Sport | 00:13 / 11.06.2025
10484
4 daqiqa o‘qiladi

Bayram bayramday bo‘ldi. O‘zbekistonning tarixiy o‘yinidan Kun.uz fotoreportaji

5 iyun kuni o‘zbek futboli tarixidagi eng zo‘r kun bo‘lib tarixga kirgandi. O‘sha kuni muxlislar-u futbolchilar ko‘p qiyinchiliklarga duch kelishdi. Lekin butun millat O‘tkir Yusupov boshchiligida birlashib, 90 daqiqa bardam turib mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandik. O‘sha kungi sabr-toqat uchun taqdir bugun «Bunyodkor» stadionida biz uchun chinakam tuhfa tayyorlab qo‘ygan ekan...

O‘zbekiston milliy jamoasi saralashning oxirgi o‘yinini Qatarga qarshi Toshkentda, o‘yin boshlanishidan bir necha soat avval liq to‘lgan stadionda o‘tkazdi. Odatda milliy jamoa o‘ynasa, stadion to‘larmikin, deb kutardik. Bugun esa odamlar stadionga sig‘armikin, deb o‘yinni ko‘rdik. Axir bu tarixiy o‘yinga tushishni millionlab odamlar xohlagandi. Stadionda esa 33 mingga yaqin baxtli odamlar «Oq bo‘rilar»ning ajoyib o‘yinini tomosha qilishdi.

Turnir jadvali nuqtai nazaridan bugungi bahsda O‘zbekistonda motivatsiya yo‘q, qaytanga Qatarga g‘alaba zarurroq edi. Biroq futbolchilar bugun bayram qilish uchun kelgan muxlislar uchun juda zo‘r o‘yin ko‘rsatishdi.

Qatar o‘yin boshida yaxshi qarshilik ko‘rsatdi, birinchi golni urish oson bo‘lmadi. Shunday qiyin pallada Aziz Turg‘unboyev mas’uliyatni qo‘liga olib o‘ng qanotdan jarima maydonchasiga yorib kirdi. Aziz ikki raqib oyog‘i ostidan to‘pni yulqib olib zarba pozitsiyasiga chiqdi va yaqin yuqori burchakni aniq nishonga oldi. Qatar posboni to‘pni qaytaraman deb o‘ylagandi, lekin u stadion larzaga kelgan vaqtda tushunib yetdi: to‘p to‘qqizlikka «mixlangandi» – 1:0.

Butun o‘yin davomida O‘zbekiston katta ustunlikka ega bo‘ldi, juda ko‘p zarba yo‘lladi, Yusupov zerikib qoldi. Biroq gol uchun nimadir yetishmayotgandi. Kapadze 62-daqiqada ana shu yetishmayotgan nimanidir topdi va Jamshid Iskanderovni maydonga tushirdi. Futbolimiz Iniyestasi top o‘yin o‘tkazdi. Avvaliga Eldor Shomurodovga chamasi 40 metrdan turib zargarona golli uzatmani amalga oshirdi. Eldor yakuniy zarbada adashmadi – 2:0.

Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqada Kadapze Shomurodovni o‘yindan olib o‘rniga muxlislar kutgan Igor Sergeyevni tushirdi. Superligani yondirayotgan hujumchi hamon top darajada ekanini isbotlashi uchun 10 soniya ham vaqt ketmadi: shunday maydonga tushdi-da, maestro Iskanderovning burchakdan uzatgan to‘pini darvozaga yo‘lladi – 3:0.

Goldan keyin Igoryok ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Axir u og‘ir jarohatdan tiklanib hamon yaxshi hujumchi ekanini avvalo o‘ziga, keyin muxlislarga isbotlab qo‘ydi.

Kun.uz fotomuxbiri o‘yinni stadionga kuzatib, tarixiy lavhalarni kadrga muhrladi. Suratlardan zavqlaning, bayramdan zavqlaning. Barchangizga bayram muborak bo‘lsin.

Suratlar muallifi – Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid