Jahon | 22:15 / 03.06.2025
7029
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Abramovichdan «Chelsi»ni sotishdan tushgan mablag‘ni Ukrainaga berishni talab qildi

Hukumatning ta’kidlashicha, muzokaralar uchun eshik ochiq, ammo «kerak bo‘lsa, sud orqali buni amalga oshirishga to‘liq tayyor».

Foto: Reuters

Britaniya hukumati rossiyalik oligarx Roman Abramovichdan «Chelsi» futbol klubini sotishdan olgan 2,5 milliard funt sterling (3,4 milliard dollar) mablag‘ni Ukrainaga berishni talab qilmoqda, deb yozdi Reuters.

Abramovich Rossiya 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Britaniya hukumati sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi, bu esa uning Premer-Liga klubini zudlik bilan sotishiga olib keldi. Shu bilan birga, klubni sotishdan olingan mablag‘lar darhol muzlatildi.

Britaniya bu mablag‘lar faqat Ukrainada urush oqibatida yuzaga kelgan vayronagarchilik va qurbonlar uchun kompensatsiya sifatida sarflanishi kerakligini ta’kidlamoqda. Abramovich esa ko‘proq moslashuvchanlikka intilmoqda va pul «urushning barcha qurbonlariga» (jumladan, rossiyaliklarga ham) yo‘naltirilishini istayapti.

Britaniya moliya vaziri Reychel Rivz va tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi kamdan-kam uchraydigan qo‘shma bayonot berib, hukumat mablag‘larni o‘zlashtirish uchun sa’y-harakatlarni kuchaytirishga tayyorligi haqida ogohlantirdi:

«Hukumat «Chelsi» futbol klubini sotishdan tushgan mablag‘ Rossiyaning noqonuniy va keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng Ukrainadagi gumanitar tashkilotlarga yetib borishini ta’minlashga qaror qildi. Biz janob Abramovich bilan bu masalada hali kelishuvga erishilmaganidan chuqur xafamiz», deyiladi bayonotda.

Ularning ta’kidlashicha, muzokaralar uchun eshik ochiq, ammo hukumat «kerak bo‘lsa, sud orqali buni amalga oshirishga to‘liq tayyor».

«Chelsi»ni sotishdan tushgan mablag‘ Buyuk Britaniyadagi bank hisobvarag‘ida muzlatib qo‘yilgan va Moliya vazirligi litsenziyasisiz boshqa joyga ko‘chirilishi yoki foydalanilishi mumkin emas.

Mavzuga oid