Jahon | 18:15 / 04.06.2025
5249
2 daqiqa o‘qiladi

Sahroi Kabirdan ko‘tarilgan ulkan chang buluti AQShga yaqinlashmoqda

Havodagi chang va qum zarralari tufayli eng qiyin vaziyat 5 iyun kuni yuzaga kelishi kutilmoqda.

Foto: AP

Atlantika okeani orqali 3,2 ming km o‘lchamdagi chang buluti AQSh hududiga - Florida, Luiziana, Alabama va Missisipi shtatlari tomon harakatlanmoqda. Atlantika okeanini deyarli kesib o‘tgan bulut Sahroi Kabir ustida hosil bo‘lgan va chang qatlami qalinligi 4 km ga yetadi, deb xabar berdi Bloomberg.

Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi mutaxassislarining prognozlariga ko‘ra, bulut 4 iyun kuni AQSh sharqiy qirg‘oqlariga yetib boradi. Havodagi chang va qum zarralari tufayli eng qiyin vaziyat 5 iyun kuni yuzaga kelishi kutilmoqda.

Sahroi Kabirda ko‘pincha chang va qumdan iborat ulkan bulutlar paydo bo‘ladi, ammo ular hali Amerika qit’asiga yetib bormagan. Issiq chang massalari dastlab tropik siklonlar tufayli ko‘tariladi, so‘ngra Atlantika okeani ustidagi nam va zichroq havo ularni yanada balandroq ko‘taradi va g‘arbga harakatlanishiga yordam beradi. Ba’zan shamol chang massalarining bir qismini Yevropaga olib boradi. Bunday bulutlar 100 million tonnagacha changni olib yurishi mumkin.

Chang bulutlarining paydo bo‘lishi havo sifatini keskin yomonlashtiradi, bu o‘pka kasalliklari, shu jumladan astma bilan og‘rigan odamlar uchun xavflidir. Bunday sharoitda hatto sog‘lom odamlarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin, shuning uchun mutaxassislar iloji bo‘lsa uyda qolishni va ko‘chaga niqob yoki respiratorsiz chiqmaslikni tavsiya qiladi. Biroq, ba’zi ekspertlar bu ob-havo hodisasining ijobiy tomonlari borligini aytishadi. Bunday bulutlar minerallarni, shu jumladan fosfor va temirni olib yuradi va shu bilan tuproqni o‘g‘itlantiradi. Bundan tashqari, bulutlar AQSh janubi-sharqiy qirg‘oqlariga tez-tez yopiriladigan bo‘ronlarning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.

 

Mavzuga oid