Jahon | 15:15 / 11.06.2025
11259
5 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda 10 mingdan ortiq jangchisini yo‘qotgan Isroil armiyasi chuqurlashib borayotgan inqirozga yuz tutyapti

Inqirozni yengish uchun Isroil o‘ta ortodoksal yahudiylarni yollashni boshladi va zaxiradagilarning xizmat muddatini uzaytirdi.

Foto: Israeli Defense Forces / Reuters

2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil armiyasining 10 mingdan ortiq xodimi halok bo‘ldi yoki yaralandi, deya xabar bermoqda Anadolu agentligi. Ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda operatsiyalar kuchayishi va G‘azoning ishg‘olini doimiy qilish harakatlari fonida, armiya chuqurlashib borayotgan inson kuchi inqiroziga duch kelmoqda.

G‘azodan Livan va Suriyaga hujumlarni kengaytirib, G‘arbiy sohilni ishg‘ol qilishni davom ettirgach, Isroil armiyasi jiddiy kadrlar tanqisligiga duch kelmoqda. O‘tgan oy qo‘mondonlik 12 000 askar kamligini aytdi, ulardan 7 000 nafari jangovar askarlar bo‘lishi kerak.

Inqirozdan chiqish uchun Isroil o‘ta ortodoksal yahudiylarni (haredim) yollashni boshladi va zaxiradagilarning xizmat qilish muddatini uzaytirdi.

Biroq, bu choralar kutilgan natijani bermadi. Haredimning harbiy xizmatga chaqirilishi va zaxiradagi xizmatchilar muddatining uzaytirilishi ichki norozilikni keltirib chiqardi. Haredim hukumatni ag‘darish bilan tahdid qilmoqda

2024 yil 25 iyunda Oliy sud haredimlarni majburiy xizmatdan ozod qilish qonuniy asosga ega emasligi va xizmatga yaroqli bo‘lganlar chaqirilishi kerakligi haqida qaror chiqardi. Mudofaa vaziri Israel Kats 2024 yil 15 noyabrda 7000 haredimni armiyaga chaqirish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi. Bu qaror ultra ortodoksallar va koalitsiyadagi haredim partiyalarining keskin munosabatiga sabab bo‘ldi.

2025 yil yanvar oyidan boshlab jinoiy javobgarlikka tortilish tahdidiga qaramay, aksariyat haredimlar xizmat qilishdan bosh tortishda davom etmoqda. Haredim loyihasi uchun mas’ul Avigdor Dikshteynning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil iyulidan buyon chaqiruv qog‘ozini olgan 24 000 ultra ortodoksal erkaklardan faqat 1 212 (5 foiz) chaqiruv jarayonini boshlagan.

Haredim partiyalari hukumatga yyeshiva talabalari uchun imtiyozni saqlab qolish maqsadida bosimni kuchaytirdi, bosh vazir Binyamin Netanyahu esa koalitsiyasining qulashi xavfiga duch keldi.

Shas va Birlashgan Tavrot yahudiy partiyalari may oyidan beri Knessetdagi ovoz berishni boykot qilib, hukumatni qonun loyihalarini qaytarib olishga majbur qilmoqda. Natijada, inqiroz nafaqat hal etilmayapti, balki hukumat inqirozi xavfiga olib keldi.

Isroilda erkaklar 32 oy, ayollar 24 oy harbiy xizmat qilishi shart. Shundan so‘ng fuqarolar 40 yoshga to‘lgunga qadar zaxiradagi xizmatga chaqirilishi mumkin.

2023 yil 7 oktyabrdan so‘ng safarbar etilgan zaxiradagilar soni 3-4 barobarga oshdi. Yangi modelga o‘tish bilan rezervchilar endi har yili 2,5 oygacha (72 kun) chaqiriladi.

Biroq, G‘arbiy sohil va G‘azoda operatsiyalarning kuchayishi tufayli bu muddat oshib ketdi, hatto muddatini o‘tagan zaxiradagilar ham armiyaga qaytarildi. Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, uzoq muddatli xizmat charchoqqa olib keladi va qisqa muddatli ta’tillar uchun berilgan erkinlik zaxiradagilarning favqulodda chaqiruvlarga javob berishga tayyorligini pasaytiradi.

Professional askarlar sonining ko‘payishi kuzatilmaganda, armiya zaxiradagilarga tayanishda davom etmoqda. 72 kunlik chegaraning buzilishi armiyada, ayniqsa yuqori qo‘mondonlik shtabida norozilikni keltirib chiqardi.

Tanqidchilarning bosimi ostida Isroil armiyasi yangi modelni ishlab chiqdi: har 3-4 oyda 3-4 haftaga rezervchilarni qisqa muddatli chaqirish. Ammo bu tizim xizmat muddati muammosini hal qilmagani uchun ham tanqidga uchradi. Muddatli harbiy xizmatga chaqiruvning kuchayishi zaxiradagilar uchun oilaviy va moddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi, iqtisodiyot va mehnat bozoriga zarar yetkazadi.

«Biz zaxiradagi askarlarning yukini vaqt o‘tishi bilan qanday kamaytirishni aniqlashimiz kerak. Yiliga 2,5 oy ham juda ko‘p. Bu yil G‘azodagi operatsiya tufayli zaxiradagilarning xizmati yanada uzoqroq bo‘ladi», — dedi Yedioth Ahronoth'ga bergan intervyusida katta ofitser.

Buning yechimi, deydi u, majburiy xizmat muddatini 36 oyga oshirish va muddatli harbiy xizmatni kengaytirishdir. Uning tan olishicha, G‘azoda 10 mingdan ortiq isroillik askar halok bo‘lgan yoki yaralangan, yana minglab askar yaralangan, bu esa qo‘shinlarning keskin tanqisligiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, Isroilning Shimoliy qo‘mondonligi batalonidagi ofitserning aytishicha, qo‘mondonlar talafotlarning oldini olish uchun shaxsiy muammolari bo‘yicha askarlarga ko‘p vaqt ajratadi. Ofitserning qo‘shimcha qilishicha, u shaxsan ish beruvchilarni vaqti-vaqti bilan safarbar qilinadigan zaxiradagilarni ishdan bo‘shamaslikka ko‘ndiradi. Shuningdek, u ba’zi askarlar ajrashish xavfiga duch kelayotganini va shuning uchun ular uyda bo‘lishi uchun uyga yaqin joyda xizmat qilishini aytdi.

Mavzuga oid