Jahon | 19:55 / 05.06.2025
2366
5 daqiqa o‘qiladi

G‘azo, Suriya va Eron: Yaqin Sharqdagi so‘nggi o‘zgarishlar tahlili

G‘azoda otashkesim bo‘yicha AQSh taklif etgan loyihaga Hamas nega ko‘nmayapti? Suriyaning yangi hukumati Isroilni tan oladimi? AQSh–Eron muzokaralarida oldinga siljish to‘xtab qoldimi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida – Yaqin Sharqdagi so‘nggi jarayonlar yuzasidan siyosatshunoslar Farhod Karimov va Shavkat Ikromov sharhi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— AQSh prezidentining maslahatchisi Stiv Uitkoff ishlab chiqqan sulh loyihasi asosida, G‘azoda o‘t ochishni 60 kunga to‘xtatish taklif qilinyapti. Isroil rozi, ammo Hamasni qoniqtirmayotgan narsa nima?

Farhod Karimov: Bundan avvalgi vaqtinchalik sulh 1 martda tugagan, shundan keyin 18 martdan boshlab Isroil yana harbiy harakatlarni boshlagandi. So‘nggi haftalarda TSAHAL G‘azoda “tozalashning yangi bosqichi”ni e’lon qildi.

Shu fonda AQSh hukumati 60 kunlik sulh taklifi bilan chiqyapti. 18 nafar asirni Isroilga qaytarish evaziga, 1100 dan ortiq g‘azolik asirlarni tutqunlikdan chiqarish ilgari surilyapti. Lekin Hamas buni qabul qilmayapti. Hamas 60 kunlik emas, G‘azodagi urushni butkul tugatish va Isroil armiyasining hududdan chiqib ketishini talab qilyapti. Doimiy sulhsiz, 60 kunlik otashkesim Isroilni to‘xtatmaydi, degan fikr bor.

Undan tashqari, humanitar yordam yuklarini yetkazib berish masalasi. AQSh taklifiga ko‘ra, insonparvarlik yuklarini yetkazib berish faqat Qo‘shma Shtatlar tomonidan amalga oshirilishi kerak. Bu esa Hamasga noqulay, chunki yuk yetkazib berish orqali Hamasning muhim infratuzilmalari haqidagi ma’lumotlar qo‘lga kiritilishi mumkin.

Shavkat Ikromov: Hamas rahbariyatining fikricha, Isroil bo‘yicha AQShning vakili Stiv Uitkoff Isroilga xayrixoh, Hamasga esa dushmanona kayfiyatdagi shaxs bo‘lib, mazkur sulh shartlari tuzilayotganda to‘liqligicha bu narsa o‘zining ifodasini topgan.

Taktik jihatdan Hamas allaqachon mag‘lubiyatga uchrab bo‘ldi, u hozir armiya sifatida to‘laqonli harakat qila olayotgani yo‘q. Lekin Hamasning strategik uzoq muddatli rejalarida mavjud vaziyat inobatga olingan. Isroil esa Hamasni oxirigacha yo‘q qilib yubormasdan, u bilan har qanday shartnomalar tuzish Hamasning qayta tiklanishi uchun asos bo‘ladi deb hisoblaydi.

Isroil hukumati insonparvarlik yordami masalasida “humanitar tuzoq” taktikasini qo‘llayapti. Isroil G‘azoga humanitar yordamlar bilan birga qurol-yarog‘ ham kirib kelayotganini da’vo qiladi, lekin shu paytgacha bu da’volariga hech qanday asos keltirmagan. Xalqaro tekshiruvlarda ham biron bir tasdiq topilmagan.

G‘azo aholisi bugun o‘ta og‘ir vaziyatda. Hamasda hozir hech bo‘lmasa 60 kunlik otashkesimga erishib bo‘lsa ham o‘z xalqiga yengillik berish majburiyati ham mavjud.

— Suriya va Isroil munosabatlari diplomatik munosabatlar o‘rnatish tomon ketyaptimi?

Farhod Karimov: Bunday xabarlarni dunyodagi nufuzli nashrlar ham qayd etyapti. Hatto tomonlar Ozarboyjonda ham norasmiy uchrashuvlar o‘tkazgani, unda Turkiya ham qatnashgani haqida ma’lumotlar mavjud. Suriya hokimiyatiga Ahmad ash-Shara kelgach mintaqada kuchlar muvozanati o‘zgardi. Ya’ni Isroilning dushmani bo‘lgan Eron o‘yindan chiqdi va Turkiya ta’sir doirasini kengaytirdi. Lekin shu muzokaralar paytida ham Isroil Suriya hududlarini bombardimon qilishni unutmayapti. Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan raketa zarbalari muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilayotganga o‘xshaydi. Chunki Ash-Shara hukumati bunga keskin javob bermayapti. Go‘yoki Suriyada Sharaning xabarisiz ayrim guruhlar Isroil tomonga ikkita-uchta raketa uchirgan bo‘lyapti, natijada Isroil bunga keskin hujumlar bilan javob qaytaryapti. Ash-Shara ayrim bir keraksiz bo‘lgan, unga xalaqit berayotgan qaysidir guruhlarni sekin-asta shu yo‘l bilan yo‘q qilish yo‘lini tutayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Suhbatni to‘liq holda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid