Jahon | 20:27 / 08.06.2025
1602
14 daqiqa o‘qiladi

Frontda «o‘rgimchak urushi», Oq uyda «ayrilish kuyi» – hafta dayjesti

Assalomu alaykum. Bugun 8 iyun, yakshanba. Ortda qolayotgan hafta AQSh prezidenti Donald Tramp va milliarder Ilon Mask o‘rtasidagi janjal bilan yodda qoldi. Shuningdek, hafta boshida Ukraina Rossiyaga qarshi sensatsion operatsiya o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi. Britaniya bosh vaziri qirollik urushga tayyorlanishini e’lon qildi. Quyida hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan muhim voqealarni birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mask va Tramp janjali

Haftaning eng muhim voqeasi Donald Tramp va Ilon Maskning janjali bo‘ldi. Prezidentlik kampaniyasi vaqtida qalin bo‘lib qolgan ikki milliarder Tramp saylovda yutgach, shunaqa osh-qatiq bo‘lib ketishdiki, hatto Mask prezidentning uyida yashay boshladi. Ilon eng muhim lavozimlarga odam qo‘yishda qatnashdi, Oq uyda kabinetli bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, Ilon Mask AQShning chinakam ikkinchi odamiga aylandi.

Biroq o‘tgan hafta Mask Oq uydan ketishi ma’lum bo‘ldi. Esingizda bo‘lsa, Tramp Maskni budjet xarajatlarini kamaytirishga mas’ul etib tayinlagandi. Tramp Oq uyda Maskning ketishi munosabati bilan tantanali matbuot anjumani tashkil qildi, unga Oq uyning ramziy oltin kalitini sovg‘a qildi. O‘tgan haftadagi dayjestimizda bu shunchaki odamlar ko‘zi uchun qilingan «to‘n operatsiyasi» ekani, voqealar rivoji Tramp va Mask kelishmay qolganiga ishora qilayotganini aytgandik. Chindan shunday bo‘lib chiqdi.

Avvaliga Mask Trampning soliq to‘g‘risida qonunini tanqid qilib, bu budjet xarajatlarini oshirib yuborishini aytdi. Keyin Tramp «hujumga o‘tib», Maskni o‘zidan ketishda, aqldan ozishda aybladi. Mask Trampga saylov kampaniyasi davomida yordam berganini minnat qildi. Hatto Tramp amerikalik pedofil ishida aloqador ekaniga ishora qilib post yozdi, keyin uni o‘chirib yubordi.

Tramp Maskni qo‘llash uchun sotib olgan Teslaʼdan qutulmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi. OAVda ikki milliarderning munosabatlariga oid yangi tafsilotlar chiqa boshladi. Ularda aytilishicha, Tramp o‘zaro suhbatlardan birida Mask narkotik moddalarga ruju qo‘yganini aytgan. Maskni o‘zidan uzoqlashtirganiga ham milliarder giyohvand moddalar iste’mol qilishini sabab sifatida keltirgan.

Ana shunaqa jiddiy janjal avj oldi Amerikada. Kechagina apoq-chapoq bo‘lib «bir tovoqdan osh yeb yurgan» boyvachchalar endi dushmanga aylanib ketishdi. Bilasizmi nega? Chunki Mask ham, Tramp ham bir-biri bilan manfaat uchun yaqin bo‘lgandi. Trampga Maskning saylov kampaniyasi uchun beradigan pullari, uning amerikaliklar orasidagi mashhurligi kerak edi. Mask esa Tramp prezident bo‘lgach, o‘z biznes imperiyasini mustahkamlab olishni istagan ko‘rinadi. Maqsadlar nosamimiy va notoza bo‘lgani uchun ularning munosabati dushmanlik bilan tugadi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasdi...

Tramp va Putin Eronni muhokama qildi

Hafta davomida Putin va Tramp yana telefon orqali gaplashdi. O‘sha gap: Makron va Putin ko‘p telefonda gaplashishi haqida memlarda endi Fransiya lideri o‘rniga bemalol Trampni qo‘yaversa bo‘ladi.

Bu gal Tramp va Putin Ukraina Rossiya aerodromlariga amalga oshirgan «Pautina» operatsiyasidan keyin gaplashishdi. Putin suhbat davomida Ukrainaga javob berishga majbur ekanini ta’kidlagan. Tramp suhbatdan keyin qiziq gap aytdi. «Rossiya va Ukraina o‘yin maydonchasida o‘yinchoq talashib urushayotgan bolalarga o‘xshaydi. Bunday bolalarga ba’zan urushib olishga imkon berish kerak», dedi AQSh prezidenti.

Shuningdek, Trampning gaplaridan suhbatning asosiy mavzusi Ukrainaning operatsiyasi emas, Eron yadro dasturi bo‘lganini sezish mumkin. Tramp Putinga Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligini eslatgan. Putin esa bu borada muzokarada qatnashishga tayyorligini aytgan.

Qiziq to‘g‘rimi? Rossiya to‘rtinchi yilki qo‘shnisining shaharlarini «tekislash» bilan band, Tramp esa bir kunda urushni tugataman deb katta ketib qo‘ygan tinchlikparvar prezident. Lekin bu ikkovi Eronning yadro dasturini muhokama qilib yuribdi. Ular gardanlaridagi asosiy vazifani unutib qo‘ygan ko‘rinadi, qarilik qursin...

«Pautina» operatsiyasi

Hafta boshida Ukraina Rossiyaning to‘rtta aerdromiga hujum qilib, naq 41 ta strategik aviatsiya samolyotlarini yo‘q qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu operatsiyasiga «Pautina», ya’ni o‘rgimchak to‘ri deb nom berishgan. Operatsiya juda oddiy, arzon dronlar yordamida amalga oshirilgan. Dronlar yuk mashinasiga mobil uylar ko‘rinishidagi maskirovkaga yashirilgan. Keyin mashina Rossiyaning olis hududlariga, hatto Murmanskkacha hech qanday qarshiliksiz yetib borgan. Aerodromlar oldida to‘xtagan mashinalar ichidan dronlar odamlar ko‘z o‘ngida uchib chiqib, samolyotlarni yo‘q qilishga kirishgan.

Operatsiya sun’iy intellekt va masofadan turib operatorlar yordamida boshqarilgan. Ukraina tomoni hujum natijasida Rossiya aviatsiyasi 7 milliard dollarlik samolyotlarini yo‘qotganini ma’lum qildi.

Janubiy Koreyada yangi prezident

Hafta davomida Janubiy Koreyada yangi prezident saylandi. Avvalgi prezident Yun Sok Yol davlat to‘ntarishi amalga oshirishga uringanidan keyin koreyaliklar tomonidan ag‘darilib, ishdan haydalgandi. Undan keyin saylangan vaqtincha prezident ham ishdan ketdi. Nihoyat koreyslar normal saylov o‘tkazib, eson-omon yangi prezidentni saylab olishdi. Muxolif «Toburo» partiyasi nomzodi Le Che Myon 49 foiz ovoz olib saylovda g‘olib bo‘ldi. Konservatorlar nomzodi Kim Mun Su 42 foizga yaqin ovoz oldi.

Kanslerdan g‘aroyib sovg‘a

Hafta davomida Germaniya yangi kansleri Fridrix Mers AQShga safar qilib, Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashdi. Kansler uchrashuvda Amerika prezidentiga noodatiy sovg‘a berdi. Bilsangiz kerak, Donald Trampning kelib chiqishi nemislardan bo‘lib, bobosi Germaniyada tug‘ilgan. Kansler Mers Trampga uning bobosi Fridrix Trumpning tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomasi nusxasini sovg‘a qildi. Oltin ramkaga solingan guvohnoma nusxasida zyuterlin shriftida nemis va ingliz tilida yozilgan. Unda Trampning bobosi 1869 yil Germaniyaning Kalshtadt qishlog‘ida tug‘ilgani qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, Trampning bobosi Fridrix Tramp 16 yoshida Amerikaga ko‘chib ketgan. Okean ortiga borgach, ism-familiyasini Fredrik Tramp deb o‘zgartirgan. Keyinchalik mehmonxonada ishlab boylik orttirgan.

Donald Tramp hech qachon kelib chiqishi nemis ekani haqida gapirmagan. Faqat onasida shotlandlar qoni borligini eslagan. Trampning bobosi bilan adash bo‘lgan kansler Fridrix Mers uchrashuv vaqtida Trampni bobo yurti Kalshtadtga taklif qildi. Trampni oldingi muddati vaqtida Angela Merkel ham xuddi shu yerga taklif qilgan, lekin Tramp baribir bobo qishlog‘iga bormagandi.

Noto‘g‘ri parkovka qilganlarga – 50 dollar jarima

Mashinasini noto‘g‘ri joyga qo‘yib ketadigan befarosat «haydovchilar» uchun navbatdagi jarima joriy qilindi. Yo‘q, qo‘rqmang, bizda emas, Nyu Yorkda. Mahalliy kengash qabul qilgan qonunga ko‘ra, endilikda tozalash kunlarida mashinasini noto‘g‘ri joyga qo‘yib ketganlarga 50 dollardan jarima yoziladi. To‘lov muddati o‘tsa, yana 25 dollar qo‘shiladi. Birdan jarima yozilmaydi, avvaliga haydovchiga qayerga mashina qo‘ymaslik haqida 60 kun davomida ogohlantirish yuboriladi. Bu ogohlantirishlarga qaramay chiqindilarni tozalashga xalaqit beradigan joyga mashina qo‘yib ketgan befarosatlarga jarima borishni boshlaydi. Kameralar chiqindi mashinalarga o‘rnatiladi.

Bu qonun haydovchilardan ko‘proq jarima undirish maqsadida emas, eng avval chiqindilarni tozalashni tezlashtirish uchun ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, qonun kuchga kirgach, Nyu York ko‘chalarida kalamushlar kamayishi va yomg‘ir vaqtida ariqlar bo‘ylab suv muammosiz oqishi qayd etilgan.

Britaniya urushga tayyorlanmoqda

Buyuk Britaniya qirolligi urushga tayyorlanish rejimiga o‘tadi. Bu haqda qirollik bosh vaziri ser Kir Starmer e’lon qildi. «Qurolli kuchlarimizning asosiy vazifasi urushga tayyorlanish bo‘ladi. Bizga hujum qilmoqchi bo‘lganlarga tinchlikni o‘z kuchimiz bilan ta’minlay olishimizni ko‘rsatishimiz kerak», dedi bosh vazir.

Starmerning aytishicha, Britaniyada yangi harbiy doktrina ishlab chiqiladi. Unga ko‘ra, eng avval armiya jangovar tayyorgarlik holatiga keltiriladi. Shuningdek, NATO bilan birga kollektiv harakat qilishga e’tibor beriladi. Qurol-yarog‘ ishlab chiqarishga e’tibor kuchaytiriladi, oltita yangi harbiy zavod quriladi. Olis masofaga uchadigan raketalarni ishlab chiqarish va yadroviy dastur rivojlantiriladi. Bu islohotlar 2035 yilgacha amalga oshirilishi belgilangan. «Biz Ukrainadagi urushdan xulosa chiqaramiz», dedi Britaniya bosh vaziri.

Ana shunaqa gaplar, janoblar. Uch yil avval Ukrainada urush boshlab, uni «uch kunda tugatishni» maqsad qilgan janob qo‘shni davlatni demilitarizatsiya qilmoqchi edi. Lekin endilikda nafaqat Ukraina, balki butun Yevropa omborlarini og‘zi-burnigacha qurolga to‘ldirmoqda. Tuppa-tuzuk Yevropa davlatlar ham endi inson hayotini yengillashtiradigan islohotlarni bir chekkaga surib snaryad ishlab chiqarishga zo‘r berishga majbur. Chunki qit’ada real xavf paydo bo‘ldi.

Qanchalik afsuslanarli bo‘lmasin, dunyo Ikkinchi jahon urushi davridagi holatga kelib qoldi. Hamma tish-tirnog‘igacha qurollanmoqda. Davlatlar inson hayotini saqlab qoladigan, kasalliklarni davolaydigan preparatlar yaratishga ajratilishi mumkin bo‘lgan pullarni endi odamni o‘ldirishga mo‘ljallangan qurol ishlab chiqarishga sarflashga majbur. Chunki tinchlik istasang, urushga tayyor turish kerak.

O‘tmish va kelajak to‘qnashuvi

Nodon inson basma-basiga bir-birini o‘ldirayotgan bechora zamonda futbol atalmish ne’mat borki, inson uni tomosha qilib hayotning yorug‘ tomoniga qaraganday bo‘ladi. Shaxsan men futbolsiz hayotdagi stresslarga dosh berish qiyin bo‘lardi deb o‘ylayman. Bunday o‘ylaydiganlar esa oz emas.

Xullas, futbolni cho‘qqiga olib chiqqan Yevropada ushbu hafta juda zo‘r o‘yinlar o‘tkazildi. Yaqindagina Chempionlar Ligasi g‘olibini aniqlab bergan ko‘rkam Myunxen endi qit’a milliy jamoalarining «xo‘rozini» aniqlab bermoqda. Millatlar Ligasi yarimfinallarida Portugaliya Germaniyani, Ispaniya Fransiyani mag‘lub etdi. Har ikki o‘yinda esda qolarli voqealar sodir bo‘ldi. Portugaliya 25 yil deganda rasmiy o‘yinda Germaniyani yengdi. G‘alaba golini futbol afsonasi, vaqt bilan kurashib charchamayotgan 40 yoshli Krishtianu Ronaldu urdi.

Narigi yarimfinal chinakam shouga aylandi. Bir tomonda Chempionlar Ligasi qahramoni Dembele, «Oltin butsa» sohibi Mbappe, bir tomonda esa tunov kuni maktabni bitirgan megayulduz Lamin Yamal. Fransiya – Ispaniya o‘yinida 9 ta gol urildi. Yakunda Yamal boshchilik ispanlar g‘alaba qozondi 5:4. Bolakay Yamal ikkita gol urdi, endi unga penaltilarni ham ishonib topshirishmoqda. O‘zi De la Fuyentaning Ispaniyasi raqib nechta gol ursa undan ham ko‘p uradigan vahshiyga aylanib bormoqda. Siz qo‘lingizdan kelganicha gol uring, biz xohlaganimizcha uramiz...

Yana bir necha soatdan keyin Ispaniya va Portugaliya Millatlar Ligasining yangi g‘olibini aniqlab berishadi. Ular hozirgacha bir martadan bu turnirni yutgan. Finalning eng ahamiyatli jihati unda Ronaldu va Yamal to‘qnashishi. Krishtianu hamon zo‘r sport formasini saqlab qolgan holda yosh yigitlar bilan bir xil tempda o‘ynashda davom etmoqda. Yamal esa endi-endi cho‘qqiga chiqyapti. Ronaldu o‘yindan oldin Yamalni maqtab, o‘g‘li uning muxlisi ekanini aytdi.

Ronaldu va Yamal o‘rtasidagi final o‘tmish va kelajak to‘qnashuvi desak, portugal xafa bo‘lmasa kerak. Krish, to‘g‘risiyam-da, axir sen Yevropa chempionati finalida gol urib, yakunda ko‘z yosh to‘kkan vaqtingda biz hali boshlang‘ich sinfda o‘qirdik. Sen bolaligimizdagi unutilmas futbol shon-shuhratini 40 yoshinggacha sharaf bilan yelkangda ko‘tarib kelding. Bolakay Yamal zo‘r ekanini hamma ko‘rdi, lekin u chinakam zo‘r bo‘lsa, buni futbol qirollaridan birining ko‘z o‘ngida ko‘rsatishi kerak. Nima bo‘lishini tunda ko‘ramiz.

Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid