O‘zbekiston | 16:45 / 03.06.2025
17889
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘rijarda cho‘kayotgan qizchalarni qutqarib halok bo‘lgan Abdumannop Samiqov mukofotlandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Bo‘rijar kanalida cho‘kayotgan qizlarni qutqarayotib halok bo‘lgan Abdumannop Samiqovni “Jasorat” medali bilan mukofotlash to‘g‘risida farmon imzoladi.

Abdumannop Samiqov / Foto: Oilaning shaxsiy arxividan

Shuningdek, qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan Bo‘rijar sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyev ham “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

“Shu yil 5 may kuni Toshkentdagi Bo‘rijar kanalida bo‘lgan mash’um voqea hammamizni chuqur qayg‘uga soldi.

Yakkasaroy tumanida yashovchi ikki nafar qizaloq kanalga tushib ketdi. Buni ko‘rgan mard va jasur vatandoshimiz Abdumannop Samiqov o‘zini suvga tashlab, norasidalar hayotini saqlab qoldi. Lekin, afsuski, baxtsiz hodisa ro‘y berdi – bu ezgulik yo‘lida uning o‘zi qahramonlarcha halok bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu fidoyilik bejiz emas – Abdumannop Samiqov hamisha odamlarga yaxshilik qiladigan, el koriga yaraydigan vatanparvar inson edi.

Davlatimiz rahbari bu jasorat tarixini yuragiga yaqin olib, avvalo, marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirdi. Bugun hurmatli Prezidentimiz marhum Abdumannop Samiqovni “Jasorat” medali bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Shuningdek, qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan “Bo‘rijar” sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyev ham “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Bu mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, vatan qahramonlariga hurmat ko‘rsatish borasidagi e’tiborning yana bir ifodasi bo‘ldi. Kuchli va mehr-oqibatli jamiyatda insoniylik hech qachon unutilmaydi”, – dedi Asadov.

Avvalroq Kun.uz voqeaga oid surishtiruv e’lon qilgandi.

Abdumannop Samiqovning yaqinlariga ko‘ra, u suzishni yaxshi bilgan, lekin qirg‘oq bo‘yida daraxtlar qolmagani, ularning o‘rnini sirpanchiq beton egallagani, qirg‘oqning muayyan masofalarida favqulodda holatlarga mo‘ljallangan joylar tashkil etilmagani fojiaga sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid