Toshkentdagi mahalla ichida 5 qavatli mehmonxona qurilishi mumkin. Aholi bunga qarshi chiqmoqda
Yakkasaroy tumanining hovlilardan iborat To‘qimachi mahallasida yashovchilar mahalla hududidagi 6 sotixli maydonda kotlovan qazish boshlangach, bu yerda 5 qavatli ofis va mehmonxona qurilishidan xabar topdi. Aholi vakillari otel kelajakda nobop maskanga aylanishi, mahallaning tinchini o‘g‘irlashidan xavotirda. Ularning da’vosini ko‘rib chiqayotgan sudya qurilish joyiga kelib, holatni o‘rgandi. O‘rganish jarayonida Kun.uz muxbiri ham qatnashdi.

Toshkentning Yakkasaroy tumani “To‘qimachi” MFY Jambul ko‘chasida 5 qavatli mehmonxona qurilishi mumkin. Hozircha kotlovan holatida turgan obekt mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
“Toshneftgazishchita’minot” MChJ Jambul ko‘chasi 2-uy manzilida ofis va mehmonxona qurish uchun 2024 yil 15 iyulda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasidan ijobiy xulosa olgan. Shu yerda yashovchi aholi vakillari esa bu loyihadan 2025 yil may oyiga kelib, ya’ni qurilish ishlari boshlangach xabar topganini aytmoqda.
Bir guruh fuqarolar qurilish boshqarmasining xulosasini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritgan. 2025 yil 20 may kuni sudya Olim Shamsiyev arizachilarning iltimosnomasini qanoatlantirib, obektning qurilish-montaj ishlarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha ajrim chiqardi.
Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, aholi vakillarini tingladi. Ularning aytishicha, 6 sotixlik yer maydoni qo‘ldan qo‘lga o‘tib kelgan, mehmonxona qurilishidan qo‘ni-qo‘shnilarning xabari bo‘lmagan.
“Aka-ukalar turardi. Ota-onasi o‘tgandan keyin sotib ketishdi. Undan keyin joy yana ikki marta sotildi. Keyin bu keldi. Unga aytdim, ota-onang bormi seni dedim. Bor dedi. Ota-onang bo‘lsa dedim, ikki qavatli qurasan dedim. Besh qavatli qurmaysan dedim. Bu bizga to‘g‘ri kelmaydi. Peshonamda turadi. Fohishaxona bo‘ladimi dedim. Yo‘q, xola, qurib beraman, olib kelaman dedi. Shu bo‘yicha yo‘q bo‘lib ketgandi”, – deydi fuqarolardan biri.
Jambul ko‘chasida yashovchilardan yana biri oxirgi paytlar atrofda mehmonxonalar ko‘payib ketgani, shu sabab mahalladan osudalik ariganini aytdi. Bir holatda, otellardan birining mijozlari mashinada ichki ishlar xodimlaridan qochib, mahalla ichidan yurib, yo‘l chetida turgan mashinalarni qirib o‘tib ketgan.
“Mana shularning dastidan mashina ko‘p. Yurib bo‘lmaydi. Ko‘chaga chiqa olmaymiz. Bolalar ko‘chaga chiqib, shu mashina turtib yubormasin deb eshikni qulflab o‘tiramiz. Yana otishmalar bo‘lib ketdi, hamma yoq militsiyaga to‘lib ketdi. Juda xavotirga tushib yashayapmiz. Mahallani ichi tinch bo‘ladi deymiz-u, tinchligimiz yo‘qoldi-da. Ko‘chani narigi yuzi mehmonxona. Hamma yoqni mehmonxona bosib ketdi. Endi bunisi juda ortiqcha bo‘ldi. Svetimizga, suvimizga ta’siri bo‘lyapti”, – deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan ayol.
Sud ishida asosiy da’vogar bo‘lgan Sanobar Rahimova ham mehmonxona kerak emasligini aytdi. “Hech kim kelishuvga imzo chekmadi. Ular bizni eshitmayapti”, – deydi da’vogar.
Kun.uz'ga berilgan ma’lumotga ko‘ra, loyihani amalga oshirayotgan “Toshneftgazishchita’minot” vakillari 2024 yil 16 noyabrda mahallada yig‘ilish o‘tkazib, 2-uy manzilida nimalar bo‘lishi haqida ma’lumot bergan. Shundan keyin mahalla raisi, hokim yordamchisi va boshqa faollar yig‘ilish bayonini muhr va imzo bilan tasdiqlab berishgan. Sanobar Rahimovaning ishonchli vakili, advokat Farrux Sayfullayevga ko‘ra, quruvchi qo‘shnilarning roziligini olmagan, xulosani esa noqonuniy qo‘lga kiritgan.
“Himoyam ostidagi shaxs 17-uyda yashab keladi. Tadbirkor besh qavatli mehmonxona qurish jarayonida kotlovan ishlarini olib borgan. Shu jarayonda mana shu uyda devorlarda siljish, pollarda uyning ichida treshina berish holatlari yuzaga kelgan. Aholining juda ham ko‘p noroziligiga olib kelyapti. Aholi roziligini olish kerak degan sharti bor. Chunki Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasini ijobiy xulosasini bandida yon qo‘shnilarning roziligini olish tavsiya etiladi deb belgilab ketilgan. O‘ndan ziyod fuqarolar norozi”, – deydi advokat.
3 iyun kungi sud majlisida sudya Olim Shamsiyev masalani joyiga chiqib o‘rganish bo‘yicha qaror chiqargan. 4 iyun kuni sudya manzilga kelib, loyiha bilan tanishdi. Sanobar Rahimovaning uyi va obektning oraliq masofasi 6 metr chiqdi. Sudya avtoturargoh qayerda bo‘lishi va nechta mashinaga mo‘ljallanayotgani bilan ham qiziqdi. MChJ vakiliga ko‘ra, turargoh ko‘chaga qilinmaydi. Shundan so‘ng, sudya asosiy da’vogar Sanobar Rahimovaning uyini ko‘zdan kechirib, uyning shikastlangan devorini suratga tushirdi.
“Toshneftgazishchita'minot” MChJning manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Marat Hayitov aholi taklif bersa, kelishish masalasi ko‘rib chiqilishini bildirdi.
“Bu uyning devorlari xom g‘ishtdan yoki loydan terilgan. Bu aynan biz tomonimizdan qurilish xavfsizligiga rioya qilinmagani natijasida devori zax tortib ko‘chganini bildirmaydi. Tepasidan suv o‘tgan bo‘lishi mumkin. Ichkaridan ham qarasangiz, devorni yiqitadigan yoki biror narsa emas. 6,4 metr qochirilgan. Yerning o‘zi hozir 5 metr turgan bo‘lsa, 1 metri kotlovan ochilib qoldiriladi, yana qaytadan zasipka qilinadi, ya’ni qayta ko‘miladi. Bu degani 200-sonli qaror bo‘yicha 6 metrdan ham ko‘proq degani. Sanitariya organlari tomonidan xulosa berilganki, biz tomonimizdan, ya’ni barpo etilayotgan bino qo‘shni, yondosh, qo‘shni yashayotgan boshqa odamlarning huquqlariga daxl qilmaydi. Ikkinchidan, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha 6 metrdan ko‘p masofa qoldirilsa, boshqalarning huquqini buzmaydi. Taklif bersin, kelishish masalasini ko‘rib chiqamiz. Taklif ma’qul kelsa. Agar taklif ma’qul kelmasa, bizga noma’qul taklif keladigan bo‘lsa, unda kelishishga hojat ham yo‘q”, – deydi u.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi tarmog‘iga tushadigan yuklama ham hisobga olingan. Bunda tegishli elektr tarmoqlari korxonasidan texnik shart olinadi.
Hayitovga ko‘ra, tegishli hujjatlarda aholidan ruxsat olish talabi yo‘q.
“Bular qo‘shni bizga. Yo‘lning narigi betida. 14 metr masofasi bor ekan u tomonigacha, Lekin qonunda yoki Vazirlar Mahkamasi qarorida, boringki, normativ-huquqiy hujjatda yo‘q talabni bizga qo‘yishga hech kimning vakolati, haqqi yo‘q”, – deydi u.
Kun.uz ijobiy xulosa qanday berilgani, obektga yaqin qo‘shnilarning roziligi qanchalik inobatga olinganini bilish uchun Toshkent shahar qurilish boshqarmasi bilan bog‘landi. Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yangi tahrirdagi shaharsozlik normalari va qoidalariga asosan, qo‘shni uchastkalardan rozilik yoki ruxsat olish bandi olib tashlangan.
Yuqoridagi kabi holatlarda bino-inshootlar sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga javob berishi yoki javob bermasligi nuqtayi nazaridan loyiha-smeta hujjatlari tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqiladi va xulosa beriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligida nazorat qilish inspeksiyasi matbuot xizmati esa qurilish boshlamasdan oldin kamida 10-15 ta aholining roziligini olib kelishish kerakligini bildirdi.
Holat bo‘yicha sud ishi davom etmoqda.
Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz
Mavzuga oid

00:21
Toshkentning ayrim ko‘chalari velomarafon sabab vaqtincha yopiladi

20:17 / 07.06.2025
Toshkentda ilk BRT tizimi: u qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

13:15 / 07.06.2025
Mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiya muddati uzaytirildi

10:06 / 07.06.2025