«Ilondan juda hafsalam pir bo‘ldi» - Tramp soliq imtiyozlariga oid qonun loyihasini tanqid qilgan Mask haqida
Hukumat samaradorligi departamenti rahbarligidan ketgan Ilon Mask respublikachilarning soliq imtiyozlarini uzaytirish va budjet bo‘yicha qonun loyihasini tanqid qilgan edi. AQSh prezidenti Maskni qonun loyihasini emas, o‘zini tanqid qilishga chaqirdi.

Foto: Bloomberg
AQSh prezidenti Donald Tramp milliarder Ilon Mask bilan «juda yaxshi» munosabatda bo‘lgani, biroq endi biznesmendan «hafsalasi pir bo‘lgani»ni ma’lum qildi. Bu bayonotini Tramp jurnalistlarning Mask bildirayotgan tanqidlarga izoh berish iltimosiga javoban aytib o‘tdi.
Ilon Mask respublikachilarning soliq imtiyozlarini uzaytirish va budjet bo‘yicha qonun loyihasini tanqid qilgan edi.
«Men uning nima uchun norozi ekanini tushunaman… Qarang, biz Ilon bilan juda yaxshi munosabatda edik. Bu yana [shunday] bo‘ladimi, bilmayman. U men haqimda juda yaxshi gapirgan, yomon so‘z aytmagan, lekin ishonchim komilki, keyingi safar bu sodir bo‘lishi mumkin. Ammo Ilondan juda hafsalam pir bo‘ldi. Men unga ko‘p yordam berganman», — deydi Tramp Oval kabinetda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvda.
Davlat xarajatlari bo‘yicha Maskning fikrlariga jiddiy munosabatda bo‘lish kerakmi, degan savolga Tramp «yo‘q», deb javob qaytardi.
«U [Mask] ko‘p ishladi va vazifasini yaxshi bajardi. To‘g‘risini aytganda, u bu yerni sog‘ingandek. Menimcha, u ko‘chaga chiqdiyu, to‘satdan bu ajoyib Oval kabinetda emasligini angladi. Men u qonun loyihasini emas, balki meni tanqid qilishini ma’qul ko‘rardim, chunki ushbu qonun loyihasi ajoyib», — deydi AQSh prezidenti.
May oxirlariga qadar Ilon Mask AQSh prezidenti ma’muriyati huzuridagi Hukumat samaradorligi departamentini (DOGE) boshqardi. Departament hukumat xarajatlarini qisqartirish uchun tuzilgan.
Tramp ma’muriyatidan ketgach, biznesmen yangi soliq imtiyozlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini keskin tanqid qildi. Mask ushbu tashabbusni — «jirkanch buzuqlik» deb atab, taklif qilingan tuzatishlar budjet mablag‘larining talon-toroj qilinishiga olib kelishini ta’kidladi.