Jahon | 00:40 / 03.06.2025
8337
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbullik erkak har kuni ishga borish uchun Bosfordan suzib o‘tishi ma’lum bo‘ldi

U erta tongdan o‘zining barcha buyumlarini suv o‘tkazmaydigan qopga soladi va taxminan 30 daqiqada Bosfordan suzib o‘tadi.

Foto: The Times

Istanbulda yashovchi Jyengiz Xon ismli fuqaro ishga borish uchun muntazam ravishda Bosfor bo‘g‘ozidan suzib o‘tishi ma’lum bo‘ldi, deb yozmoqda The Times.

Qayd etilishicha, Xon turli kemalarga duch kelmaslik uchun erta tongdan o‘zining barcha buyumlarini suv o‘tkazmaydigan qopga soladi va taxminan 30 daqiqada Bosfordan suzib o‘tadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xonning Sarayburnu Fatihleri nomli suzish klubi bor bo‘lib, unga qariyb 400 kishi a’zo. Ular haftada uch-to‘rt marotaba Bosfordan suzib o‘tadi. Klubning ayrim ishtirokchilari bu bilan 20 yildan ortiq vaqtdan beri shug‘ullanadi, Xon esa 8 yillik tajribaga ega.

«Turkiyada 81 million odam yashaydi, dunyoda esa milliardlab, ammo biz buni o‘zimizga ravo ko‘ra oladigan kam sonli insonlardanmiz. Men shunday dam olaman. Suzayotganimda, barcha o‘ylarim yo‘qoladi, to‘liq sukunat hukm suradi», — deydi Xon.

Suzish vaqtida klub ishtirokchilari shamol yo‘nalishini kuzatish uchun sohil bo‘yidagi Turkiya bayrog‘i tomon harakatlanadi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bir safar Xonni sohilni qo‘riqlash xizmati xodimlari qutqarishiga to‘g‘ri kelgan, chunki uni katta kema hosil qilgan kuchli oqim tortib ketgan.

Ta’kidlanishicha, bunday usulda harakatlanish tajribasiz suzuvchilarga to‘g‘ri kelmaydi — boisi Bosfordan suzib o‘tayotgan odam oqimni yaxshi bilishi kerak. 

Mavzuga oid