Jahon | 20:32 / 05.06.2025
2227
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon katta kemalarni yo‘q qiladigan aviabombani sinovdan o‘tkazdi

Yangi Quicksink aviabombasi AQSh statsionar yoki harakatlanuvchi kemalarga zarba berish qobiliyatini sezilarli darajada oshirgani ta’kidlanmoqda.

Foto: United States Air Force

Amerikaning B-2 Spirit strategik bombardimonchi samolyoti dushmanning katta kemalarini yo‘q qilishga mo‘ljallangan qudratli Quicksink aviabombasini sinovdan o‘tkazdi.

Newsweek xabariga ko‘ra, Quicksink - bu katta harbiy kemalarni yo‘q qilishga qodir bo‘lgan yuqori aniqlikdagi arzon aviabombani yaratish dasturi, uning tafsilotlari oshkor etilmagan.

AQSh Harbiy-havo kuchlari tadqiqot laboratoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, aviabomba aprel oyi oxirida Florida yaqinida Atlantika okeanida, shuningdek, o‘tgan yili Tinch okeanida sinovdan o‘tkazilgan.

«Biz statsionar yoki harakatlanuvchi kemalarga zarba berish qobiliyatimizni sezilarli darajada oshiradigan yangi Quicksink qurolini yaratdik», dedi Harbiy havo kuchlari shtab boshlig‘i general Devid Allvin.

Yaqinda AQSh bombardimonchi samolyoti Tinch okeanida harbiy kemalarni cho‘ktirish uchun mo‘ljallangan «inqilobiy» qurolni sinovdan o‘tkazdi. Quicksink nomi bilan tanilgan yangi qurol dengiz nishonlarini «tez va samarali tarzda» cho‘ktirishi mumkin, deyiladi havo kuchlari tadqiqot laboratoriyasi bayonotida.

Nashrning qayd etishicha, hozir Xitoy Tinch okeanida AQSh bilan raqobatda ustunlik qilmoqda va 370 ta kema va suvosti kemalariga ega.

Mavzuga oid