Jahon | 18:47 / 04.06.2025
41522
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda faqat bir mamlakat o‘zini oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlashi ma’lum bo‘ldi

Olimlar yettita asosiy oziq-ovqat guruhi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini tahlil qildi va dunyo mamlakatlarini tasnifladi.

Gayana / Foto: AP

Germaniyaning Gettingen universiteti va Buyuk Britaniyaning Edinburg universiteti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, dunyodagi 186 mamlakatdan faqat bittasi tashqi yordamsiz o‘zini barcha asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga qodir. Bu Janubiy Amerikaning shimoli-sharqidagi bir milliondan kam aholiga ega bo‘lgan kichik Gayana davlati bo‘lib chiqdi. Bu haqda Science Alert xabar berdi.

Tadqiqot mualliflari yettita asosiy oziq-ovqat guruhi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini tahlil qildi: meva, sabzavot, sut mahsulotlari, baliq, go‘sht, dukkaklilar (shu jumladan, yong‘oqlar va urug‘lar), kraxmalli ekinlar (masalan, kartoshka).

Ma’lum bo‘lishicha, Gayana bu toifalarning barchasi bo‘yicha o‘zini-o‘zi to‘liq ta’minlovchi yagona davlatdir. Unga eng yaqin bo‘lganlari Xitoy va Vetnam bo‘lib, yettita guruhdan oltitasida ichki ehtiyojlarni qoplay oladi.

Shu bilan birga, dunyodagi faqat har yettinchi mamlakatda kamida beshta toifada yetarli miqdorda oziq-ovqat ishlab chiqariladi, jumladan, O‘zbekistonda ham (meva, sabzavot, sut, go‘sht, kraxmalli mahsulotlar).

Davlatlarning 1/3 qismidan ko‘prog‘i atigi bir yoki ikki guruh mahsulot bilan o‘zini to‘liq ta’minlaydi. Oltita davlat - Afg‘oniston, BAA, Iroq, Makao, Qatar va Yamanda o‘zini ta’minlay oladigan oziq-ovqat mahsulotlari yetarli emas.

O‘zbekistonda baliq va dukkaklilar (shu jumladan, yong‘oqlar va urug‘lar) bilan o‘zini to‘liq ta’minlashda muammolar borligi qayd etilgan.

Mualliflarning ta’kidlashicha, hatto iqtisodiy ittifoqlarda ham manzara o‘xshashligicha qolmoqda. Masalan, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi o‘zini faqat go‘sht bilan ta’minlaydi. G‘arbiy Afrika va Karib dengizidagi uyushmalar faqat ikkita toifada yetarli mahsulot ishlab chiqaradi. Va hech bir ittifoq o‘zini sabzavot bilan to‘liq ta’minlay olmaydi.

Bo‘shliqni to‘ldirishning asosiy yo‘li xalqaro savdo bo‘lib qolmoqda, ammo bunda ham zaiflik bor: ko‘plab mamlakatlar yagona import hamkoriga bog‘lanib qolgan. Bu ularni ta’minotdagi uzilishlar va siyosiy mojarolarga ayniqsa zaif qiladi.

Tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, nafaqat xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, balki savdo aloqalarini kengaytirish ham muhim. Bu barqaror oziq-ovqat tizimlarini qurish va uzoq muddatda aholi salomatligini ta’minlash uchun zarur.

Mavzuga oid