari e’lon qilinmagan. Biroq rus OAVlari muzokaralardan keyin Moskvaga tegishli asosiy talablar ro‘yxatini chop etdi. Ular orasida:

  • Ukraina armiyasining Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan chiqishi,
  • Ukraina harbiylarini demobilizatsiya qilish,
  • bu hududlar hamda Qrimning Rossiyaga tegishli ekanini xalqaro tan olish,
  • Ukrainaning har qanday harbiy ittifoqlarga a’zoligini taqiqlash,
  • Ukraina armiyasi sonini cheklash,
  • rus tilini rasmiy tilga aylantirish,
  • Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish talablari bor.

Ukraina delegatsiyasi Rossiyaning javobini iyun oxirigacha kutayotganini bildirar ekan, Volodimir Zelenskiy bilan Vladimir Putin o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilishini ta’kidladi. Biroq hozircha ikki rahbar o‘rtasida muzokaralarga yaqinlashuv sezilmayapti.

16 may kuni o‘tkazilgan birinchi bevosita muzokaralarda ham tomonlar 1 mingdan asirni o‘zaro almashishga kelishgan, biroq urushni qanday tugatish bo‘yicha kelisha olmagan edi.

Eron AQShning taklifini rad qilmoqchi

Eron AQShdan «yadro dasturi bo‘yicha yangi kelishuvga erishishni istasa, sanksiyalar qanday bekor qilinishi bo‘yicha aniq izoh berish»ni talab qilmoqda.

Bu haqda 2 iyun kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy bayonot berdi. Mazkur bayonot AQSh tomonidan «qabul qilsa bo‘ladigan» taklif yuborilganidan bir necha kun o‘tib yangradi. Al Jazeera manbalariga ko‘ra, Eron AQShning ushbu taklifini «muloqot boshlashi mumkin bo‘lmagan» deb baholab, uni rad etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bag‘oiy sanksiyalarning «real yakunlanishi» bo‘yicha kafolatlar zarurligini ta’kidlagan, jumladan ular qanday yo‘l bilan va qanday mexanizm orqali bekor qilinishi kerakligini aniqlashtirish lozimligini bildirgan.

«Bu borada Amerika tomoni hali kerakli aniqlikni taqdim etgani yo‘q», dedi u. Bag‘oiy shuningdek, Eronga uranni «tinch maqsadlarda» boyitishda davom etishini yana bir bor ma’lum qildi.

AQSh vakili Stiv Uitkoff esa prezident Donald Tramp Tehronning uran boyitishni davom ettirishiga keskin qarshi ekanini aytgan va bu holatni «qizil chiziq» deb atagan. BMT hisobotiga ko‘ra, Eron uranni 60 foiz darajada boyitishni kuchaytirgan. Bu yadroviy qurol uchun zarur bo‘lgan taxminan 90 foizlik darajadan past, ammo elektr ishlab chiqarish uchun kerak bo‘lgan 4 foizlik darajadan ancha yuqori. Bag‘oiy bu hisobotni xolis emas deb rad etdi va ayrim G‘arb davlatlarini BMTga Eron manfaatlariga qarshi harakat qilish uchun bosim o‘tkazayotganlikda aybladi.

New York Times keltirgan rasmiy manbalar so‘zlariga ko‘ra, AQShning so‘nggi taklifida Eronga barcha boyitish ishlarini to‘xtatish talabi qo‘yilgan. Tehron ushbu taklifni olganini tasdiqlagan. Oq uy bu taklifni «Eron manfaatlariga mos» deb baholagan. Biroq Eron hanuzgacha bu hujjatni o‘rganayotganini bildirgan.

Eron 12 apreldan beri AQSh bilan besh marta uchrashuv o‘tkazdi va Eronga oid yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar olib borildi. AQSh bu dastur tinch maqsadlarga yo‘naltirilganiga kafolat so‘rasa, Eron so‘nggi yillarda iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazgan og‘ir sanksiyalardan qutulmoqchi.

Turkiya va Pokiston IShID yetakchilaridan birini qo‘lga oldi

Turkiya Milliy razvedka tashkiloti va Pokiston Xizmatlararo razvedkasi o‘rtasida o‘tkazilgan mushtarak operatsiya chog‘ida IShID terror tashkiloti yetakchilaridan biri O‘zg‘ur Altun qo‘lga olindi. Bu haqda Turkiya xavfsizlik kuchlaridagi manbalar xabar berdi.

Pokiston va Afg‘oniston chegarasida maxsus operatsiya o‘tkazildi. Qo‘lga olingan terrorchi «o‘ta yuqori toifa» bo‘yicha qidiruvga berilgan. Turkiya Milliy razvedka tashkiloti Abu Yaser Al Turkiy shartli nomi bilan ham tanilgan O‘zg‘ur Altun aslida IShIDning yuqori martabali a’zosi ekanligini aniqladi. U guruhning media va logistika tarmoqlarida muhim rol o‘ynagan.

U, shuningdek, Turkiya va butun Yevropadagi konsert maydonchalari va boshqa tinch aholi nishonlariga hujum uyushtirishda ayblanmoqda. Turkiya Milliy razvedka tashkiloti Altun faoliyatini kuzatgan hamda u Yevropa va Markaziy Osiyodan Afg‘oniston va Pokiston tomon IShID jangarilarining harakatini muvofiqlashtirgan degan xulosaga kelgan.

Razvedka ma’lumotlari almashinuvi chog‘ida Pokistonning Xizmatlararo razvedka boshqarmasi Altunning Afg‘onistondagi mavjudligi va uning Pokistonga o‘tish niyati haqida ma’lumot oldi. Ikki davlat razvedka xizmatlari hamkorlikda o‘tkazgan operatsiya natijasida terrorchi Afg‘oniston-Pokiston chegarasida qo‘lga olindi. Shundan so‘ng u qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun Turkiyaga ekstraditsiya qilindi.

G‘azo qamalini buzishni maqsad qilgan kema Italiyadan yo‘lga chiqdi

Xalqaro nodavlat tashkilot — Freedom Flotilla Coalition (FFC) ma’lumotiga ko‘ra, uning kemalaridan biri — Madleen Sitsiliyadagi portdan G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazish uchun yo‘lga chiqqan. Guruhning avvalgi urinishlari boshqa bir kemaga O‘rta Yer dengizida uyushtirilgan dron hujumi sababli muvaffaqiyatsiz tugagan edi.

Yangi safarda 12 kishilik ekipaj qatnashmoqda, ular orasida shved iqlim faoli Greta Tunberg hamda fransuz-falastinlik Yevroparlament a’zosi Rima Hassan ham bor. Kema Italiyaning Katania portidan 1 iyul kuni yo‘lga chiqqan. Ular o‘zlari bilan «cheklangan miqdorda, lekin ramziy ahamiyatga ega» yordam barrellarini olib ketmoqda.

Greta Tunberg yo‘lga chiqish oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shunday dedi:

«Biz buni shunchaki harakat qilish kerak bo‘lgani uchun qilyapmiz. Chunki harakat qilishdan to‘xtagan onimiz – insoniylikni yo‘qotgan onimizdir. Bu missiya qay darajada xavfli bo‘lishidan qat’i nazar, dunyoning sukuti ostida odamlarning ommaviy qirg‘inga uchrashi bundanda xavfliroqdir».

Agar to‘xtatilmasa, faollar safar 7 kun davom etishini kutishmoqda. 2010 yilda asos solingan tinchlikparvar xalqaro harakat - G‘azodagi falastinliklarga yordam ko‘rsatish va Isroil blokadasiga qarshi siyosiy norozilikni birlashtirmoqda.

«Bu sadaqa emas. Bu — Isroilning noqonuniy qamali va kuchayib borayotgan harbiy jinoyatlariga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri, zo‘ravonliksiz harakatdir», deyiladi tashkilot bayonotida.

BMT va yirik humanitar tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning bosqini va cheklovlari — G‘azodagi vaziyatni eng og‘ir holatga keltirgan.

Mavzuga oid