O‘zbekiston | 12:52 / 05.06.2025
2886
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlandi

2025–2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish 5 iyundan boshlandi.

Foto: Kun.uz 

Davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkazilishi belgilangan.

Abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan baliga asosan dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.

Oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi 2 bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5 iyundan 25 iyungacha (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini, shuningdek, kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi;
ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.

Oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlamagan abituriyentlar yakuniy tanlovga qo‘yilmaydi.

Professional ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar professional ta’lim muassasasini, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.

Mavzuga oid