O‘zbekiston | 16:24
1496
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropaga ochilayotgan eshik: Slovakiya bosh vaziri tashrifi va O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston yana bir muhim diplomatik voqeaga guvoh bo‘ldi: prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso rasmiy tashrif bilan yurtimizga keldi. Bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beradi.

Ochiq muloqotga asoslangan strategiya

O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1993 yil 1 yanvarda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, uzoq yillar davomida bu aloqalar keng qamrovli formatlar soyasida qolib ketgan edi. Ammo oxirgi yillarda geosiyosiy voqelik o‘zgardi: rasmiy Toshkent tashqi siyosati faol va ochiq muloqotga asoslangan strategiyani tanladi. Yevropa Ittifoqi esa Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishini sezilarli darajada oshirdi. Mana shu sharoitda O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlari yangi mazmun bilan boyidi.

Ikki mamlakat xalqaro maydonda, jumladan, BMT, YeXHT, Yevropa Kengashi kabi tuzilmalar doirasida doimiy muloqot olib boradi. Slovakiya O‘zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini boshqarish va gender tengligi sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi bilan ajralib turadi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Slovakiyaning YeXHT doirasidagi faoliyatini, xususan 2019 yildagi madaniyatlararo muloqot va qonun ustuvorligiga qaratilgan raisligini yuqori baholadi.

Iqtisodiy sheriklik: yangi imkoniyatlar

So‘nggi ikki yilda iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada faollashdi. 2023 yil avgust oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Slovakiyaga tashrifi chog‘ida biznes-forum va bir qator yuqori darajadagi uchrashuvlar tashkil etildi. Slovakiya iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgan mazkur tadbirlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining yaqinlashuviga yo‘l ochdi.

Slovakiya kompaniyalari O‘zbekistonni mahalliylashtirish va mintaqaviy ekspansiya uchun strategik bozor sifatida ko‘rmoqda. O‘zbekiston tomoni esa Slovakiyaning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalarini jalb qilishdan manfaatdor. Bugungi kunda mamlakatimizda Slovakiya kapitali ishtirokida oltita korxona faoliyat yuritmoqda, shulardan to‘rttasi 100 foiz xorijiy sarmoya asosida tashkil etilgan.

2025 yil 5 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni tizimlashtirish sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi — strategik platforma

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning tashrifi IV Toshkent xalqaro investitsiya forumiga to‘g‘ri kelayotgani bejiz emas. Mazkur forum nafaqat yangi loyihalarni muhokama qilish, balki strategik sheriklikni amaliy qadamlar bilan mustahkamlash uchun katta imkoniyat yaratadi.

Oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston – Slovakiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Muloqotlarda savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashiladi.

Slovakiya Transkaspiy yo‘nalishi va Yevropa Ittifoqining «Global Gateway» tashabbusi doirasida O‘zbekiston eksport salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim logistik halqaga aylanishi mumkin.

Strategik sheriklik sari

Slovakiya bosh vazirining rasmiy tashrifi ikki davlat munosabatlarini nafaqat faollashtirish, balki strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarish, savdo, investitsiya, ta’lim, madaniyat, logistika, atrof-muhit va xavfsizlik sohalarida mustahkam va barqaror hamkorlikka asos solish imkoniyatini beradi.

O‘zbekiston va Slovakiya – har ikkisi o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va amaliy manfaat asosida hamkorlik qilib, xalqaro munosabatlar tizimida o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotgan davlatlardir. Bugungi global o‘zgarishlar davrida ana shunday o‘zaro tushunish va hamfikrlik, shubhasiz, ikki xalqning kelajagiga xizmat qiladi.

Lutfillo Tursunov, jurnalist

Mavzuga oid