O‘zbekiston | 18:51 / 11.06.2025
4482
7 daqiqa o‘qiladi

Qog‘ozda hammasi yaxshi, amalda-chi? Ichimlik suvi ta’minotida keng ko‘lamli kamchiliklar aniqlandi

“Yuksalish” harakati ichimlik suvi va kanalizatsiya ta’minoti bilan bog‘liq 2024 yilgi vazifalar ijrosini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, tanlab olingan 100 ta mahalladan 23 tasida ishlar hali chala, rasmiy hisobotlarda esa “foydalanishga topshirildi” deb ko‘rsatilgan. 28 ta loyiha o‘z vaqtida topshirilmagan. 15 ta mahallada tarmoq tortilganiga qaramay, ta’minot to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. 9 ta loyiha sifatsiz qilingan.

“Yuksalish” harakati 2024 yil yakuni bo‘yicha aholini toza ichimlik suvi va oqova suv bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringini o‘tkazdi.

Prezident farmoniga ko‘ra, o‘tgan yili budjetdan ajratiladigan 1,3 trln so‘m hisobidan 79 ta loyiha doirasida 200 dan ortiq mahallada 1,1 ming km tarmoq va 64 ta inshoot qurish, aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 81 foizga yetkazish, 1,3 mln nafar aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash, 3 mln nafar aholining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash belgilangan.

“Yuksalish” o‘tkazgan monitoring doirasida respublika bo‘ylab 101 ta mahallada davlat budjeti, mahalliy budjetlar va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan 99 ta loyiha tanlov yo‘li bilan o‘rganilib, ichimlik suvi va oqova suv tizimi bilan ta’minlanishi bo‘yicha aholi fikri o‘rganilgan.

Aniqlanishicha:

  • rasmiy hisobotlarda to‘liq bajarilib, foydalanishga topshirilgan deb ko‘rsatilgan 23 ta loyiha doirasida qurilish, rekonstrutsiya qilish va ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan;
  • 28 ta loyiha bo‘yicha obektlar belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmagan;
  • 15 ta mahallada ishlar yakunlangan bo‘lishiga qaramay, ta’minot to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan;
  • 9 ta loyiha bo‘yicha ishlar sifatsiz bajarilgan.

Hujjatda “bitirilgan”, amalda esa chala

“O‘zsuvta’minot” AJ monitoring doirasida o‘rganilgan 99 ta obektdan 67 tasida ichimlik suvi va oqova suv inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash hamda tarmoq tortish ishlari to‘liq bajarilib, foydalanishga topshirilgan va qolgan 32 ta loyiha bo‘yicha qurilish-ta’mirlash ishlari davom ettirilayotgani haqida rasmiy ma’lumot bergan.

Biroq, o‘rganishlar davomida foydalanishga topshirilgan deb ko‘rsatilgan 67 ta loyihaning 23 tasida loyihalar doirasida bajarilishi belgilangan ishlar to‘liq amalga oshirilmagani aniqlandi.

Misol uchun, Asaka tumani “Ergashobod”, “Olaqanot” MFYda, Shahrixon tumanidagi “Bobochek” MFYda qurilish ishlari oxiriga yetkazilmay qolib ketgan.

Vaqtida bajarilmagan yoki chala bajarilgan

28 ta mahallada loyihalar bo‘yicha obektlar belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilmagan yoki qurilish ishlari to‘liq yakunlanmasdan foydalanishga topshirib yuborilgan.

Jumladan, Namangan viloyati Chust tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi “Farovon” ko‘chasida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning oqova suv tizimida montaj ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Al-Xorazmiy” turar joy majmuasida oqova suv tarmog‘i yotqizish va oqova suv inshootida qurilish ishlari yakunlanmasdan xonadonlar foydalanishga topshirilgan.

Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi Baxt, Istiqlol, Ahillik mahallalarida oqova suv tarmoqlarini qurish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa-da, oqova suv tizimi ishga tushmagan.

Sifatsiz bajarilgan

9 ta mahallada qurilish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va tarmoq tortish ishlari sifatsiz amalga oshirilgan.

Masalan, Jizzax viloyati Jizzax shahridagi “Ulug‘bek” va “Kaliya” MFYlarda o‘rnatilgan suv minorasining temir qoplamasi sifatsiz materiallardan tayyorlangani, minoraning ostki qismi nisbatan kichikligi sababli xavfsizlik me’yorlariga mos emasligi ma’lum bo‘ldi.

Namangan viloyati Chust tumanidagi Gulzor mahallasining yangi ko‘p qavatli uyida oqova suv tizimi sifatsiz qurilgani oqibatida yoqimsiz hid va texnik muammolar yuzaga kelmoqda.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida esa 20 kmlik oqova tarmoqlari belgilangan muddatda va me’yorlarga rioya qilinmagan holda qurilgani aniqlandi.

Qurilish tugagan, lekin suv yo‘q

15 ta mahallada loyihalar bo‘yicha qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan bo‘lsa-da, ichimlik va oqova suvi ta’minoti to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan yoki suv ta’minotida uzilishlar mavjud.

Misol uchun, Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi “Zarafshon” MFYda 2024 yilda 1 ta suv inshooti qurilib, 7 ta ko‘p qavatli uyga (jami 70 ta xonadon, 500 ga yaqin aholiga) ichimlik suvi olib kelingan bo‘lsa-da, mazkur mahallada ichimlik suvi 3 kunda bir marotaba yarim soat berilishi, 7 ta ikki qavatli uyda suv ikkinchi qavatgacha chiqmasligi aniqlandi.

Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Dehibaland” MFYning uchta ko‘chasida, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “M.Ulug‘bek”, “Nurafshon”, “Yangi hayot” va “Lutfikor” MFYlarida ham suv kunning ma’lum soatlarida berilishi ma’lum bo‘ldi.

Nazorat yo‘q

Mahallalarni ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida mas’ul idoralar tomonidan dasturlarni amalga oshirish va nazorat qilish ishlari talab darajasida tashkil etilmagan.

Monitoring jarayonida prezident farmonida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarning tuman va shaharlar kesimidagi manzilli ma’lumotlari so‘ralganda, korxona tomonidan bu kabi hisobot yuritilmagani va loyihalar boshqa dasturlar asosida olib borilishi ma’lum qilindi.

Takliflar?

Monitoring jarayonida o‘rganilgan barcha mahallalar aholisi bilan bevosita suhbat jarayonida yuqorida keltirilgan holatlar aholini tashvishga solayotgani ma’lum bo‘ldi.

“Yuksalish” jamoatchilik monitoringi natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish va oldini olish yuzasidan quyidagilarni taklif etmoqda:

  • suv loyihalari bo‘yicha har bir tumanga biriktirilgan texnik muhandislarni QMQ 2.04.02-19 “Suv ta’minoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar” qurilish me’yorlari va qoidalari” bo‘yicha o‘qitish;
  • suv va oqova suv tizimi obektlarini foydalanishga topshirishda “Suvta’minot” AJ texnik mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokini ta’minlash;
  • mas’ul tashkilotlar tomonidan aholini ichimlik suvi va oqova suv bilan ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning ochiq hisobotini yuritish tizimini joriy etish;
  • loyihalarni aniq rejalashtirish va barcha hududlarni qamrab olish, loyihalarni tayyorlashda barcha xonadonlarni qamrab olishni kafolatlaydigan dasturiy ta’minot va monitoring tizimlaridan foydalanish;
  • rejalashtirilayotgan loyihalarda xorij tajribasi asosida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish.

toza ichimlik suvi bilan yetarli darajada ta’minlanganlik – inson huquqi va munosib hayot kafolatidir.

“Yuksalish” harakati toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish – inson huquqi ekanini eslatib, mas’ul idoralar va jamoatchilikni aniqlangan muammolarni hamkorlikda hal etishga, xolis nazorat va samarali islohotlar sari qadam tashlashga chaqirdi.

Mavzuga oid