Qrim ko‘prigiga navbatdagi hujum uyushtirildi
Telegram-kanallarda ko‘prik hududidagi portlash aks etgan video tarqalgan. Ukraina Qrim ko‘prigi ustunlarini minalashtirganini aytmoqda. Ko‘prikda transport harakati vaqtincha to‘xtatilgan.

Foto: Videodan kadr
Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) Qrim ko‘prigi tayanchlarini suv ostida portlatish bo‘yicha «yangi noyob maxsus operatsiya» o‘tkazganini da’vo qilmoqda.
Maxsus xizmat bayonotida aytilishicha, bir necha oy davom etgan operatsiya doirasida UXX xodimlari 3 iyun kuni ertalab soat 4:44 da Qrim ko‘prigi ustunlarini minalashtirgan va trotil ekvivalentida taxminan 1100 kilogramm quvvatga ega «birinchi portlovchi qurilma»ni ishga tushirgan.
Portlash natijasida ko‘prik tayanchlarining suv osti qismlari shikastlangan. «Amalda ko‘prik avariya holatida», – deyiladi press-relizda. Shu bilan birga, tinch aholi orasida qurbonlar yo‘q.
UXXdagi manba ma’lum qilishicha, operatsiyani xizmat rahbari Vasiliy Malyuk shaxsan nazorat qilgan. «Xudo uchlikni yaxshi ko‘radi, UXX esa har doim o‘ylagan narsasini oxiriga yetkazadi va doim betakror bo‘ladi. Avvalroq 2022 va 2023 yillarda Qrim ko‘prigiga ikki zarba bergandik. Bugun biz bu an’anani suv ostida davom ettirdik», – dedi u.
Keyinroq Malyuk bu amaliyot yuzasidan ma’lumot berdi.
«Qrim ko‘prigi – mutlaqo qonuniy nishon. Dushman uni o‘z qo‘shinlarini ta’minlash uchun logistika arteriyasi sifatida ishlatmoqda. Qrim – bu Ukraina va har qanday bosqinchilik harakati qat’iy javob oladi», – degan u.
Ko‘prikdagi operativ vaziyatni kuzatib boruvchi telegram-kanalda Moskva vaqti bilan ertalab soat 6 atrofida transport harakati vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar paydo bo‘ldi, soat 9 ga kelib cheklov bekor qilindi.
Mash telegram-kanali 3 iyun kuni ertalab soat 6 atrofida ko‘prik ustida Ukraina droni urib tushirilgani, uning qoldiqlari yo‘lga tushgani haqida yozgan edi. Bu vaqtda ko‘prikdan Taman tomondan mashinalar o‘tib ketayotgan bo‘lgan, biroq jabrlanganlar bo‘lmagan. Manbaning ta’kidlashicha, hech qanday shikastlanish ham yo‘q. Shundan so‘ng, mutaxassislar yo‘lni tekshirib, dron qoldiqlarini olib tashlaguncha ko‘prik uch soatga yopilgan.
Soat 15:23 da esa ko‘prik bo‘ylab harakat yana to‘xtatilgan.
Rossiyadagi harbiylashgan telegram-kanallarda ko‘prik hududida ukrainlarning dengiz dronlari hujumi qaytarilgani haqida xabar berilgan.
«Interfaks» Sevastopol buxtasida dengizdagi yo‘lovchi transporti harakati ham vaqtincha to‘xtatilganini xabar qilgan. Sevastopolning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Mixail Razvojayev flot «turli qurollardan foydalangan holda suv osti qo‘poruvchilik harakatlariga qarshi mashg‘ulotlar o‘tkazayotgani»ni ma’lum qilgan.
Qrim rahbari maslahatchisi Oleg Kryuchkov Ukraina qurolli kuchlari «Qora dengizning Qrim sohillari akvatoriyasida» faollashgani haqida xabar bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida axborot hujumi ham amalga oshirilmoqda. «Axborot maydoniga ko‘plab yolg‘onlar tashlanmoqda. Biz axborot gigiyenasiga rioya qilamiz, faqat rasmiy ma’lumotlarga ishonamiz», – deya yozgan u telegram-kanalida.
2022 yil oktyabr oyida Qrim ko‘prigida portlash sodir bo‘lgan, natijada ko‘prikning avtomobil qismi tarmoqlaridan biri qisman qulab tushgandi, temiryo‘l qismida esa sisternali sostav yonib ketgan. Portlash oqibatida besh kishi halok bo‘lgan. 2023 yil avgust oyida Vasiliy Malyuk oktyabr oyida Qrim ko‘prigidagi portlashni UXX «amalga oshirgan amaliyotlardan biri» deb atadi. «Biz do‘zaxning yetti aylanasini bosib o‘tdik, shuncha odamdan yashirincha foydalandik. Rossiyaliklar 22 kishini „qamoqqa olishdi“. Ularning barchasi terrorchilik harakatida ishtirok etganlikda ayblanmoqda. Vaholanki, aslida ular o‘zlari uchun odatiy bo‘lgan oddiy ish bilan shug‘ullanishardi. Bular oddiy rossiyalik kontrabandachilar edi», – degandi u.
2023 yil 17 iyulga o‘tar kechasi ko‘prikka dengiz dronlari hujum qildi. Ko‘prikda sodir bo‘lgan portlash oqibatida avtomobilda ketayotgan er-xotin halok bo‘lgan, ularning 14 yoshli qizi jarohatlangan. Keyinroq UXX ushbu operatsiya tafsilotlarini oshkor qildi va hujum paytidagi videoyozuvni CNN telekanaliga taqdim etdi. Malyukning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prikka zarba berish uchun 850 kilogramm portlovchi modda bilan to‘ldirilgan Sea Baby suv usti dronidan foydalanilgan.
Ukraina tomoni bir necha bor Qrim ko‘prigini noqonuniy obekt va shunga mos ravishda Kiyevning qonuniy nishoni deb atagan – ko‘prik Rossiya armiyasi tomonidan qo‘shinlarga ta’minot yetkazish yo‘llaridan biri sifatida ham ishlatiladi.