Jonim-u qonim beshlik
Besh qardosh xalq asrlar davomida yonma-yon yashab, bir ariqdan suv ichib kelgan. Ammo taqdir taqozosi bilan yurt milliy respublikalarga bo‘lindi, chegaralar tortildi. Endilikda aslida bir oila ekanimizni anglay boshladik.

Foto: Envato
Jurnalist Shokir Sharipov yaqinda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – 2050: barqarorlik va umumiy farovonlik sari yo‘l” mavzusidagi birinchi mintaqaviy forsayt-seminaridagi ishtirokidan keyingi taassurot va hislari bilan bo‘lishadi.
Vatan tuyg‘usini tushuntirish qiyin – tushuntirishdan yuqoriroq turadigan, kelib chiqish nuqtasi mutlaqo sirli his u. Balki qachonlardir insoniyat kosmosga chiqadi-yu, uning sirini uzoq galaktikadan topib oladi...
“Markaziy Osiyo” deb aytayotganimiz zaminda asrlar davomida to‘qilgan ko‘pmillatli “mato” – unikal madaniy marvarid – o‘zimizning-da anglovimizga muhtoj. Ajib cholg‘uning torlari bo‘lib kelgan millat-u elatlar yaratgan kuy asrlar osha chor-atrofga taralib kelgan, bebaho kashfiyotlarga omil bo‘lgan.
Bemisl naqshli bu “mato” boshqa hech qachon asliga qaytmasligi uchun bo‘laklarga yirtildi. Yurtni qaychilaganlarga bu simfoniya aslo kerakmasdi.
Ko‘plab millatlar millat ekanini-da anglamay, qo‘shilib-aralashib, yonma-yon yashab kelgan yurt bu. Birmillatli o‘lkalardan farqli, uning zamirida o‘sha – hozirda “tolerantlik” deb atalmish matohning asli mujassam edi.
Kim bilsin, balki aynan shunga hasad qilaroq u – zaminimiz – chavaqlab tashlandi, millat ajratish nimaligini bilmagan elga “sen falon millatsan” deb, keng dunyosi toraytirildi, katta qalbi kichraytirildi.
Kuni kecha bir tadbirda qatnashdim. Besh millat vakillari yig‘ilib, Markaziy Osiyo 2050 yilgacha qanday o‘zgarishi mumkinligi, aniqrog‘i, hamkorlig-u islohotlar yo‘lida kerakli ishlar qilinsa, bizni qay kelajak qarshi oladi-yu, qilinmasa nima bo‘ladi – shular haqida fikr yuritdik.
To‘rt guruhga bo‘lindik, to‘rt soha bo‘yicha kelajak rejalari ustida ishlash uchun. Men “suv va iqlim” guruhiga qo‘shildim. O‘zgarib borayotgan iqlim, kamayib borayotgan suv sharoitida nima qilish lozimligi borasida davlat rahbarlari uchrashadigan kuni ularning oldiga qo‘yiladigan takliflarni tuzdik. Bizdan boshqa uch guruh ham o‘z takliflarini tuzdi. Keyin yig‘ilib, barcha to‘rt guruhning takliflari asosida umum takliflarni jamladik.
Endi muddaoga o‘taman. Seminar oxirida yakuniy so‘zni aytish so‘raldi. Men tadbir davomida qalbimda hosil bo‘lgan his haqida aytgim keldi, mikrofonni olib: “Men o‘zimni ko‘pdan beri ko‘rmagan qarindoshlarimni ko‘rib turgandek his qilyapman”, dedim. Bu mubolag‘a emas, bor gap edi, men besh xalq vakillari ichida turib, ularni yagona oiladek yaqqol his qildim, o‘zimni bu oila a’zosi deb his qildim.
Mendek – yurtlarni kezmagan, bu zamin elatlarining tuzlarini totmagan, tuproqlarni oyoqlari bilan to‘zitmagan odamning qalbida qanday qilib bu his paydo bo‘lishi mumkin? Qanday qilib aql tushuntirib berishi mumkin bo‘lgan biron-bir sababsiz, mantiq “kelishtirib” beradigan biron-bir omilsiz insonning qalbi ming yilni, minglab yillarni seza oladi?..
Qanday qilib atigi yarim asr avval dunyoga kelgan insonning bir a’zosi ko‘hna tog‘largina bilib, gapirolmay ichida saqlab kelayotgan zalvorli tarix sasini-yu yukini his qila oladi?
Hisni o‘zga bilan bo‘lishish qiyin ish, men urindim. Ishonamanki, bu ko‘hna yurtda yashayotgan xalqlarni yagona oila kabi his qilmoq barchamizga xos, uni shunday ko‘rish – barchamizning qalbimiz tubida yotgan mujda. Tog‘lar bilganni qalbimiz sezishi... bejiz emas.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid

17:53 / 02.06.2025
Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston tashqi ishlar vazirlari uchrashadi

15:36 / 02.06.2025
Sanksion tovarlarning O‘zbekiston orqali Rossiyaga yetkazilishi qisqargani qayd etildi

22:40 / 31.05.2025
“G‘arbiy Sibirni o‘zbeklar boshqargan” – tahlilchilar Rossiyada ko‘tarilgan shov-shuv haqida

18:24 / 31.05.2025