Sport | 11:11
11727
9 daqiqa o‘qiladi

Yamalning davri hali kelmadi. Ronaldu finalda hal qiluvchi golni urdi, muxlislar yana uning nomini qo‘shiq qilib kuyladi

Portugallar ispanlarni mag‘lub etib, Millatlar ligasining ikki karra g‘olibiga aylandi. 

Foto: AFP

Millatlar ligasi, final
Portugaliya – Ispaniya 2:2
Gollar:
Subimendi, 21 (0:1). Nunu Mendesh, 26 (1:1). Oyyarsabal, 45 (1:2). Krishtianu Ronaldu, 61 (2:2)
Penaltilar seriyasi 5:3
Ramush – (1:0). Merino – (1:1). Vitinya – (2:1). Baena – (2:2). Brunu Fernandesh – (3:2). Isko – (3:3). Nunu Mendesh – (4:3). Morata – (4:3)(darvozabon). Ruben Nevesh – (5:3)
Portugaliya: Koshta, Joau Nevesh (Semedu 46), Diash, Inasio (Veyga 74), Mendesh, Vitinya, Fernandesh, Bernardu Silva (Leau 74), Konseysau (Ruben Nevesh 46), Netu (Diogu Jota, 106), Ronaldu (Ramush, 88).
Ispaniya: Simon, Le Norman, Hausen, Kukurelya, Mingesa (Porro, 92), Subimendi, Ruis (Merino, 75), Pedri (Isko, 75), Uilyams (Baena, 92), Yamal (Pino, 106), Oyyarsabal (Morata, 111)
Ogohlantirishlar: Gonsalu Inasiu 19, Pedru Netu 82, Nunu Mendesh 100 – Ruis 33, Le Norman 90, Baena 100, Porro 110.

Portugaliya Luis de la Fuente boshchiligidagi kuchli Ispaniyani to‘xtatdi. Ronaldu va uning jamoadoshlari – Millatlar ligasida g‘olib chiqdi. Finalda portugallar Yevropaning amaldagi chempionlarini penaltilar seriyasida mag‘lub etishdi.

O‘yin oldidan bu o‘yin 40 yoshli Ronaldu va 17 yoshli Yamal o‘rtasidagi duel bo‘lishi haqida ko‘p gapirishgandi va Krishtianuning o‘zi ilk daqiqalardan bu haqda eslatib qo‘ydi. Uchinchi daqiqada u ortga qaytdi va Lamindan to‘pni olib qo‘yib qarshi hujum boshlab berdi. Bu hujum burchak to‘pi ishlanishi va ilk golli vaziyat yuzaga keltirilishi bilan yakunlandi.

Yamal esa avvaliga maydonda sezilmadi. Ispanlar uning emas, Uilyams tushgan chap qanotda faolroq bo‘lishdi. Bu Roberto Martines asli tayanch yarimhimoyachisi bo‘lgan Joau Neveshni o‘ng qanot himoyachisi sifatida tushirishda davom etayotgani, «PSJ» futbolchisi o‘ziga begona bo‘lgan pozitsiyada xatoga yo‘l qo‘yishidan umid qilgani bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.

Umuman olganda, Ispaniya tashabbusni qo‘lga olganida shunday bo‘ldi ham. Yevropa chempionlari Uilyams ishtirokida ikkita xavfli hujum uyushtirishdi, ammo Niko va Pedrining zarbalaridan keyin to‘p darvoza ustuni yonginasidan o‘tib ketdi. Yamal ham bo‘lim o‘rtalarida yaxshi vaziyatga ega bo‘ldi. Bu holatda Ronaldu maydonning portugallar darvozasi joylashgan tomonida to‘p yo‘qotdi, hujum yakunida Lamin jarima zarbasi ishladi va uni o‘zi ijro etdi. Ammo Myunxendagi darvoza «Barsa» vingeri uchun kichiklik qildi.

Birinchi bo‘lim o‘rtalarida, ispanlarning ustunligi yaqqol ko‘zga tashlana boshlaganida, de la Fuente shogirdlari hisobni ochishdi. Oyarsabal maydon markazida tovoni orqali bergan nozik uzatma portugallar mudofaasini dog‘da qoldirdi – uning ortida turgan Inasiu vaziyatdan uzilib qoldi va ortda bo‘sh zona paydo bo‘ldi. Keyin Yamal to‘pni jarima maydoniga oshirdi, Nevesh o‘z darvozaboniga xalaqit qildi, qaytgan to‘p bo‘sh turgan Subimendiga kelib tushdi, u esa amalda bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi.

Shunga qaramay, Martines jamoasi tezkor javob golini urdi. Portugallar raqib jarima maydonining chap qanotida ko‘pchilik bo‘lib joylashib oldi, Mendesh ancha ortdan kelib hujumga qo‘shilishi esa Ispaniya himoyachilari uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Yamal uni ta’qib qilmadi, umuman, Nununi hech kim qarshi ham olmadi. Qolaversa, Mingesa raqib himoyachisining oddiy fintiga oson aldandi va Mendesh yerlatib kuchli zarba yo‘lladi. Golli kombinatsiyada Ronaldu ham ishtirok etdi, bu vaziyatda Hausen ofsayd qopqoni hosil qilishda kechikdi. Mendesh klublar miqyosidagi eng sermahsul mavsumida (olti gol) milliy jamoa safidagi 37-o‘yiniga kelib gollar hisobini ochdi.

Tanaffus arafasida esa Ispaniya yana hisobda oldinga chiqib oldi. 45-daqiqada de la Fuente shogirdlari «to‘rtga besh» ko‘rinishida qarshi hujumga chiqib ketishdi. Pedri to‘pni himoyachilar orasidan o‘tkazgan holda jarima maydoniga yorib kirgan Oyarsabalni pas bilan ta’minladi, u esa to‘pni darvozabonning yonidan o‘tkazdi. Hakam Sandro Sherer golni inobatga oldi, assistentlar ham uning qarorini qo‘llab-quvvatladi.

Ushbu futbolchi Ispaniya Kubogi finalida gol urganida «Real Sosiyedad» 34 yil ichidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritgan, o‘tgan yozda esa «Qizil furiya» Yevropa chempioniga aylangandi. Ammo Portugaliya bu an’anaga ko‘nmoqchi emasdi. Martines tanaffusda Joau Nevesh va Fransishku Konseysauni maydondan oldi, ularning o‘rniga tajribaliroq bo‘lgan Nelson Semedu va Ruben Nevesh tushirildi. 

Ikkinchi bo‘lim boshidayoq Portugaliya javob golini urdi.  bystro otygralas. Ammo Fernandeshning goli jamoadoshidagi ofsayd holati tufayli bekor qilindi. Ispaniya to‘pga egalik qilish evaziga o‘yin tempini tushirishga harakat qildi. Shunga qaramay, o‘yinning bir soati ortda qolganida hisob yana tenglashdi. Mendesh yana bir bor hujumga qo‘shilib, Yamaldan qochib ketdi, uning qanotdan markazga uzatmasidan keyin to‘p Le Normanning tovoniga tekkan holda havoga ko‘tarildi, Kukurelya Ronalduni qo‘riqlay olmadi va tajribali futbolchi darvozani ishg‘ol etib, tribunalarni o‘z nomini qo‘shiq qilib kuylashga undadi.

Qolgan vaqt davomida o‘yin Martinesning ssenariysi bo‘yicha kechdi. Portugallar ispanlarni maydon markazidayoq keskinlik bilan qarshi olishdi, shu tufayli Yevropa chempionlarining to‘pga egalik qilishi hech qanday naf keltirmadi. De la Fuente o‘yinni o‘zgartirish uchun Iskoni jangga tashladi. Ijodkor yarimhimoyachi olti yarim yillik tanaffusdan keyin ilk bor milliy jamoa safida o‘ynadi. Murabbiy shu kuni Mendesh to‘liq zararsizlantirgan Yamalni ham maydondan olishga haqli edi, ammo u ushbu futbolchi o‘zining yomon kunida ham nimadir qila olishiga umid qilishda davom etdi.

Isko esa o‘yin yakuniga 10 daqiqa qolganida g‘alaba golini urishi mumkin edi, u uzoq masofadan kuchli zarba yo‘lladi – Diogu Koshta o‘zini ko‘rsatib, to‘qqizlikka borayotgan to‘pni qaytarib qoldi. Keyin esa Portugaliya Ronaldusiz qoldi. Krishtianu, aftidan, mushaklarini jarohatlab olgandi va o‘rnini Ramushga bo‘shatib berdi. Qo‘shimcha daqiqalarda Fernandeshda ham yaxshi vaziyat bo‘ldi, ammo u jarima zarbasini golga aylantira olmadi. Asosiy vaqt ushbu ikki jamoadan qay biri kuchliroq ekanini aniqlash uchun yetarli bo‘lmadi va o‘yin yana yarim soatga cho‘ziladigan bo‘ldi.

Qo‘shimcha bo‘limlarda futbolchilardagi charchoq sezildi. Faqat bu gap Mendesh haqida emasdi. «PSJ» himoyachisi shunchaki mashina ekanini yana bir bor namoyish etdi! Nunu xuddi ilk daqiqalarda o‘ynayotgan kabi oldinga tashlandi. U Semedu uchun ham golli vaziyat yaratib berdi, keyin esa penalti ishlashi mumkin edi. Ammo hakam u o‘zi xohlab yiqildi deb topdi. Natijada Mendesh 11 metrlik jarima zarbasi o‘rniga Baena bilan bahsi uchun sariq kartochka oldi. De la Fuente esa baribir Yamalni maydondan olishga qaror qildi. Millatlar ligasi finali Laminni «Oltin to‘p»ga yaqinlashtirmagani aniq.

Qo‘shimcha bo‘limlarda Portugaliya golga haqliroq o‘ynadi. So‘nggi daqiqalarda esa Jota ispanlarni kechirdi. Yakunda oldingi finalda bo‘lgani kabi, bu safar ham g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi (o‘shanda Simon ikki zarbani qaytargan holda qahramon bo‘lgandi). Bu safar futbolchilar sakkizinchi zarbaga qadar bexato harakat qilishdi, keyin abadiy omadsiz Morata nuqtaga yaqinlashdi. Diogu Koshta uning zarbasini osonlik bilan qaytardi, so‘nggi zarbani Ruben Nevesh aniq ijro etdi va Ronalduni quvonch ko‘z yoshlari to‘kishga majbur qildi. Krishtianu Saudiya Arabistoniga ketganidan buyon navbatdagi sovrinni ancha vaqt kutib qolgandi. Va 40 yoshli afsona o‘z mehnati bilan sovringa ega chiqdi. Portugaliya — Millatlar ligasining ikki karra g‘olibi bo‘lgan ilk jamoaga aylandi.

Mendesh esa kutilganidek o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Mavzuga oid