Fan-texnika | 17:30 / 04.06.2025
4081
4 daqiqa o‘qiladi

Rasmlarni HD formatda yuborish, audio xabarlarni kesish va kanallar bilan muloqot – Telegram’da yangilanishlar

3 iyun kuni Telegram jamoasi messenjer foydalanuvchilari uchun yangilangan o‘zgarishni taqdim qildi. Tobora ijtimoiylashib borayotgan messenjer foydalanuvchilarga kanal egalari bilan suhbatlashish, rasmlarni yuqoriroq sifatda yuborish va boshqa ilovalardan to‘g‘ridan to‘g‘ri hikoya joylash imkoniyatlarini taqdim qilmoqda.

Foto: Kun.uz

Kanallarga shaxsiy xabarlar yuborish imkoniyati

Endi foydalanuvchilar Telegram’dagi ommaviy kanallarga shaxsiy xabarlar yuborishi hamda kanalning egasi, adminlari bilan bevosita suhbatlashishi mumkin. Buning uchun kanal egasi ushbu rejimni yoqishi kerak. Adminlar obunachilar bilan shaxsiy axborotlarini oshkor qilmasdan, kanal nomidan muloqot qila oladi.

Kanal egasiga obunachilardan kelgan xabarlar yangi soddalashtirilgan interfeysda, shaxsiy chatlardan alohida ko‘rinadi. Buning uchun kanalning pastki panelidagi xabar belgisini bosish kerak. O‘z kanalingizga shaxsiy xabarlar qabul qilishni yoqish uchun kanal sozlamalaridan «xabar kanali» rukniga o‘tiladi.

Bundan tashqari, kanal egalari hisoblangan kontent ijodkorlari – suhbatlarni boshqariladigan va mazmunli qilish uchun obunachilar bilan har bir shaxsiy xabar uchun to‘lov belgilashi mumkin.

Yana bir muhim yangilik – messenjer rasmlarni HD sifatda yuborish imkoniyatini qo‘shdi

Aslida 2014 yildan beri foydalanuvchilar to‘liq aniqlik darajasidagi rasmlarni asl fayl ko‘rinishida yuborishi mumkin. Lekin rasmlar ochiq media holatda yuborilganda ularning sifati optimallashtirilib, 240 KB'gacha tushiriladi. Bu rasmlarni tezroq yuborish va mobil internet sarfini kamaytirish maqsadida qilingan.

Endilikda rasmlarni yuborishda yangi sifat opsiyasi — «Yuqori aniqlik darajasi» qo‘shildi. HD rasmlar 4 baravar ko‘p piksellarga ega bo‘ladi, shu bilan birga, 0,5 MB'dan kam trafik ishlatadi. Rasmni HD sifatida yuborish uchun rasm muharririda SD tugmasini bosib almashtirish mumkin. Yoki o‘ng burchakdagi menyudan «Yuqori sifatda yuborish» bandini ham tanlash mumkin.

Ovozli xabarlarni kesish

Endilikda foydalanuvchilar ovozli xabar yozib bo‘lgach, uning boshlanish va tugash nuqtalarini siljitib, kerakli parchani aniq kesib olishi mumkin. Mukammal audioxabar uchun uni boshqatdan yozish shart emas, shunchaki keraksiz joyini kesib tashlaysiz.

Ma’lum qilinishicha, ushbu opsiya ovozli xabar yozayotganda yozuvni qulflash uchun yuqoriga surilganda paydo bo‘ladi. Afzalligi – xabarni yozib bo‘lib, uni kesgandan keyin mikrofon belgisini yana bosib, qo‘shimcha qismlarni yozishingiz mumkin.

Shuningdek, ovozli va video xabarlar uchun pauzalash, uni davom ettirish ham mumkin.

Ko‘proq so‘rovnoma variantlari

Telegram’da 2018 yildan buyon har qanday guruh yoki kanallarda qarorlar qabul qilish va tadbirlarni rejalashtirish uchun so‘rovnomalardan foydalanish imkoniyati ochilgan edi.

Ushbu yangilanishlar bilan so‘rovnomalarda 12 tagacha variant qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, so‘rovnomalarni «Saqlangan xabarlar»ga yuborish va natijalardan kelajakda foydalanish mumkin.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Guruhlardagi mavzular (theme) uchun yangi sahifa maketi mavjud bo‘lib, u sizga chatlar ro‘yxatidan tezroq kirish va suhbatlar orasida bir marta bosish orqali o‘tish imkonini beradi.

Bundan tashqari, iOS uchun boshqa ilovalardagi birlamchi «Ulashish» tugmasi yordamida bevosita Telegram’ga hikoya (Stories) joylash mumkin. Bu endi messenjerning ijtimoiylashayotgan funksiyalaridan biri.

Ushbu o‘zgarishlardan foydalanish uchun Telegram ilovasini – Play Market yoki App Store orqali yangilab olish kerak bo‘ladi.

Avvalroq, Pavel Durov Telegram – Ilon Maskning Grok sun’iy intellekti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani, Premium obunachilari soni 15 milliondan oshgani haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid