Iqtisodiyot | 11:48 / 11.06.2025
1348
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda YaIM o‘sishi 6,7 foiz darajasida prognoz qilinmoqda

Prognoz keng qamrovli ma’lumotlar, joriy iqtisodiy tendensiyalar va asosiy tarmoqlar rivojlanishini ko‘rsatuvchi yuqori tezlikdagi indikatorlar tahliliga asoslangan.

Foto: Shutterstock

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025 yilning 1-yarim yilligi uchun O‘zbekistonda YaIM o‘sishini 6,7 foiz darajasida prognoz qilmoqda

O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining (YaIM) joriy darajasi prognozi ilg‘or tahlil usullari va xalqaro tajribani o‘rganishga asoslangan. Markaz iqtisodiy ko‘rsatkichlarni prognoz qilish uchun iqtisodiyotdagi o‘zgarishlarga tez javob berish va kelajakdagi tendensiyalarni bashorat qilish imkonini beruvchi keng qamrovli ma’lumotlarni tahlil qilishga asoslangan noukasting usulidan foydalanadi.

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti doimiy tashqi xavf-xatarlar fonida barqaror va muvozanatli o‘sishni namoyish etmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-mart oylarida mamlakat YaIM 6,8 foizga o‘sdi. Asosiy rivojlanish drayverlari sifatida xizmatlar sohasi, sanoat va qurilish sanoati qayd etildi.

Bozor xizmatlari 12,6 foizga, qurilish ishlari hajmi 10,8 foizga, chakana savdo aylanmasi 9,5 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,5 foizga oshdi, aholining umumiy daromadlari esa 9,8 foizga o‘sdi.

Yanvar-aprel oylarida tashqi iqtisodiy faollikda ham o‘sish kuzatildi: tashqi savdo aylanmasi 24,6 mlrd dollarga yetdi (o‘sish 16,3 foiz), eksport hajmi esa 35,1 foizga o‘sdi va 11,9 milliard dollarni tashkil etdi, import esa 2,9 foizga o‘sdi. Tashqi savdo balansining manfiy saldosi –846 mln dollargacha qisqardi (o‘tgan yilning shu davrida –3,6 mlrd dollar edi).

Joriy yilning aprel oyida markaz tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 1099 birlikni tashkil etdi, bu mart oyiga nisbatan 9,9 foizga hamda 2024 yilning aprel oyiga nisbatan 22,3 foizga sezilarli oshgan.

Joriy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, yuqori investitsion va tashqi savdo faolligini hisobga olgan holda, markaz joriy yilning 1-yarim yilligi yakunida O‘zbekistonda YaIM o‘sishini 6,7 foiz darajasida prognoz qilmoqda. Iqtisodiy o‘sishning prognoz qilingan diapazoni 6,5 foizdan 6,8 foizgacha.

O‘sishning asosiy manbalari quyidagilardan iborat bo‘ladi: sanoat va xizmatlar sohasini kengaytirish, investitsiyalar hajmini oshirish, shu jumladan, joriy yilning yanvar-mart oylarida asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 120 trln so‘mdan ziyodni tashkil etdi, aholining real daromadlari va iste’mol talabining o‘sishi, shuningdek, infratuzilmani takomillashtirish va hududlararo integratsiyani rivojlantirish.

Qo‘shimcha ravishda, rasmiy choraklik ma’lumotlar e’lon qilinguniga qadar YaIM darajasini baholash va prognozlash maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ilg‘or tahlil usullaridan foydalangan holda tahlil olib bordi. Google’dagi qidiruv so‘rovlari ma’lumotlariga tayanilgan holda, joriy yilning yanvar-aprel oylarida “biznes va sanoat” yo‘nalishida (+4,1 foiz), “xaridlar” bo‘yicha (+7,6 foiz) hamda “moliya” sohasida (+3,7 foiz) qiziqishning ortishi kuzatildi. Bu esa bilvosita mamlakatda biznes faolligi va iste’molchilar faolligining ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Aprel oyida yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning 2025 yilda YaIM o‘sishini 6,6 foiz darajasida prognoz qilmoqda, sanoat va xizmatlar hissasini qayd etmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi real daromadlar va ichki talabning o‘sishini ta’kidlab, o‘z prognozini 5,9 foizga oshirdi. Shuningdek, Jahon banki iste’mol talabi, pul o‘tkazmalari va investitsiya faolligiga e’tibor qaratgan holda o‘sishni 5,9 foizda kutmoqda.

Asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarning haftalik monitoringiga asoslangan markaz prognozi iqtisodiyotga ta’sir qiluvchi ichki va tashqi omillarni hisobga oladi. Bu har choraklik rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinishidan oldin YaIM dinamikasini erta baholash va iqtisodiy muhitdagi o‘zgarishlarga tezkor munosabat bildirish imkonini beradi.

Mavzuga oid