O‘zbekiston | 18:15 / 07.06.2025
3752
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkent peshlavhalarini majburiy birxillashtirish xalqaro tajribaga mosmi?

Poytaxtda do‘konlar va boshqa savdo nuqtalarining peshlavhalari majburiy tarzda birxillashtirilmoqda. Bu – vizual shovqinni kamaytirish uchun shaharning dizayn kodi qabul qilingani bilan bog‘liq. Lekin uni qabul qilishda keng jamoatchilik muhokamasi bo‘lmagan. Jarayonga tadbirkorlar nima deydi, bu tadbir xalqaro amaliyotga qanchalik mos?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shaharni ko‘rkam qilish – ko‘pchilikning ishi. Ma’lum bir shaharda yashovchi odamlar o‘z kreativligini, ta’bir joiz bo‘lsa o‘z ruhini shahar ko‘rinishida namoyon qiladi. Keyin boshqa yurtda yashovchi odamlar shu ruhdan bahramand bo‘lish uchun bu shaharga turist bo‘lib kelishadi. Bu ruh o‘z ichiga binolar, ko‘chalar, oshxonalar, mehmonxonalar, do‘konlar, bog‘lar va boshqa narsalarning ko‘rinishini o‘z ichiga oladi. Ko‘rinishdan tashqari narsalar ham bor, albatta, ammo bu boshqa mavzu.

Xullas, shaharliklarning ichki dunyosi shaharga uradi va uzog‘-u yaqindan odamlar shu o‘ziga xoslikni, boshqa yerda yo‘q narsalarni izlab kelishadi. 

Biroq bu degani kim nimani istasa qilaverishi mumkin degani emas, shahar ko‘rinishida uyg‘unlik bo‘lmog‘i lozim. Hamma o‘z reklamasi-yu peshlavhalarini istagandek qo‘yib tashlasa, ko‘rimsiz manzara yuzaga keladi.

Bizning Toshkentda ham uyg‘un manzarani yuzaga keltirish vaqti keldi. Toshkent shahri hokimiyati bunga bel bog‘lagan. Ammo bitta “lekin”i bor – qanday qilib bu amalga oshirilyapti.

Vaziyatni o‘rganish uchun biroz shahar aylandik, tadbirkorlarga mikrofon tutdik. Peshlavhalar olinyapti. O‘rniga hokimiyat belgilagan taxtalar o‘rnatilyapti.

Shokir Sharipov: Har galgidek, qo‘qqisdan yuz beryaptimi bu?

Jamoliddin Muhammadjon (tadbirkor): Qo‘qqisdan, har galgidek. Odatiy buyruq bo‘ladi: olish kerak peshlavhalarni, yechish kerak. Bajarmasak, “statyalar” bor – “bo‘ysunmaslik”... Mijozlarimiz bizni ko‘chdi deb o‘ylayapti... Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz orqali “hammasi joyida, faqat noma’lum muddatga shunaqa bo‘lib turibdi”, deb tushuntirish berib turibmiz.

Sh.Sharipov: Aytib bering-chi, shunaqa birxillashtirishni qayerdadir kuzatdingizmi?

J.Muhammadjon: Yo‘q. Yopiq obektlar ichida bo‘lishi mumkin, lekin bunaqa – shaharni umumiy bir xil qolipga, bir xil ko‘rinishga olib kelish, peshlavhalar shahar bo‘yicha bir xil bo‘lishini ko‘rmaganman. Ajralib turish bu biznesga xos narsa o‘zi. Shunaqa tushuncha bor – “brendbuk” degan. Ya’ni o‘zingizning brendbukingiz ichida o‘zingizga xos ranglar bo‘ladi, o‘zingizga xos shriftlar bo‘ladi. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarorida tushunarsiz holatlar bor. Bayroq kompozitsiyalarini o‘rnatish taqiqlanadi.

Sh.Sharipov: Dunyo shaharlarida bu bormi-yo‘qmi?

J.Muhammadjon: Bor, butun dunyoda bayroq kompozitsiyalari bor. Keyingisi: “reklama ko‘rsatkichlarini o‘rnatish taqiqlanadi, chunki ular tarixiy ko‘rinishni buzadi”.

Sh.Sharipov: Bu chet elda yo‘qmi?

J.Muhammadjon: Butun dunyoda bor. Keyingisi: “shtenderlarni o‘rnatish taqiqlanadi, chunki ular piyodalar uchun to‘siqlar yaratadi”.

Sherzod Sami (tadbirkor): So‘nggi yillarda bunaqa – qo‘qqisdan har xil talablar chiqib qolishiga hayron bo‘lmay ham qoldik. Uch-to‘rt yil oldin portalga murojaat qilib, u qilib, bu qilib, haqqimizni talab qila olardik...

Sh.Sharipov: Nechta mamlakatda bo‘lgansiz?

Sh.Sami: Qirq uchtadan oshdi.

Sh.Sharipov: Bu tarzdagi birxillashtirishni biror joyda kuzatganmisiz?

Sh.Sami: Turkmanistonda bo‘lishi mumkin.

Sh.Sharipov: Shahar o‘zi, o‘sha shaharda yashayotgan odamlarning individualligining bir namoyoni, to‘g‘rimi?

Sh.Sami: Albatta.

Sh.Sharipov: Nima uchun biz Madrid, Lissabon, London, Parij, Tokioga qiziqamiz? Chunki u yerda individuallik bor. Shu bilan farqlanadi shaharlar. Agar hamma shaharlar bir xil bo‘lib qoladigan bo‘lsa, bu qay tarzda turistlar oqimiga ta’sir qiladi?

Sh.Sami: Albatta. Eski shaharning, masalan, Suzukota kabi o‘ziga xos, bir xillikda qurilgan, milliylikni targ‘ib qiladigan bir shaklda qilingan joylar alohida bir mavzu bo‘lishi kerak. Topshiriq olgan xodimlarning ham o‘zida ozgina initsiativa, jur’at bo‘lishi kerak, faqat buyruqni ko‘r-ko‘rona bajarish kerak emas deb o‘ylayman.

Sh.Sharipov: Rivojlangan mamlakatlarda bu qanday amalga oshiriladi? Ko‘rib chiqamiz.

Parij. Tarixiy markazda tartib qattiq, ammo brend individualligi saqlanadi. Tarixiy hududlarda o‘ta yorqin ranglar, katta va agressiv peshlavhalarga cheklov bor.

Amsterdam. O‘lcham va yoritishga cheklov bor, ammo individuallik saqlanadi.

Tokio. Faqat tarixiy hududlarda material va o‘lchamlarga cheklovlar bor: neon yoritgichlari, haddan tashqari katta peshlavhalarga cheklov mavjud.

Nyu-York. Tarixiy hududlarda yorqin yoritish va plastik materiallarga cheklov bor. Brend uslubiga ruxsat beriladi.

Seul. Qo‘riqlanadigan hududlarda juda katta va yorqin peshlavhalarga cheklov bor. Brendlashuv ruxsat etilgan.

Ha, Toshkentimiz ko‘rinishi hali ishlovga muhtoj, peshtaxtalari ham ko‘pchiligimizga yoqmayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq o‘zgarishlar, rivojlangan mamlakatlardagi kabi jamoatchilik bilan bamaslahat, demokratik jarayonlar orqali amalga oshirilsa, har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki bunda odamlarga nisbatan hurmat bor, o‘sish ham bu – bir harakat emas, bu – jarayon. Shahar shaharliklarning davomli urinishi bilan ko‘rkam bo‘ladi. 

Shokir Sharipov

Mavzuga oid