Rossiya telekanallari ko‘priklar portlatilishi va harbiy aerodromlarga hujumlarni qanday yoritdi?

NTV ukrain dronlari zarbalariga «qat’iy javob» bilan tahdid qildi. Solovyov yonayotgan samolyotlarni videoga olgan askarni «otib tashlash»ga chaqirdi.
Birinchi kanal va «Rossiya 1»ning yakuniy yangiliklar dasturlarida Rossiya aerodromlariga hujumlar haqida hech narsa deyilmadi
Birinchi kanal va «Rossiya 1» telekanallari 1 iyun kuni kun bo‘yi o‘z yangiliklar syujyetlarida Bryansk va Kursk oblastlaridagi ko‘priklar portlashi haqida hikoya qildi, shuningdek yakuniy dasturlari — «Yakshanba vaqti» va «Hafta xabarlari»da ushbu voqealarga vaqt ajratishdi. Kanallar o‘z syujyetlarida e’tiborni hodisa oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek, Klimov — Moskva poyezdi yo‘lovchilariga qanday yordam ko‘rsatilayotgani hamda ularning o‘zi shikastlangan vagonlardan chiqib olishda bir-biriga qanday yordam ko‘rsatishgani haqida hikoya qiladi.
«Poyezd halokatidan so‘ng, og‘ir damlarda odamlarimizni mashhur qilgan eng yaxshi fazilatlar namoyon bo‘ldi. Avvaliga poyezd brigadasi aniq ishladi. Yo‘lovchilar, jumladan, jarohatlanganlar ahvoli yanada og‘irroq bo‘lganlarga yordam berishdi. Birinchi navbatda, pachoq bo‘lgan vagonlarda qamalib qolgan odamlarga. Kech bo‘lishiga qaramay, evakuatsiyaga Vigonichi aholisi ham qo‘shildi», – deydi Birinchi kanal muxbiri.
Birinchi kanal va «Rossiya» yakuniy dasturlarda vaziyatni Vladimir Putin kuzatib borganini alohida ta’kidladi. Deyarli bir xil so‘zlar bilan ular 1 iyun kuni kechasi Rossiya prezidenti FXX, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Bryansk oblasti ma’muriyatlaridan sodir bo‘lgan voqealar haqida hisobotlar olganini ma’lum qilishdi.
Ukraina dronlarining Rossiya harbiy aerodromlariga hujumlariga Rossiyaning asosiy telekanallarining yakuniy dasturlari bir daqiqadan kamroq vaqt ajratib, RF mudofaa vazirligi press-relizini o‘qib eshittirish bilan cheklangan.
NTVda ko‘priklar portlatilishi va dron hujumlari Istanbuldagi muzokaralar bilan bog‘langan. Va Ukrainaga qattiq javob berish bilan tahdid qilingan
NTV telekanalidagi «Hafta yakunlari»da Bryansk va Kursk oblastlaridagi ko‘priklar portlatilishi Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining Istanbuldagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarining ikkinchi raundi bilan bog‘landi (u 2 iyun kuni bo‘lib o‘tdi). Dasturda Vladimir Putinni ham tilga olishni unutishmadi.
«Barcha Ukraina bo‘yicha muzokaralarning ikkinchi raundini kutayotganida, yakshanbaga o‘tar kechasi chegaradosh hududlarimizdagi ikki ko‘prik portlatildi. <…> Bryansk oblastidagi qulashdan keyinoq bu aslo shunchaki fojiali holat emasligi kundek ravshan edi. Va ko‘p o‘tmay gubernator [Aleksandr] Bogomaz shunday dedi: ko‘prik portlatilgan, – deydi „Hafta yakunlari“ boshlovchisi Vladimir Chernyshev. – Kursk oblastida uch kishi jabrlangan, ammo ko‘prik portlatilishi sxemasi o‘xshash. Savol tug‘iladi: bu portlashlar tashkilotchilari kim bo‘lishi mumkin? Ehtimoliy muzokaralar oldidan kim bunday ish qilishi mumkin?»
Ukraina xavfsizlik kuchlari dronlarining «Rossiya ichkari hududlaridagi harbiy obektlari»ga hujumlarini Chernishev «tashkilotchilar uchun surbetlik va o‘z joniga qasd qilish» deb baholagan. Uning fikricha, «bu provokatsiya»dan maqsad «harbiy harakatlarni keskinlashtirish» hisoblanadi. Boshlovchi Rossiya «qattiq javob» qaytarishini aytib tahdid ham qilgan.
«Albatta, har doimgidek, Rossiyaning javobi keskin bo‘ladi. Bunday holatdan keyin Ukrainaga, albatta, havas qilib bo‘lmaydi. Ammo Kiyev rejimi o‘zi uchun imkoniyatlar darchasini toraytirmoqda. Muzokaralardagi har bir keyingi shartlar uning uchun faqat qattiqroq bo‘ladi. Ammo u, aftidan, Rossiya bilan deyarli qo‘poruvchilik urushiga o‘tib, buning uchun pul olishni davom ettirish orqali harbiy harakatlarni uzaytirishga umid qilmoqda. Va kuratorlar tomonidan yanada ko‘proq himoya qilinishiga umid qilmoqda. Kiyev rejimi allaqachon o‘z mohiyatini, jumladan, bizning chegaralarimizda shunchalik ko‘p marta isbotladiki, bunday harakatlar kimga foyda keltirishi va nima uchun chegaralarda bufer xavfsizlik zonasini yaratishimiz kerakligi haqidagi savollar o‘z-o‘zidan yo‘qqa chiqadi», – deya qo‘shimcha qildi Chernishev.
Propagandachi Vladimir Solovyov yonayotgan samolyotlar videosini tarqatgan yosh askarni otib tashlash ilojsizligidan nolidi. Z-kanallar boshlovchini tanqid qildi
Vladimir Solovyov «Rossiya 1» telekanali efirida beriladigan «Vladimir Solovyov bilan oqshom» dasturida urushning to‘rtinchi yiliga kelib ham mamlakatda «Smersh» harakati qayta tiklanmaganidan shikoyat qildi. U bu haqda harbiy aerodromlarga hujumlar va ulardan birining oqibatlari aks etgan, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlardan biri tomonidan olingan videoni muhokama qilish chog‘ida gapirgan. Solovyov askarni «Vatan xoini» deb atagan va «otib tashlash»ga chaqirgan.
«Ushbu askarni otib tashlasa bo‘ladimi? Bu ablahni safdan chiqarib, Vatan xoini sifatida shunchaki otib tashlash kerak. U hozirda dushman manfaatlariga xizmat qilmoqda. Qilib bo‘lmaydi. Qonunlarimiz imkon bermaydi. Biz gumanistlarmiz-ku. Uni hatto koyib qo‘yishimiz ham mumkin emas», — degan Solovyov. Propagandachining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda askarning telefoni yonida bo‘lmasligi kerak edi, ammo harbiylar buning uchun jazolanmaydi.
Solovyovning bayonoti aks etgan rolik ham ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Uning yosh askar haqidagi so‘zlarini harbiy mavzuga ixtisoslashgan telegram-kanallar mualliflari tanqid qilishdi. «Bu ablahning yana bir bor tomi ketib qolibdi. Jazosiz qolayotgani uchun», — deya qisqacha izoh bildirgan boshlovchining chaqirig‘iga «Romanov Layt» kanali.
«Harbiy muxbir» Roman Alexin propagandachining mantig‘ini g‘alati deb atagan:
Ya’ni sodir bo‘layotgan voqealarni ko‘rib, cho‘ntagidan telefonini olgan o‘smirni — uni fuqarolik hayotida «post qo‘ymadingmi — demak bo‘lmagansan» mafkurasida tarbiyalashgan — otib tashlash kerakmi? Unga armiyadagi yangi mafkurani va intizomni singdirishga mas’lum bo‘lganlar-chi, mukofotlanadimi? <…> Yillar davomida budjet hisobidan axborot tarmog‘idagi barcha muvaffaqiyatsizliklarni yashirgan, haqiqatni aytganlarning og‘zini yopgan, shuningdek, bunga sharoit yaratganlarni oqlaganlarni nima qilish kerak?
«PriZrak Novorossii» kanali FSBning sobiq zobiti Igor Strelkov (Girkin)ni shunga o‘xshash iborasi uchun «ekstremizmga chaqirish» ayblovi bo‘yicha to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum etishganini eslatgan.
Mavzuga oid

22:38 / 04.06.2025
«Pautina» operatsiyasi: Rossiya qanday javob beradi?

21:12 / 04.06.2025
“O‘rgimchak to‘ri”: Ukraina qo‘lidagi kartalardan birini ochdi

21:09 / 04.06.2025
Ukraina «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasiga oid yangi kadrlarni namoyish etdi

21:50 / 03.06.2025