Jahon | 14:20 / 10.06.2025
1891
10 daqiqa o‘qiladi

Suriyaga hujum qilgan Isroil, Los-Anjyelesga dengiz piyoda qo‘shinlarini yuborgan Tramp va G‘azoda yana o‘qqa tutilgan falastinliklar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoda falastinliklar yana o‘qqa tutildi: bu safar o‘z hududlaridagi yordam markazi yaqinida

Dushanba kuni G‘azoda tinch aholi Isroil va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan G‘azo Humanitar Jamg‘armasi (GHF) tomonidan boshqariladigan yordam tarqatish markaziga ketayotgan vaqtda yana o‘qqa tutilgani aytilmoqda.

BBC nashrining guvohlarga tayanib yozishicha, Rafahning janubiy qismida joylashgan markaz yaqinida birinchi marta qurollangan shaxslar o‘q uzgan. Hamas boshqaruvidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berishicha, ushbu hududlarda olti kishi halok bo‘lgan, yana 99 kishi jarohatlangan.

Isroil armiyasi ushbu holat yuzasidan tekshiruv olib borilayotganini bildirdi. GHF bayonotida yuqoridagi markaz dushanba kuni ochilmagani va yordam tarqatilgan boshqa ikki markazda hech qanday hodisa yuz bermagani aytilgan.

Bu voqea Isroil bosh vazirining G‘azoda Hamasga qarshi bo‘lgan falastinliklarni qurollantirayotganini tan olganidan bir necha kun o‘tib yuz berdi. Oldingi hodisalarda guvohlar Isroil harbiylari odamlar to‘plangan joyga o‘q uzganini aytishgan. Isroil armiyasi esa bu da’volarni rad etib, faqat ogohlantirishlarga e’tibor bermagan «gumonlanuvchilarga» qarata o‘q uzilganini bildirgan.

Dushanba kuni sodir bo‘lgan holatda esa voqea joyidagi odamlar bu safar falastinlik qurollangan kishilar ham ularga o‘q uzganini aytishdi. Guvohlar ularning bu jangarilar bilan Isroil harbiy kuchlariga yaqin joyda harakatlanayotgani, so‘ngra Isroil harbiy zonasiga chekinishganini kuzatgan.

BBC Arabic'ning Yaqin Sharqdagi kundalik dasturiga bergan intervyusida guvoh Hisham Said shunday degan:

«Yordam olish uchun hududga borganimizda, fuqaro kiyimidagi, yuzlari butunlay yopilgan yigitlar guruhini ko‘rdik. Dastlab, ularni yordam tarqatishda ko‘maklashayotgan falastinlik yoshlar deb o‘yladik, ammo ular to‘satdan bizga qarata o‘q uzishni boshlashdi. Yordam qutisini olib ulgurganlar ham nishonga olindi. Hozirgacha kim hujum qilganini bilmaymiz. Ular bizdan hamma narsani tortib olishdi — hatto ba’zilar olomon orasida o‘g‘rilik qilishdi».

Isroil Mudofaa Kuchlari ushbu hodisa bo‘yicha tekshiruv olib borayotganini tasdiqladi.

GHF — AQShning xususiy xavfsizlik kompaniyalari yordamida BMTni chetlab o‘tgan holda falastinliklarga yordam yetkazishni maqsad qilgan. BMT va boshqa yirik yordam tashkilotlari esa bu tizimga qarshi chiqmoqda, chunki u neytrallik, xolislik va mustaqillik kabi insonparvarlik tamoyillarini buzadi.

Isroil qariyb uch oyga yaqin butunlay blokada o‘rnatgani natijasida G‘azodagi 2,1 million aholining ocharchilik darajasidagi falokat bilan yuzma-yuz turibdi.

Isroil armiyasi G‘azoda boshlangan bosqinchilik urushi oqibatida 2023 yil oktyabrdan buyon sektorda kamida 54 ming 927 kishi halok bo‘ldi.

Los-Anjyelesdagi namoyishlar: Tramp shaharga dengiz piyoda askarlarini yubordi. Ziddiyat kuchaymoqda

Dushanba kuni asosan tinch o‘tgan namoyishlardan so‘ng Trampning deportatsiyaga qarshi reydlariga norozilik bildirib o‘tkazilgan aksiyalarda ziddiyat kuchaydi. Oq uy ma’muriyati qo‘shimcha harbiy kuch yuborilishini buyurgach, vaziyat keskinlashdi.

Boshida bu notinchlik shaharning markaziy qismida, federal bino va shahar hokimligi atrofida to‘plangan namoyishchilarni tarqatish uchun huquq-tartibot xodimlari yorug‘lik-shovqin granatalari va yumshoq o‘q (ko‘pikli rezina)lardan foydalandi. Kech tushgan sari, federal bino atrofini to‘liq zirhli kiyimdagi politsiya va Milliy gvardiya kuchlari qurshab oldi. Keyinchalik namoyishchilar boshqa hududlarga ham tarqala boshladi.

Yerda yuz berayotgan qarama-qarshiliklar Kaliforniya va Vashington rasmiylari o‘rtasidagi keskin siyosiy ziddiyatni ham aks ettirdi. Tramp ma’muriyatining yangi yuborilgan kuchlari bilan federal kuchlar soni 4 000 Milliy gvardiyachi va 700 faol xizmatdagi dengiz piyodalarigacha yetdi. Bu keskinlik, namoyishlar kichik ko‘lamda va cheklangan joylarda o‘tayotganiga qaramay, Trampning «vaziyat nazorat ostida» degan bayonotiga zid ravishda ro‘y berdi.

Los Anjyeles shahri va Kaliforniya shtati rahbarlari federal qo‘shinlar kerak emasligini va ular faqat provokatsiya keltirib chiqarishini aytdi. Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom ma’muriyati Trampning Milliy gvardiyachilarni yuborish buyrug‘ini to‘xtatish uchun sudga murojaat qilgan.

Los-Anjyeles okrugining vakili Lindsi Horvat Trampning 700 nafar dengiz piyodasi yuborish qarorini shunday izohladi: «Bu butunlay ortiqcha. Dengiz piyodalari singari fidokor insonlarni bunday holatda ishlatish noto‘g‘ri. Bizga vaziyatni kuchaytirish kerak emas — Kaliforniya Milliy gvardiyasini o‘z xalqimizga qarshi qo‘yish, ustiga-ustak dengiz piyodalarini yuborish... nimaga, aynan nima qilishlari uchun — bu noma’lum», degan Horvat.

New York Times nashrining yozishicha, Twentynine Palms bazasidan dengiz piyodalarining AQSh ko‘chalariga yuborilishi qanday huquqiy asosda amalga oshirilgani aniq emas. Odatda, federal qonunlar faol harbiylarning ichki xavfsizlik ishlarida ishtirok etishini taqiqlaydi — faqat prezident Qo‘zg‘olon to‘g‘risidagi qonunni ishga solsa, bundan mustasno.

Namoyishlarda Meksika bayroqlari ham ko‘p uchragan, Tramp ma’muriyati bu bayroq ko‘taruvchilarni «qo‘zg‘olonchilar» deb atab, ularni AQSh fuqarosi emas deb taxmin qilmoqda. Ammo OAVga ko‘ra, aslida bu bayroqlarni ko‘tarayotganlarning ko‘pchiligi AQSh fuqarolari bo‘lib, ular bu orqali o‘z ildizlari bilan faxrlanishlarini ifoda etmoqda.

Rossiya harbiy bazalarda samolyotlar uchun usti yopiq maxsus joylar qurmoqda

Rossiya Qurolli kuchlari o‘ndan ortiq Tu-95 va Tu-22M strategik bombardimonchi samolyotlarini yo‘qotishiga olib kelgan «Pautina» operatsiyasidan so‘ng o‘zining harbiy bazalarida samolyotlar uchun usti yopiq maxsus joylar qurishni boshladi. Bu haqda OSINT tahlilchilari ma’lum qilgan.

Xususan, Def Mon taxallusi ostidagi OSINT tahlilchisi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga asoslanib, samolyotlar uchun boshpana yaratish bo‘yicha ishlar Rossiya bo‘ylab 14 ta strategik bazalarda olib borilmoqda, degan xulosaga keldi. Bundan tashqari, Qrim hududidagi bazalarda ham samolyotlar uchun boshpana qurilmoqda, deyiladi uning postlarida.

Rossiya harbiy aerodromlariga Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining hujumi natijasida shikastlangan strategik jangovar samolyotlarni almashtirish uchun Rossiyaga yillar kerak bo‘ladi, demoqda Reuters agentligiga ushbu sohadagi ekspertlar. Bu yo‘qotishlar «Rossiya armiyasining o‘z imkoniyatlari chegarasida ishlayotgan asosiy kuchlariga jiddiy bosim o‘tkazadi», dedi agentlikka Qirollik birlashgan mudofaa tadqiqotlari instituti eksperti Jastin Bronk.

Lekin bombardimonchilarning yo‘qotilishi Rossiyaning yadroviy salohiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi dargumon. Chunki Rossiyaning yadroviy kuchlari asosini quruqlikdan va suvosti kemalaridan uchiriladigan raketalar tashkil etadi.

Maskning otasi Moskvada: Ilon xatoga yo‘l qo‘ydi

«Tsargrad instituti» ishtirokida tashkil etilgan «Kelajak forumi 2050»da ma’ruzachilar qatorida Ilon Maskning otasi Errol Mask ham qatnashadi. «Izvestiya» gazetasining xabar berishicha, 79 yoshli Mask allaqachon Rossiya Federatsiyasiga yetib borgan.

«Tramp g‘alaba qozonadi, u prezident, u prezident etib saylandi. Demak, bilasizmi, Ilon xato qildi, menimcha u charchadi, stressda. Besh oylik tinimsiz stress», — dedi Errol Mask. Uning so‘zlariga ko‘ra, kichik Mask Oq uy tufayli posttravmatik stress buzilishiga ega. Shu bilan birga, Errol mojaro tez orada tugaydi, degan fikrni bildirdi.

Errol Mask kelgan forumda «ko‘p qutbli dunyo», «an’anaviy qadriyatlar», sun’iy intellekt va Rossiya kosmosi muhokama qilinishi kutilmoqda.

Isroil havo kuchlari Suriyaga hujum qildi

Isroil havo kuchlari Suriya janubidagi Mazraat Bayt Jin hududiga havo hujumi uyushtirdi. Bu haqda Isroil armiyasi matbuot xizmati bayonotida aytilgan.

Suriya inson huquqlari tashkilotining xabar berishicha, BMT nazorat qiladigan bufer zona yaqinidagi shaharchada Isroil hujumi natijasida bir kishi halok bo‘ldi, ikki kishi yaralandi.

Hujum nishoni avtomobil bo‘lgan. Halok bo‘lgan shaxs Hamas a’zosi ekani aytilmoqda, ammo tashkilot hozircha bu borada izoh bergani yo‘q.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil joriy yil davomida Suriyada jami 61 marta hujum uyushtirgan — ulardan 51 tasi havo hujumlari, 10 tasi quruqlikdan amalga oshirilgan.

Bu haftaning boshida Suriyadan Isroilga ikki raketa otilgan edi. Bu holat Asad qulaganidan beri birinchi marta sodir bo‘lmoqda. Shundan so‘ng Isroil Suriya janubiga qarshi zarba berdi. Isroil mudofaa vaziri Israyel Kats bu harakat uchun Suriyani «to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgar» deb atadi.

Suriya tashqi ishlar vaziri Asaad al-Shayboniy esa Isroil hujumlarini qoralab, ularni «Suriyaning taraqqiyoti va barqarorligini izdan chiqarishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan provokatsiyalar» deb baholadi. 

Mavzuga oid