Jamiyat | 16:00 / 03.06.2025
8358
9 daqiqa o‘qiladi

Qishloqdan xalqaro maydon sari: 30 dan ortiq mamlakatda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan o‘zbek qizi hikoyasi

50 mingdan ortiq xotin-qizlarga bilim bergan, ularning shaxsiy rivojlanishiga, til o‘rganishlarida va hayotda o‘z o‘rnini topishiga munosib hissa qo‘shgan, 30 dan ortiq mamlakatda O‘zbekiston nomidan chiqish qilgan o‘zbek qizi - Shohida Yusupova Kun.uz bilan suhbatda o‘z muvaffaqiyatlari siri bilan bo‘lishdi.

Foto: Shohida Yusupova

Shohida Yusupova – Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Harvard universitetining “Leadership: Creating Public Value” kursini tamomlagan. Oksford universiteti va Buyuk Britaniya Lordlar palatasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Ayni paytda Italiyadagi Siyena universitetida “Xalqaro madaniy diplomatiya” yo‘nalishida magistraturada tahsil olmoqda. U 4 tilda erkin so‘zlasha oladi, sayyohlik firmasi asoschisi, 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi va u yerda o‘zbek yoshlari manfaatlarini faol ilgari surib, xalqaro loyihalari bilan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida shuhrat qozongan o‘zbek qizi.

Hayotimni o‘zgartirgan savol

“Hayotimning o‘zgarib ketishida bir savol jiddiy sabab bo‘ldi. 2019 yilda talabalar bilan Turkiyaga xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun borgan edik. Taqdimot tugagach, shahar aylanish uchun chiqib, bir do‘konga kirdik. Sotuvchi bizning qayerdan kelganimizni so‘radi – faxrlanib “O‘zbekistondan” dedim.

Lekin sotuvchining e’tiborsizlik bilan, ochig‘ini aytganda, hurmatsizlik bilan “ha, ishlagani kelganmisizlar?” degan savolini qalbimni ming bo‘lakka parchalab yubordi. Bunday qarash mening yuragimga juda og‘ir botgan edi. Chunki o‘zbek ayollariga u yerda sayohatchi yoki bilimli talaba sifatida emas, balki qora ishchi sifatida qarashar ekan. O‘shanda o‘ylab qolgan edim, millatimizda iste’dodli va ilmli ayollar ko‘p. Lekin nega chetda ularga oddiy ishchi sifatida qarash urf bo‘lgan ekan. Bu menga sira yoqmagan edi.

O‘shanda o‘zbek ayollari ham 3–4 ta tilni biladigan, jahon minbarlarida o‘z fikrini dadil va erkin ayta oladigan ishbilarmon, zukko shaxslar ekanini butun dunyo bilishini xohlagandim.

2021 yil Turkiyada huddi shu konferensiyada 50 ta adabiyot sohasida faoliyat olib borayotgan nihoyatda iste’dodli ayollarning ijod namunalarini saralab-jamlab, xalqaro antologiya tuzdik. U yerda ularning nafaqat ijod namunalari, balki o‘z faoliyatlari va yutuqlari haqida ham qiziqarli ma’lumotlar bor edi. Va o‘sha kitobning taqdimotini milliyligimizga mos bir tarzda o‘tkazdik. Zamonaviy turk jamoatchiligi tomonidan juda yaxshi qabul qilindi.

Ochig‘ini aytaman, juda ko‘p iqtidorli ayollarimiz oddiy uy bekasi qiyofasiga yashirinib olishgan. Men ularni butun dunyo bilishini, tan olishini va e’tirof etishini istaydim”.

Shine Qizlar Akademiyasi” – har bir qiz uchun imkoniyat maydoni

“2022 yilda ko‘plab qizlarning istaklari, talablari bilan “Shine qizlar akademiyasi”ni tashkil etdik. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazdik. Bugungi kunga qadar 50 mingga yaqin ayol-qizlarimiz loyihalarimizda qatnashdi.

O‘zim Yangibozor tumanidagi Qalandardo‘rmon qishlog‘ida tug‘ilib o‘sganim uchun u yerda juda ko‘plab, orzulari ulug‘vor, lekin ishni qayerdan boshlashni bilmayotgan, tushkunlikka tushgan, ammo g‘oyatda qobiliyatli ayol-qizlarni bilardim. Ularning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan nimadir qilgim kelardi. Vaqti kelib bu loyihaga aylandi. Shunday ayollar va qizlar uchun imtiyozli ravishda ingliz va turk tillarini o‘rgatadigan kurslar tashkil qildim.

Eng avvalo, o‘zim 4 ta tilni puxta o‘rgandim, ularda erkin so‘zlasha olganim uchun alohida xalqaro til kurslarida o‘qib, xalqaro metodlarni o‘zlashtirdim. Har bir yoshdagi insonga mos keladigan o‘z uslublarimni ishlab chiqdim. Bu yondashuv tez orada natijasini berdi.

Kurslarimizda 3 oy o‘qib, C1 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritgan qizlar ham bo‘ldi. Loyihalarimizda ishtirok etib, xalqaro forumlarda qatnashayotgan, grant va stipendiyalar yutib olayotgan qizlarimiz soni tobora ko‘payib bormoqda.

Bizda ota-onasi bo‘lmagan, ajrashgan, kam ta’minlangan oilalar qizlari imtiyozli ravishda o‘qishlari mumkin. Talabalik yillarimda til o‘rganish bilan birga yangi kasblar bo‘yicha bilim olishni xohlaganman. Harvard universitetining rahbarlik va boshqaruv yo‘nalishida, Germaniyaning Berlin-biznes xalqaro institutining marketing va kommunikatsiyalar yo‘nalishida qo‘shimcha masofaviy ta’lim oldim.

Har bir ayolning shaxsiy brendi bo‘lsa…

Bugungi kunda bu bilimlarning hayotimdagi foydasi juda katta. Har bir ayol uchun o‘z shaxsiy brendini yaratishda, salohiyatini to‘liq namoyon qilishida bu kabi ilmlarning o‘rni beqiyos. Biz xalqaro miqyosda ilmli, o‘z ustida to‘xtovsiz ishlaydigan, orzularidan sira voz kechmaydigan va har qanday qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan betakror o‘zbek qizlarining kuchli obrazini yaratmoqdamiz. Bu faqat mening emas, butun jamiyatimizning umumiy yutug‘i.

Akademiyada 4 ta tildagi o‘quv dasturlar, xalqaro metodika asosida kurslar, imtiyozli dasturlar va C1 darajagacha bilim beriladigan mukammal tizim mavjud. Ko‘plab ishtirokchilar bu orqali xalqaro tanlovlar, konferensiyalar va stipendiyalar g‘olibiga aylanmoqda, dunyo ko‘rmoqda, dunyoqarashi o‘zgarmoqda.

24 yoshimda 30 davlatni ko‘rdim. Aytishim kerakki, men hamisha moliyaviy mustaqil bo‘lishni xohlaganman. Dadamga doim hali zo‘r bo‘lib ketaman, sizga mashinalar olib beraman der edim.

Shunday kun keldiki, men bu aytganlarimning barchasini uddaladim. 21 yoshimda dala bilan tillashgan, doim halol mehnat ortidan biz farzandlarni katta qilgan dadamga avtomobil sovg‘a qildim. Uy bekasi bo‘lgan, menga va ukamga faqat o‘qishimimiz kerakligini uqtirib yashagan onamga ham Turkiya, Amirliklar, Ozarboyjon, Saudiyaga yo‘llanmalar olib berdim.

Bir paytlar o‘zimning shaxsiy uyim bo‘lishini orzu qilar edim, bugun poytaxtdan tashqari Dubaydan ham xonadon sotib olish nasib qildi. Men bularni nega aytyapman? O‘zining katta hayot yo‘lini boshlashga ikkilanayotgan, baland marralar sari dastlabki qadamlarni tashlashga cho‘chiyotgan qizlar jur’atli bo‘lishi uchun ularga ilhom berishni asosiy vazifam deb bilaman”.

Dunyoni qalbimda mehr bilan aylanaman

Shohidaning orzusi hamisha katta bo‘lgan: Qaysi xorijiy davlatga bormasin ona yurtini iftixor bilan namoyon etdi, o‘sha yurtlar xalqlarida o‘zbek nomiga ehtirom uyg‘otishga intildi.

Uning tashabbuslari – Turkiyada “O‘zbekistonning umidli chechaklari”, Ozarboyjonda “Iste’dodli qizlar”, Misrda “Ilhomlantiruvchi ovozlar”, Xitoyda “O‘zbekiston adabiy antologiyasi” va “Amazon” platformasida “O‘zbekiston qo‘shig‘i” kabi xalqaro loyihalarda o‘z ifodasini topdi. Bu e’tiborli izlanishlar ayol-qizlarimizning yuksak ma’naviy kuchi va dilbar qiyofasini butun dunyoga yaqqol ko‘rsatdi.

Xalqaro maydondagi chiqishlari — O‘zbekiston imiji uchun xizmat

Shohida Yusupova so‘nggi yillarda dunyoning yetakchi telekanallari, xalqaro forumlari va media platformalari orqali Yangi O‘zbekiston va o‘zbek ayol-qizlari haqida turkum suhbatlar berib kelmoqda.

Bu chiqishlari orqali u yurtimizning boy tarixi, betakror go‘zalligi, turizm salohiyati, ta’lim va ma’rifat sohalaridani o‘zgarishlari haqida jahon ahlini tanitishga hissa qo‘shmoqda.

Yakun: bir yurak, bir el, bir missiya

Shohida uchun bu faqat shaxsiy muvaffaqiyatlar emas – bu bir umrlik missiya. Uning orzusi: 100 minglab qizlarimizning ko‘zlarida porlagan umid va ishonch uchqunlarini reallikka aylantirishga chin sababchi bo‘lishdir.

“Har bir ayol agar qo‘llab-quvvatlash va ishonch, mehr va e’tibor bo‘lsa, qalblarni yayratadigan go‘zal bo‘stonga o‘xshaydi.

Menga ishonishdi. Men esa ularning ishonchini yurakda saqlab, butun dunyoga o‘zbek qizining bilimda, iymonda va orzuda qanday qudratga ega ekanini ko‘rsataman.

Har bir xalqaro chiqish, har bir yozilgan kitob, har bir o‘tkazilayotgan loyiha bu aziz va mo‘tabar Vatanimiz imiji uchun qo‘yilgan xayrli qadamdir.

Qayerda bo‘lmaylik, O‘zbekistonning jahonga qanday tanilishi – aynan bizga, yurt farzandlariga bog‘liq”, - deydi u.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Mavzuga oid