Sport | 08:47 / 11.06.2025
21120
3 daqiqa o‘qiladi

JCh saralashi. Falastin alamli tarzda qolib ketdi, Saudiya pley-offda o‘ynaydi

Saudiya Arabistoni o‘z uyida Avstraliyaga yutqazdi va mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma ololmadi, Eron oxirgi turda g‘alaba qozonib, birinchi o‘ringa qaytdi.

Foto: Alaa Al Sukhni/Reuters

10 iyun kuni Osiyo qit’asida JCh-2026 uchinchi saralash bosqichi o‘yinlari yakunlandi.

A guruhida so‘nggi tur o‘yinlari amalda rasmiyatchilik uchun o‘tdi. O‘zbekiston Qatarni yirik hisobda yengib, o‘z tarixida saralash bosqichidagi eng ko‘p ochko (21) jamg‘ardi. Mundial yo‘llanmasidan umid uzib ulgurgan Qirg‘iziston BAAga qarshi o‘yinda 1:1 hisobida durang o‘ynadi, Eron esa KXDRni yirik hisobda yengib (3:0) guruhda birinchi o‘ringa qaytdi.

B guruhi

So‘nggi tur oldidan bu guruhda Janubiy Koreya va Iordaniya to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani hal qilgandi. Faqat 3-4 o‘rin uchun Iroq, O‘mon va Falastin da’vogarlik qilib turgandi.

Iroq so‘nggi turda Iordaniya ustidan zafar quchdi, Falastin va O‘mon o‘rtasidagi kurash esa dramatik tus oldi. Bu o‘yinda Falastinni faqat g‘alaba qoniqtirardi, O‘mon esa durang bilan ham to‘rtinchi o‘rinni saqlab qolishi mumkin edi.

Falastinliklar ikkinchi bo‘lim boshida Uday Harubning goli evaziga hisobni ochgandi, ammo o‘yinga qo‘shib berilgan beshinchi daqiqa tugayotganida mezbonlar darvozasiga penalti belgilandi va Issam Al Sabha penaltini aniq ijro etib, falastinliklarni guruhda qoldirib ketdi.

C guruhi

Bu guruhda esa so‘nggi tur oldidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmalarning faqat bittasi egasini topgandi, Yaponiya ancha oldinroq masalani hal qilgandi. Ikkinchi o‘rindagi Avstraliya va uchinchi o‘rindagi Saudiya Arabistoni o‘rtasida uch ochkolik farq saqlanib qolgandi va so‘nggi turda saudiyaliklar o‘zaro o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozonib, ikkinchi ko‘tarilishi mumkin edi.

Ammo Saudiya o‘z maydonidagi o‘yinda hisobda oldinda borayotib, yutqazib qo‘ydi (1:2) va qo‘shimcha imkoniyatdan foydalanadigan bo‘ldi.

Shu tariqa uchta guruhdan quyidagi jamoalar JCh-2026 turniriga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘ldi: Yaponiya, Eron, O‘zbekiston, Iordaniya, Janubiy Koreya va Avstraliya.

Quyidagi olti jamoa esa pley-offda ishtirok etadi: : BAA, Qatar, Iroq, Ummon, Saudiya Arabistoni va Indoneziya.

Bu olti milliy jamoa 3 tadan 2 ta guruhga bo‘linishadi. O‘ynlar markazlashgan holda o‘tkaziladi. Guruhda 1-o‘rinni olgan terma jamoalar JCh-2026 yo‘llanmasiga ega bo‘lishadi.

Ikkinchi o‘rinni olganlar o‘zar uchrashishadi, g‘olib qit’alararo pley offda yana bitta yo‘llanma uchun harakat qilib ko‘radi. Ya’nikim, Osiyodan yana ikkita yoki uchta terma jamoa JCh-2026 ishtirokchisiga aylanadi.

Mavzuga oid