G‘azo janubida gumanitar yordam kutib turgan odamlar yana bir bor o‘qqa tutildi
Ikki kun oldin ham xuddi shu hududda insonparvarlik yordami kutib turgan odamlarga o‘q uzilib, 30 dan ortiq kishi o‘ldirilgandi. Yangi holatda kamida 24 qurbon haqida ma’lum qilinmoqda.

Foto: Reuters
Isroil harbiylari G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida yordam tarqatish punkti yaqinida o‘t ochdi. Hamas nazoratidagi anklav sog‘liqni saqlash vazirligi 24 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Isroil mudofaa armiyasi harbiylar ogohlantiruvchi o‘qlarga javob bermagan shubhali odamlarga qarata o‘q uzganini ma’lum qilgan.
G‘azo sektori fuqarolik mudofaasi xizmati vakili Mahmud Bassalning ta’kidlashicha, isroillik harbiylar gumanitar yordam kutayotgan falastinliklarga tank va dronlardan o‘q uzgan.
Yakshanba kuni Hamas nazorati ostidagi sog‘liqni saqlash vazirligi xuddi shu joyda Isroil zarbalari oqibatida 31 kishi halok bo‘lgani va 200 ga yaqin kishi jarohatlanganini ma’lum qilgandi.
O‘shanda TsAXAL harbiylar falastinliklarga qarata o‘q uzganini rad etib, askarlar ularga yaqinlashib kelayotgan odamlar tomonidan tahdidni sezganlarida ogohlantiruvchi o‘t ochganini aytgandi.
Endi esa Isroil mudofaa kuchlari harbiylar yordam tarqatish punktidan taxminan yarim kilometr uzoqlikda «shubhali shaxslar»aniqlaganidan so‘ng o‘t ochganini aytmoqda.
Bayonotda aytilishicha, dastlab ogohlantiruvchi o‘q uzilgan, xavotir uyg‘otgan shaxslar yaqinlashishda davom etgach, «harbiylar tomon harakatlanayotgan bir necha alohida gumonlanuvchilar turgan joyga qo‘shimcha o‘q uzilgan».
Isroil mudofaa armiyasi ham qurbonlar haqidagi xabarlardan xabardorligi, «voqea tafsilotlari o‘rganilayotgani»ni ma’lum qildi.
Hamas tomonidan boshqariladigan anklav sog‘liqni saqlash vazirligi navbatdagi hodisa oqibatida 24 kishi halok bo‘lgani va o‘nlab odamlar yaralangani haqida xabar berdi.
Fuqaro mudofaasi vakili Bassal BBC’ning G‘azodagi muxbiri Rushdi Abualufga Rafahdagi yordam tarqatish markazida halok bo‘lgan va yaralanganlarning aksariyati tanklar, vertolyotlar va kvadrokopterlardan o‘qqa tutilganini aytgan.
Bassal hodisa markaz yaqinida emas, balki G‘azo Gumanitar jamg‘armasi fondidan bir necha yuz metr uzoqlikda sodir bo‘lganini tasdiqladi.
Xon Yunisdagi «Nosir» shifoxonasi direktorining aytishicha, «Isroil kuchlari tinch aholi olomoniga qarata o‘t ochishi natijasida» 24 kishi halok bo‘lgan va 37 kishi yaralangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlanganlarning aksariyati o‘qotar quroldan olingan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.
TsAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, falastinliklar tashkillashtirilgan yo‘nalishlar bo‘ylab Rafahdagi yordam tarqatish punktiga ketayotganda, qo‘shinlar yordam tarqatish majmuasidan taxminan yarim kilometr uzoqlikda harbiylarga yaqinlashayotgan va shu bilan birga oldindan tasdiqlangan yo‘nalishdan chetga chiqayotgan shubhali odamlarni payqagan, deb yozadi Times of Israel.
AQSh va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va yordamni taqsimlashga mas’ul bo‘lgan G‘azo insonparvarlik yordami jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, yordam seshanba kuni ertalab hech qanday hodisalarsiz berilgan, deya ta’kidlaydi nashr.
Isroil mudofaa armiyasi jamg‘armaga «G‘azo aholisi orasida yordamni taqsimlash va uning Hamas terrorchilik tashkilotiga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mustaqil ravishda» harakat qilish imkonini berishini aytmoqda.
«Isroil mudofaa armiyasi harbiylari G‘azo aholisining taqsimlash punktlariga kelishiga to‘sqinlik qilmayapti. Otishma taqsimlash punktidan taxminan yarim kilometr masofada, harbiylarga xavf tug‘diradigan tarzda yaqinlashayotgan ayrim gumonlanuvchilarga qarata olib borilgan», – deya ta’kidlanadi TsAXAL bayonotida.
G‘azo insonparvarlik yordami jamg‘armasi avvalroq o‘z punktlari atrofida tartibsizlik va otishmalar haqidagi xabarlarni rad etgan edi.
Mavzuga oid

14:15 / 04.06.2025
Isroil armiyasining G‘azoga hujumi bir kunda 40 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

13:09 / 04.06.2025
BMT: Isroilning G‘azodagi tinch aholiga hujumi urush jinoyati bo‘lishi mumkin

15:05 / 03.06.2025
Isroilning yordam tarqatish joylarini o‘qqa tutishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 52 kishiga yetdi

11:09 / 02.06.2025