Neymar qo‘l bilan gol urmoqchi bo‘ldi va qizil kartochka oldi
Maradonaning tryukini takrorlashning imkoni bo‘lmadi - VAR barchasini ko‘rib turgandi. Futbolchi «Santos» fanatlaridan uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi.

Foto: Reuters
2 iyunga o‘tar kechasi Braziliya A seriyasining 11-turi doirasida «Santos» va «Botafogo» o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi (0:1), unda Neymar yana bir bor diqqat markazida bo‘ldi. Mezbonlar hujumchisi qo‘l bilan gol urishga harakat qilgani uchun qizil kartochka bilan jazolandi, keyin esa bu qilig‘i uchun uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.
O‘zi nima bo‘ldi?
O‘yinning 76-daqiqasida, hisob 0:0 ekanida forvard chap qanotdan oshirilgan to‘pni qasddan qo‘l bilan o‘ynab, uni darvoza to‘riga to‘g‘rilab yubordi. Bosh hakam Davison de Oliveyra darhol golni bekor qilib, Neymarga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi va uni maydondan chetlatdi. Bu uning professional faoliyatidagi 15-bor chetlatilishi, «Santos»ga qaytganidan buyon birinchisi bo‘ldi.
Epizod darhol Diyego Maradonaning 1986 yilgi jahon chempionati chorakfinalida urgan afsonaviy golini yodga soldi. O‘shanda argentinalik futbolchi Angliya darvozasiga qo‘l bilan gol urgan — bu holat tarixga «Xudoning qo‘li» sifatida kirgan. O‘sha holatdan farqli o‘laroq, bu safargi o‘yinda VAR ishlayotgandi va Neymarning ayyorona harakatini payqamay bo‘lmasdi.
Yulduzli futbolchining chetlatilishi o‘yinning burilish nuqtasiga aylandi. 86-daqiqada «Botafogo» son jihatdan ustunlikdan foydalandi: Artur Jairning uzatmasini golga aylantirib, jamoasi uchun muhim g‘alaba keltirdi. Bu natija Rio-de-Janeyrodan bo‘lgan jamoaga A seriya turnir jadvalida 15 ochko bilan to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarilishga imkon berdi, «Santos» esa sakkiz ochko bilan xavfli zonada qolmoqda.
Neymar nimalar dedi?
Uchrashuv yakunlangach, braziliyalik futbolchi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «Santos» muxlislaridan uzr so‘radi: «Gol urish istagi ba’zida bizni xato qilishga majbur qiladi... Jamoadoshlarimdan, shuningdek, muxlislardan uzr so‘ramoqchiman. Men xato qildim, meni kechiring. Bugun o‘yindan chetlatilmaganimda, ishonchim komilki, uch ochkoni qo‘lga kiritgan bo‘lardik... Mana shu uch ochkoni mening hisobimga yozishingiz mumkin».
Shuningdek, u hakamlikdan shikoyat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hakam unga birinchi sariq kartochkani ko‘rsatmasligi kerak edi.
«Ikkinchi sariq kartochka haqli edi, lekin birinchisini... Hakam shunchaki kuldi. Qoidani buzdim va darhol sariq kartochka oldim. Yomon hakamlar bor... Bu mening fikrim, iltimos, meni yana bir bor jazolamang», – deya yakunlaydi braziliyalik.
U bilan shartnoma uzaytiriladimi?
«Santos» uchun bu mag‘lubiyat qiyin mavsumdagi navbatdagi og‘ir zarba bo‘ldi. Neymarni tarkibga qo‘shib olganiga qaramay, jamoa chempionatdagi 11 o‘yindan faqat ikkitasida g‘alaba qozongan va yuqori divizionni tark etish xavfi ostida qolgan.
Shu bilan birga, hujumchi faqat to‘rtta o‘yinda qatnashgan va birorta golli harakat amalga oshirmagan. Vataniga qaytganidan keyin Neymar ikkinchi bor mojaro markazida qolmoqda: aprel oyida «Fluminense»ga qarshi o‘yinda u raqibning yuziga urgani uchun sariq kartochka olgandi.
Forvard endi diskvalifikatsiya qilinishi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati arafasida ligada bir oylik tanaffus yuzaga kelishi hisobga olinsa, «Botafogo» bilan o‘yin futbolchining «Santos» safidagi oxirgi o‘yini bo‘lib qolishi mumkin. Futbolchi Yevropadagi o‘n yillik faoliyatidan keyin fevralda vataniga qaytgandi, ammo uning shartnomasi 30 iyungacha tuzilgan. Ko‘rsatgan harakatlari tufayli u bilan shartnoma yangilanishi — katta savol ostida qolgan.
Mavzuga oid

19:54 / 12.02.2025
Neymar yana «Santos»da: futbol nihoyat boylikni yengdi

22:32 / 31.01.2025
Braziliyaning «Santos» klubi Neymar qaytganini e’lon qildi

05:19 / 28.01.2025
Rasman: «Al Hilol» va Neymar o‘zaro kelishuvga ko‘ra shartnomani bekor qilishdi

16:11 / 21.08.2023