Qatldan qochganlar: mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng shov-shuvli qamoqdan qochish ishi
1997 yilning 2 dekabri. Surxondaryoda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oyoqqa turadi: 210 o‘ringa mo‘ljallangan, ammo amalda 1 500 nafarga yaqin jinoyatchi saqlanayotgan Termiz shahridagi tergov hibsxonasidan o‘limga hukm qilingan ikki mahbus qochib ketgan edi. Ular buni qanday uddalagandi?

Gollivudning “Shoushenkdan qochish” filmini ko‘pchilik ko‘rgan. Unda film qahramoni Endi qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonadan devorni bolg‘acha yordamida teshish orqali qochib ketishni uddalaydi. Aslida dunyo tarixida maxsus qamoqxonalardan qochish holatlari hayotda ham ko‘p kuzatilgan. Ana shunday shov-shuvli qochish O‘zbekistonda, Termiz shahridagi tergov hibsxonasida ham sodir bo‘lgan.
Yo‘qolib qolgan mahbuslar
1997 yilning 2 dekabri. Termiz shahridagi tergov hibsxonasida “trevoga” bo‘lib, erta tongdan hamma oyoqqa turadi. Hibsxonada saqlanayotgan ikki ashaddiy jinoyatchi xonasida yo‘q edi. Mahbuslar saqlangan xonaga yugurib kirgan mas’ullar “Shoushenkdan qochish” filmidagi kabi teshik devorni ko‘rishadi.
Qochib ketganlarning biri katta miqdordagi narkotik modda bilan ushlangan afg‘onistonlik Sattor ismli shaxs bo‘lsa, ikkinchisi qotillik jinoyatini sodir qilgan Shavkat Yalkapov edi. Ularning ikkisi ham oliy jazo – o‘limga hukm qilingandi. Ikki mahbus ham qochishga moyilligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lgan.
Teshilgan devor
Sattor va Shavkat ushbu hibsxonaga keltirilganiga qariyb 1 yil bo‘lgandi. O‘lim hukmi o‘zgarishsiz qolgach mahbuslarda qochish fikri tug‘ilgan. Buni Sattor taklif qilgan. “Qochib ketib, Afg‘onistonga borib yashaymiz”, degan u sherigiga.
Mahbuslar reja tuzgach, uni amalga oshirish yo‘llarini o‘ylay boshlaydi. Ular avvalo temir kesadigan arra topadi. So‘ng xonadagi issiqlik batareyasi quvurini o‘sha arra yordamida kesib, batareyani ushlab turishi uchun devorga qoqilgan ikki temir qoziqni sug‘urib olishadi. Ana shu qoziqlar yordamida 28 noyabr kuni, ya’ni qochishdan 4 kun avval o‘tkazilgan tintuvdan so‘ng devorni teshishni boshlashadi.
Mahbuslar birinchi kunda 4-5 ta g‘ishtni joyidan ko‘chirib olishgan. Tuproq va g‘ishtlarni “krovat” tagiga to‘plashgan. Devorni teshish ishi bir necha kun davom etgan. Ana shu kunlarda xonada tekshiruv ham o‘tkazilgan. Ammo teshilayotgan joy choyshab bilan yopib qo‘yilgani bois buni hech kim payqamagan.
1997 yil 1 dekabr kuni kechki payt mahbuslar devorni teshishni uddalashadi. Bir necha soat dam olishgach, 2 dekabr tong soat 4:00 larda devor teshigidan tashqariga chiqishadi. Mahbuslar hibsxona hojatxonasi ustidan o‘tib, ma’muriyat binosiga chiqadi, so‘ng devordan oshgan holda qochib ketishadi.
“Kasallarga ajratilgan xonada saqlangan”
Sattor va Shavkatning hibsxonadan qochib ketishi shunchaki omad yoki tasodif emasdi. Negaki, o‘sha yillar Termiz shahridagi tergov hibsxonasida yetarlicha sharoit bo‘lmagani ham mahbuslarning qochishlarini osonlashtirib bergan.
Jumladan, o‘sha paytda 210 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu hibsxonada 1500 ga yaqin mahbus joylashtirilgan. Shularning 20 dan ortig‘i o‘lim jazosiga mahkum qilinganlar bo‘lgan.
Kun.uz maqolani tayyorlash jarayonida o‘sha vaqtda Termiz shahridagi tergov hibsxonasida tartibot va qo‘riqlash bo‘yicha boshliq o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Abduvoit Egamberdiyev bilan suhbatlashdi.
Abduvoit Egamberdiyev shov-shuvli qochish ortidan sudlangan 8 kishining biri edi. U Termiz shahar sudining 1998 yil 27 fevraldagi hukmiga ko‘ra 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan.
“Bizda o‘lim jazosiga hukm qilinganlarni saqlash uchun bor-yo‘g‘i 2 ta xona bor edi. Ularga 4 kishini joylashtirish mumkin. Ammo hibsxonada 20 dan ortiq oliy jazoga hukm qilinganlar bor edi. Ularni saqlab turadigan joyning o‘zi yo‘q edi. 20 nafar shunday mahbusni 5 ta xonaga joylashtirganmiz. Sattor va Shavkat kasallarga ajratilgan, maxsus jihozlanmagan xonaga joylashtirilgandi.
Biz o‘sha payti Toshkentga ham bir necha bor o‘lim jazosiga hukm qilingan mahbuslarni olib ketish haqida axborot berganmiz. Aslida ularni u yerda ushlab turishning o‘zi noqonuniy bo‘lgan”, deydi Abduvoit Egamberdiyev.
Abduvoit Egamberdiyev yuqori instansiyalarga shikoyat kiritib, o‘ziga yuklatilgan xizmat vazifalarini bajarganini, jinoyat sodir etilgan kuni kechasi soat 2:00 dan 6:00 gacha barcha postlardagi nazoratchilarni tekshirgani, navbatchi smenadagi nazoratchilarning o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan qarashlari oqibatida mahbuslar qochib ketganini bildirgan hamda kamerani tintuv qilish vazifasiga kirmasligini aytgan. Biroq yuqori instansiya sudlari Termiz shahar sudining 1998 yil 27 fevraldagi hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.
O‘sha vaqtda sudlangan 8 kishining barchasi ma’lum muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Ularning ayrimlari keyinchalik oqlangan.
3 kunlik ozodlikdan so‘ng otuv
Sattor va Shavkat hibsxonadan qochishni uddalashgan, biroq butunlay qochib, Afg‘onistonga o‘tib keta olishmagan. 3 kunlik qidiruvdan so‘ng ular chegara hududdagi qishloqda qo‘lga olinadi. Mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng shov-shuvli qamoqdan qochish ishi tafsilotlaridan xabardor kishilarning aytishicha, mahbuslar tergov hibsxonasiga qaytarilgan va bir necha kundan so‘ng Toshkentga olib ketilib, o‘lim hukmi amalga oshirilgan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Cud materiallari asosida tayyorlandi.
Mavzuga oid

19:09 / 30.05.2025
Sariosiyo aeroporti 30 yildan so‘ng faoliyatini tikladi

11:58 / 24.05.2025
Surxondaryoda giyohvandlik vositasini 20 ming dollarga sotishga uringan shaxslar ushlandi

09:12 / 22.05.2025
Surxondaryoda qovun yegan fuqarolar zaharlangani rad etildi

16:37 / 20.05.2025